Sport | 21:44 / 25.01.2019
15977
2 daqiqa o‘qiladi

APL klubi yo‘qolib qolgan yangi futbolchisi xaridi uchun pul to‘laydigan bo‘ldi

Angliya premer-ligasining “Kardiff Siti” klubi Fransiyaning “Nant” klubiga 22 yanvarda parvoz vaqtida yo‘qolib qolgan futbolchi Emiliano Salaning transferi uchun pul to‘laydigan bo‘ldi.

Yurist Aleksandra Koenning tushuntirishicha, futbolchining xarid qilinishi bo‘yicha bitim FIFA ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa haqiqiy deb hisoblanadi. Bu holda “Kardiff” endigina xarid qilgan futbolchi uchun “Nant”ga 17 mln yevro to‘lab berishi kerak bo‘ladi. Ma'lum qilinishicha, klublar o‘rtasidagi kelishuv 19 yanvarda tuzilgan va 3 kundan keyin tasdiqlangan.

Shu bilan birga “Kardiff” futbolchini sug‘urtalashga ulgurgan bo‘lsa, to‘liq kompensatsiya olishga umid qilishi mumkin.

22 yanvarda Sala Nantdan Kardiffga xususiy samolyotda uchgan. Samolyot La-Mansh ustidan o‘tayotganda radarlardan yo‘qolib qolgan. Uchuvchi va futbolchini qidirish operatsiyasi 2 kun davom etgan va 24 yanvarda besamar yakunlangan. Ma'lum qilinishicha, samolyot uchuvchisida tijoriy yo‘lovchilarni tashishga litsenziya bo‘lmagan, u faqatgina xususiy parvozlarni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan.

Ayni vaqtda reys tafsilotlari aniqlashtirilmoqda.

28 yoshli futbolchi va 59 yoshli uchuvchi Deyv Ibbotson Piper PA-46 Malibu samolyotida uchishgan.

APL klubi Sala uchun o‘z tarixidagi rekord narxni to‘lagan. Bungacha argentinalik futbolchi faqat Fransiya chempionatida to‘p surgan. 

Mavzuga oid