Jahon | 11:05 / 25.01.2019
19369
4 daqiqa o‘qiladi

Venesueladagi mojaro. Maduro va'da berdi, AQSh harbiy aralashuvni istisno etmadi

Foto: REUTERS / Manaure Quintero

Venesuela tashqi ishlar vaziri Xorxe Arresaning bildirishicha, agar G‘arb muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoni tan olsa, unda siyosatchi Qo‘shma Shtatlarda muzlatib qo‘yilgan mamlakat moliyaviy aktivlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vazirning so‘zlari RIA «Novosti» tomonidan keltirilgan.

Arresaning aytishicha, muxolifat va AQShning «rejasi» aynan shundan iborat.

«Venesueladagi siyosiy muxolifatda ham, AQShda ham, baribir moliyaviy manfaatlar mavjud. Ular Venesuela boyliklariga qo‘llarini tiqishni xohlashmoqda», - dedi Arresa.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, bu birinchi navbatda Venesuela neftiga tegishli. Arresaning xulosa qilishicha, muxolifat va AQSh qonunlarni chetlab o‘tgan holda moliyaviy aktivlarni egallab olishga harakat qiladi.

O‘z navbatida, Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning mamlakat oliy sudi oldidagi nutqida ma'lum qilishicha, u o‘z muddati tugagunga qadar lavozimida qolish niyatida. 

Nikolas Maduro
Foto: Getty Images

Maduroning qayd etishicha, 2025 yilgacha mamlakat yetakchisi vazifalarini bajarishga qasamyod qilgan. Shuningdek, uning ta'kidlashicha, «fuqarolik jamiyati va harbiylar» unga o‘z lavozimida yordam beryapti.

«Men Venesuelada adolat tantana qilishini, tinchlik bo‘lishini, sotsial davlat hurmat qilinishini so‘rayman», - dedi Maduro.

Uning xulosa qilishicha, «adolat» «respublika va vatanni» saqlab qolishga yordam beradi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning The Laura Ingraham Show dasturida ma'lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar o‘z diplomatlarini Venesuelada himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi mumkin. Davlat kotibi intervyusining stenogrammasi Davlat departamenti saytida e'lon qilindi.

Mayk Pompeo
Foto: REUTERS

Dastur boshlovchisi Pompeodan AQShda Venesuelaga qo‘shinlar kiritish bo‘yicha xavotirlar bor yoki yo‘qligi haqida so‘ragan, sababi Rossiya va qator boshqa davlatlar Nikolas Maduroni qonuniy prezident deb hisoblab, bunday qarorga qarshi chiqmoqda.

«Biz fuqarolarimiz xavfsizligiga ishonch hosil qilish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qilamiz», - deya munosabat bildirgan bu so‘zlarga Pompeo.

Shuningdek, Venesueladagi muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoning aytishicha, mamlakat amaldagi prezidenti Nikolas Maduro va unga yaqin shaxslarning «amnistiyasi»ni ko‘rib chiqishi mumkin. Bu agar ular konstitutsiya talablarini bajarsa va tartibni tiklashga harakat qilsa, yuz beradi. Guaydo Univision’ga bergan intervyusida shunday bayonot bilan chiqdi.

Xuan Guaydo
Foto: Carlos Garcia Rawlins / Reuters

Uning qayd etishicha, «amnistiya» masalasi «kun tartibida» turibdi.

«Bu tartibni tiklash uchun Konstitutsiya tomonida turishga tayyor bo‘lgan barcha uchun kafolatdir», - dedi Guaydo.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada politsiya namoyishlarga qo‘shilgani, Kuba va AQSh bayonot bergani xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid