Jamiyat | 16:10 / 27.01.2019
25911
5 daqiqa o‘qiladi

«Davolanish uchun hovlimizning yarmini sotdik». Buyrak operatsiyasiga muhtoj andijonlik Azizbekka yordam zarur

Og‘ir bemor bo‘lgan kishilarda yashash uchun umid uchqunlari saqlanib qoladi. Dardi og‘ir ekanligini, jarrohlik amaliyoti katta mablag‘ evaziga amalga oshishini bilganidan so‘ng imkoniyati yetarli bo‘lmasa, boshqa insonlardan ko‘mak so‘raydi. Chunki uning ham sog‘ayishi va farzandlari kamolini ko‘rib, xalqqa xizmat qilishdan umidi bor.

Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani Dalvarzin qishlog‘i, Dalvarzin mahallasida yashovchi Azizbek Qurbonovning turmush o‘rtog‘i Mahliyoxon erining og‘ir kasalligi bo‘yicha murojaat qilgach, manzilga borib uning holati bilan tanishdik. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Bemor o‘ta og‘ir buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan.

Uning diagnozi: Surunkali glomerulonefrit qo‘zg‘alish davri, ikkilamchi nevroskleroz. Surunkali buyrak kasalligi V-D bosqich. Gipotoniya. Asorati: SBe IV bosqich.

Azizbekda bundan ikki yil oldin holsizlik, bosh og‘rig‘i, entikish, yurak o‘ynashi kabi dardlar paydo bo‘ladi. Uni Andijon Tibbiyot instituti klinik shifoxonasida tekshirib, yuqoridagi diagnozni, oddiy qilib aytganda – “buyrak qurishi” dardiga chalinganini aytishgan.   

“O‘sha paytdan boshlab kasallik bilan kurashishni boshladik. Erim turli dori-darmonlar qabul qiladi. Tizimli ravishda gemodializ olyapmiz. Afsuski, mazkur kasallikni jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkinligini ertaroq bilmadik. O‘sha paytda harqalay mablag‘imiz bor edi. Endi dard borgan sari kuchayib bormoqda. Qoni ham 3,7ga tushib qolgan. Har hafta “dializ” oladi. Dializ bepul bo‘lgani bilan muolaja paytida kerak bo‘lgan dori-darmonlar uchun haftasiga 200 ming so‘m atrofida mablag‘ ketadi. Ahvol og‘irlashgach, ukollarni kateter orqali quyishyapti. Qon bosimi borgan sari pasayib bormoqda. Endi buyrakni almashtirish uchun jarrohlik operatsiyasiga mablag‘ zarur. Akasi Avazbek o‘z buyragini berishga rozi bo‘ldi.  Davolash uchun hovlimizning yarmini sotdik.  Operatsiyaga mablag‘imiz yo‘q. Sizlarning nashringiz orqali ilojsiz qolgan bemorlarning davolanishi uchun xayriyaga mablag‘ yig‘ilayotganini eshitib murojaat qildim. Bor umidimiz saxovatli insonlardan”, deydi ayoli Mahliyoxon.

Azizbek va Mahliyoxonlarning bir nafar o‘g‘il farzandi bor. Uch yoshli Dilyorbek ham shamollagan ekan. Isitmasi borligi uchun bolakayni tasvirga tushira olmadik.

 Shu kungacha ko‘plab umid ilinjidagi bemorlar ehsonli kishilar yordami bilan shifo topdilar.

Azizbekka ham savob istagan insonlardan ko‘mak so‘raymiz. Azizbekning ayoli Mahliyoxon va o‘g‘li Dilyorbeklar jigarining sog‘ayishiga umid bog‘lagan. Ularning baxtli yashashlari uchun hissamizni qo‘shaylik.

 O‘ylaymizki, saxovatli insonlar ushbu maqolamizni bee'tibor qoldirmaydilar.      

Telefon: 998 91 476 59 71

Qurbonov Azizbek nomiga ochilgan karta:

Click/PayMe: 8600 0417 3674 0219 (Agrobank)

MFO: 00049

INN: 200255334

Naqd pul to‘lovlari uchun: 2311 6000 3000000 49500

Pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lovlar uchun: 2312 0000 8000 00049500

Viza karta: 4231 2000 0079 7257(Mahliyoxon Kurbanova, xotini)

Elmurod Ermatov tayyorladi.


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzuga oid