Jamiyat | 20:10 / 24.01.2019
61741
11 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onacha ko‘chirish. Ichida odam yashayotgan uylar buzilmoqda

Keyingi kunlarda internetda Farg‘ona shahri markazidagi uylar egalari ko‘chmay turib buzilayotgani, bu esa ko‘p yillardan beri yashab kelayotgan uyini tashlab, shahar chekkasidagi hududga ko‘chishni istamayotgan aholining keskin noroziligini keltirib chiqargani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida Farg‘ona shahridagi, xalq tili bilan aytganda «Gidroliznyy» deya ataluvchi mazkur hududga yo‘l oldik.

Farg‘ona shahrining Alisher Navoiy, Sohibqiron Temur va Forobiy ko‘chalari kesishmasida joylashgan 2 qavatli uylar yonidamiz. Bu yerda juda asabiy holat hukm surmoqda. Buning sababiga esa quyida mufassal to‘xtalamiz.

Muammo nimada?

Shu yilning 2 yanvar kuni «Gidroliznyy» shaharchasida joylashgan 12ta ko‘pqavatli uylarda yashayotgan aholiga shahar hokimligi vakillari tomonidan qo‘qqisdan «uylaring snosga tushdi» deya xabar beriladi.

Avvaliga mutasaddilar xonadon egalariga uylari sotib olinishini aytishgan. Keyin esa, birinchi bosqichda buzilishi ko‘zda tutilgan 8ta uydagi 62 xonadon - Farg‘ona shahar, Registon ko‘chasida yangi qurilgan ko‘pqavatli uydagi xonadonlarga ko‘chirilishi bildiriladi.

Xalqda shunday naql bor: «Qushning ham uyasi buzilmasin». Buzilishi kutilayotgan uylarda yashovchi aholining ma'lum bir qismi yangi uylarga ko‘chishni istamaydi. Ma'lum qismi ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib ko‘chib o‘tadi.

Mutasaddilar esa zudlik bilan uylarni buzishga kirishadilar. Ayni paytda, 8ta uy joylashgan hududda bir necha uy butunlay buzilib bo‘lgan, buzish ishlari davom etmoqda. Ajablanarlisi, buzilayotgan uylarda hali ham chiqib ketishni istamayotgan kvartira sohiblari bor.

Ayni paytda hokimlik vakillari ichki ishlar xodimlari bilan xonadondan ko‘chib chiqishni istamayotgan aholi o‘rtasida tushunmovchilik va tortishuvlar kelib chiqqan.

Buzilayotgan uylardagi holat bilan tanishdik. Odamlar uyning tomlari ochilib, elektr va gaz uzilayotganiga qaramay, sovuq kunda o‘z xonadonlarida qolishgan. Ular hokimlik taqdim etgan uylarga ko‘chishni umuman istashmayapti. Masalan, 32-uyda 4ta xonadon yarim buzilgan uyda yashamoqda.

Xo‘sh, aholi nega yangi uylarga ko‘chib o‘tishni istamayapti? 

Vyalshin Milan. 32-uydagi 4 «A» xonadon sohibi
— Shaxsan men yangi uyga ko‘chib o‘tishga qarshi emasman. Faqat, shahar hokimligi tavsiya qilgan xonadon xuddi o‘zimnikidek, shahar markazida bo‘lishi kerak. Hozirgi ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan joyimiz shahar chekkasida. Bu meni qoniqtirmaydi. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, uyimiz buzilyapti, lekin hokimlik bizga xuddi o‘zimiznikidek sharoitdagi yashash joyini topib bergani yo‘q. Uyning tom qismi buzilib bo‘ldi. Agar qor yoki yomg‘ir yog‘sa, ahvolimiz juda chatoq. Ko‘chib chiqib ketmaganlar orasida 90 yoshli qari onaxon ham bor.

Dilfuza Aripova. 40-uy, 5-xonadonda yashaydi
— Bizning oilamiz ham ko‘chib ketgani yo‘q. Sababi, bizga berilishi lozim bo‘lgan uylarni borib ko‘rdim. Shahar chekkasida, transport yo‘nalishidan uzoq, qaysidir zavodning chiqindisi oqqani uchun DSENM yashashga noloyiq deb topgan joylar ekan. Biz farzandlarim, nevaralarim bilan shahar markazida, bog‘chaga, o‘qishga borish uchun shart-sharoitimiz a'lo joyda yashayotgan edik. Shahar hokimligi nega markazda qurilayotgan uylardan bermay, chekka hududdagi uylarni tavsiya qilyapti? Eng yomoni, hozir uyimizni buzayotgan quruvchi yigit uy tomining bir tomoni buzib bo‘lingani, yog‘ingarchilik bo‘lsa, suv ostida qolishimizni aytib ketdi. G‘amda qoldik. 

Uylarni nega buzishyapti?

Yuqorida aytganimizdek, hududga borib, hokimlik mutasaddilari g‘alvaning markazida turganini ko‘rdik. Uylar buzilishini hokimlik va IIB xodimlaridan tashkil etilgan «shtab» vakillarining nazoratida ekan. Jarayonga rahbarlik qilib turgan shahar hokimining o‘rinbosari Sharifjon Niyazmetovga murojaat qilib, undan uylar nega buzilayotganini so‘radik.

«Mana shu uylar o‘rnida janubiy koreyalik tadbirkorlar tomonidan mehmonxonalar kompleksi quriladi. Chet ellik ishbilarmonlar tomonidan bunyod etiladigan 16 qavatli mehmonxona va sog‘lomlashtirish majmualariga 98 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan. Bu yerda yashovchilarni esa, yangi qurilgan uylarga ko‘chiryapmiz. Hozir 62ta xonadondan 47tasi ko‘chib o‘tdi. Ular o‘sha yerdagi sharoitlardan juda xursand. Borib ko‘rishingiz ham mumkin», deydi hokim o‘rinbosari.

Lekin u kishi kamera qarshisida gapirishga rozi bo‘lmadi va o‘zini suratga tushirishga ham ruxsat bermadi.

«O‘zi chiqmagan joyimiz qolmadi. Meni suratga olmang! Savollaringizga javob berayapman-ku?», degan gapidan so‘ng kamerani qaytib unga qaratmadik.

Ayni vaqtda 8ta uyda buzish ishlari ketyapti. Ko‘chib chiqib ketishni istamayotgan aholi bilan esa muammolar juda ko‘p. Uylarni tom qismidan buzish boshlangan. Biroq norozilar ko‘chmay o‘z uylarida yashashmoqda. Mutasaddilar eshikni taqillatib borsa ochmayotgan xonadonlar ham bor.

Hokimlik va aholi o‘rtasidagi kelishmovchilik

Endi asosiy mavzuga o‘tsak. Aholi nimadan norozi?

Ayni paytda ko‘chishni istamayotgan kishilar bilan uzoq suhbatlashdik. Hokimlik tavsiya qilgan uylarga borishni xohlamayotganlar yangi joydagi sharoit qoniqtirmayotganini aytishdi. 

Darhaqiqat, ularning hozirgi joyi Farg‘ona shahrining qoq markazida.

«Onamning yoshi to‘qsondan o‘tdi. Juda ko‘p kasal bo‘ladi. Bizga kasalxona, poliklinika, dorixonalar yaqin bo‘lgan joy zarur. Men yangi uyda qiynalaman. Axir, hozirgi uyimiz shahar markazida bo‘lgandan keyin, bizga markazda qurilayotgan uylar berilishi kerak emasmi? Qon bosimi bilan kasal o‘g‘lim Viktor Aristov mana shu asabbuzarliklar sabab olamdan o‘tdi», -deydi Tatyana Vasileva. 

Viktor onasi va ukasi bilan birga yashagan. Gipertoniya kasalligidan aziyat chekkan. Mojaro vaqtida ahvoli og‘irlashib, shifoxonaga olib borilgan, ammo uning hayotini saqlab qola olishmagan.

Uning qo‘shnisi Maksim Sidorov ham o‘z fikrini bildirdi: «Shaharda yangiliklar bo‘lishi, investorlarning kelishi, yangi-yangi chiroyli binolar qurilishiga qarshi emasmiz. Faqat shahar markazida buzilayotgan uyimiz o‘rniga, shahar markazidan uy berishsa bo‘ldi. Axir Farg‘ona shahri markazida juda ko‘p yangi uylar bityapti-ku?».

38-uyda yashayotgan Akmaljon Ermatov ham hali ko‘chib ketmabdi.

«Avvaliga, hokimiyatdanmiz deb telefon qilishib, uyimiz uchun 17 ming dollar atrofida pul berilsa, rozi bo‘lish-bo‘lmasligimizni so‘rashdi. Keyin Registondagi uylar varianti paydo bo‘ldi. Onam, ayolim va uch farzandim bilan yashayman. Hokimiyat berayotgan hozirgi uylarga emas, shahar markazidan berishsa ko‘chib o‘tamiz. Uylarni borib ko‘rdik. Holati bizga yoqmadi», - deydi u.

Biz bir soat ichida xonadon egalari va hokimlik vakillari o‘rtasidagi tortishuvlarga ham guvoh bo‘ldik.

Odamlar bilan suhbat davomida, shuni angladikki, xonadon egalari ularga shahar markazidan uy tavsiya qilinmaganidan, hali ko‘chib ulgurmasidan uylarini buzishni boshlaganliklaridan norozi.

Hokimlik tavsiya qilgan uylar

«Gidroliznyy»da yashagan 47ta xonadon egalari shahar hokimligi tomonidan berilgan Registon ko‘chasidagi ko‘pqavatli uylarga ko‘chib o‘tibdi. Shahar hokimligi vakillari bilan o‘sha manzilga bordik. Xonadonlarga kirib, yashash sharoitlarini o‘rgandik. Yangi kelganlar bu yerdagi sharoitlardan xursandligini, gaz va elektrdan uzilishlar yo‘qligini aytib o‘tishdi.

Biroq, «Gidroliznyy»da hali Registon ko‘chasidagi uylarga ko‘chib o‘tishni istamagan 12ta xonadon bor. Xonadon egalari va hokimlik vakillari o‘rtasida tortishuvlar davom etmoqda.

Xulosa shuki, Farg‘ona shahar hokimligi mazkur xonadon egalari bilan muzokaralarga kirishib, masalani ijobiy hal qilishning chorasini topishi zarur.   

Odamlar hali istiqomat qilayotgan uylarni, ular ko‘chib chiqmagunlaricha buzishdan to‘xtatib turish lozim. Ularning aytishicha, kunduzi buzish ishlari ketayotgan paytda elektr va gaz uzib qo‘yilib soat 17larda berilmoqda.

Shahar yangi qiyofaga kirsa, investorlar o‘z mablag‘lari bilan zamonaviy binolar, ishlab chiqarish korxonalari qursa, texnologiya olib kirsa, mahalliy aholini ish bilan ta'minlasa qanday yaxshi! Yurtda ketayotgan tub islohotlarning asosiy talabi ham shu.

Biroq, barcha islohotlar va o‘zgarishlar zamirida inson manfaatlari yotadi. Yangi loyihalar boshqa fuqarolarga noqulaylik tug‘dirmasligi, zarar keltirmasligi shart. Mahalliy hokimiyat vakillari esa birinchi navbatda mana shu jihatlarni e'tiborga olishlari zarur.

Holbuki, hokimlik odamlarni majburlab shahar chetidagi, sharoitlari yetarli darajada qoniqarli bo‘lmagan uylarga ko‘chirmasdan, buziladigan uylarni baholab, pulini uy egalariga berganida, six ham kuymasdi, kabob ham. Hech kim vafot etmasdi ham. Uyi uchun yetarli mablag‘ olgan odamlar hech qanday e'tiroz bildirmasdan, shahar markazidan yangi uy sotib olishi, bu mojaro butun dunyoga doston bo‘lmasligi ham mumkin edi.

Elmurod Ermatov, Farg‘ona
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid