Jamiyat | 17:33 / 24.01.2019
8222
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Xitoy yoshlarining loyihasi - “Yosh sardor X” 

22 yanvar kuni “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasidan 38 nafar talaba bilan birga 7 nafar kuzatuvchi doktor va professorlar O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif doirasida “Yosh sardor X” loyihasiga start berilib,  xitoylik va o‘zbekistonlik talabalar o‘rtasida do‘stlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Loyiha ikki davlat talabalari o‘rtasida ta'lim, turizm va innovatsion texnologiya yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashinuvi maydonini yaratadi. 

23 yanvar kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da “Yosh sardor X” loyihasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev, Xitoy Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisining o‘rinbosari Chjan Venchuan hamda delegatsiya a'zolari qatnashdi. 

— 2018 yilning 1 sentabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Bugungi tashrif esa ushbu memorandum ijrosi yuzasidan olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Munisa Nurmatova. — O‘zaro hamkorlikda o‘tkazilayotgan “Yosh sardor X” loyihasida xitoylik talabalar 6 guruhga bo‘lingan holda o‘zbekistonlik talabalar bilan yoshlar turizmini rivojlantirish, ta'lim sohasida innovatsiyalar yaratish va O‘zbekistonga Xitoy investitsiyasini kiritish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini bo‘lishadi.

Tadbirda “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi faoliyati haqida prezentatsiya namoyish etilib, O‘zbekistonga Xitoy investitsiyasini kiritish bo‘yicha fikr-mulohazalar yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov “O‘zbekistonning milliy sharoiti va rivojlanishi” mavzusida ma'ruza qildi. Xitoydan tashrif buyurgan professor Vang Chao O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga oid ma'ruza bilan ishtirok etdi. 

— O‘zbekistonda bir necha bor bo‘lganman. Bu yerda yuritilayotgan yoshlar siyosati menda katta qiziqish uyg‘otgan. Loyiha orqali O‘zbekiston va Xitoy aloqalarini mustahkamlash, Xitoy tajribasini hamkor mamlakatda ham tatbiq etishni ko‘zlaganman, – deydi “Hi China“ dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi ijrochi prezidenti Si Lyu. 

1 fevralga qadar davom etuvchi loyihada delegatlar tomonidan “Amaliy tadqiqotlar va siyosat tuzilmalari” hamda “O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari” mavzusida atroflicha ma'lumot beriladi.  

Bundan tashqari xitoylik talabalar Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib, yoshlar masalalariga qaratilgan islohotlar, yangiliklar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtiriladi. O‘zbekistonning eng diqqatga sazovor tarixiy obidalariga sayohat tashkillashtirilib, milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etiladi.

 

Mavzuga oid