Jamiyat | 19:19 / 28.01.2019
99078
11 daqiqa o‘qiladi

Andijonda vrachga qo‘l ko‘tarishdi. Tibbiyot xodimlarini huquqiy himoya qilish haqida qonun dolzarb(mi!?)

Inson hayoti davomida turli kasalliklarga chalinishi tabiiy hol. Bemor bo‘lmagan, shifokor va tabib yoniga bormagan kimsaning o‘zi yo‘q bo‘lsa kerak. Odam tug‘ilishi bilan ko‘z ochib ko‘rgan birinchi odamlari ham - onasi va shifokor bo‘ladi. Biror joyi og‘rigan kishiga dunyo tor bo‘lib yugurganicha shoshgan joyi esa - shifoxona. 

Tibbiyotchilar bog‘cha, maktab chog‘imizdan bizni sog‘lom bo‘lishimizni nazorat qilib boradilar. Ulg‘aygan sari ularning bizga yaqin do‘st ekanligini anglaymiz. Hech kimga aytmagan sirimizdan ham ular voqif.

To‘g‘risi, jamiyatning ziyolilar sinfiga mansub, faoliyati insonlarga yaxshilik qilishdan iborat bo‘lgan tibbiyot xodimining aholi tomonidan urib kaltaklangani haqida yozishning o‘zi qiyin...

Andijonda voqea qanday sodir bo‘ldi?

Andijondagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi filiali viloyatdagi eng nufuzli muassasalardan biri hisoblandi. Filialda o‘z kasbining ustasi bo‘lgan yuqori saviyali mutaxassislar faoliyat olib boradilar.

Video: Tas-IX


              Video: Youtube      

Shifoxona va IIB xodimlari ma'lumotlariga tayangan holda ro‘y bergan salbiy voqea tafsilotlariga to‘xtalamiz:

25 yanvar kuni yarim kechasi salonida uch kishi bo‘lgan “Kobalt” avtomashinasi Andijonning Xortum qishlog‘i atrofida haydovchi D.T. mast ekanligi sabab yo‘l transport hodisasi sodir etadi. Avtomashina boshqaruvida uning egasi emas, balki do‘sti bo‘lgan. Simyog‘ochga urilib dabdala bo‘lgan “Kobalt”ning salonidagi uch kishidan biri kuchli yana biri yengil tan jarohati olgan edi.

Ulardan ikkitasi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali qabulxonasiga tungi soat 1:18da kirib kelishadi. Murojaat etuvchilarni muassasa navbatchi shifokorlari shoshilinch ko‘rikdan o‘tkazganlarida ulardan birining son suyagi singanligi aniqlanadi.

Ma'lumki, son suyagi singanda bemor ko‘p qon yo‘qotib, “shok” holatiga tushadi. Shifokorlar bemorga zudlik bilan reanimatsion chora-tadbir qo‘llash uchun uni jonlantirish bo‘limiga yo‘naltirishgan. Bemor bilan birga kelgan mast holatdagi D.T esa shifokorlarga: “Nega reanimatsiyaga olib kirasanlar? U og‘ir kasal emas, men uni uyga olib ketaman” deya baqirib, xalaqit bera boshlaydi. Kasalni shifokorlar “jonlantirish” bo‘limiga olib kirib muolajani boshlaydilar. D.T. esa avval rentgenolog vrachni yoniga kirib uni bo‘g‘ib uradi. Yaxshiyam yordamchi kirib, xodimni ajratib qoladi. So‘ng, yo‘lakda navbatchi vrach R.Mga musht otadi. Oqibatda, har ikki tibbiyot xodimi turli darajadagi tan jarohati olgan. Bu orada IIBga xabar beriladi va ular kelib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgach, qonunbuzarni Andijon tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketadilar. Bemor esa RShTYoIM Andijon filialida davolash jarayonida. Hodisa bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Vrachlarcha andisha va oriyat

Hodisadan xabar topgach,IIB va shifoxona vrachlaridan ma'lumot yig‘ish harakatiga tushdik. Andijon shahar ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori o‘zidagi bor ma'lumotlarni taqdim qildi. Inspektordan qonunbuzarlik qachon, qayerda va kim tomonidan sodir etilganligi haqida axborotni oldik.

Biz esa aynan mana shu hodisa sabab aziyat chekkan shifokorlar bilan suhbatlashishga urindik.

Yuqorida aytganimizdek, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali viloyatdagi eng nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri. Bu shifoxona aholi o‘rtasida alohida hurmat va e'tirofga ega. Viloyatning eng sara shifokorlari faoliyat yuritadigan muassasaga bir kunda 500 nafardan ziyod bemorlar murojaat qilar ekan. Filialda 25dan ziyod bo‘lim va ikkita qabulxona mavjud.

O‘sha voqeadan jabr ko‘rgan vrachga telefon orqali savollar berganimizda u ming istihola bilan: “Hech narsa bo‘lmadi. Bemor bilan kelgan odamni ozgina kayfi bor ekan. Dahanaki tortishuv bo‘ldi, xolos. Yuzimdagi iz esa o‘sha paytda, turtilib yiqilganimda bo‘ldi, shekilli”, deya javob berdi. Vrach ming istihola va tortinish bilan o‘ziga qo‘l ko‘targan vijdonsiz, mast-alast kimsani himoya qilardi.

Yana bir jabrlangan rentgenolog mutaxassis bilan esa gaplasha olmadik.

Yana takrorlayman. RShTYoIMda barcha ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tashqi hovli, qabulxonalar, bo‘limlarda kuzatuv kameralari ishlab turibdi. Qarangki, juda ko‘p narsalar kamera nazaridan chetda qolmabdi. Bo‘lib o‘tgan voqeaning bor tafsilotini esa o‘sha kuni qabulxonada navbatchilikda bo‘lgan hamkasblaridan bildik. Ular ham voqealarni ming uyalib aytib berishdi.

Qarang-a?.. Vrach, umuman tibbiyot xodimi jamiyatni oldinga boshlaydigan ziyoli vakili. U ishxonaga shoshilinch ko‘mak so‘rab kelgan odamlarga xizmat qilgani keladi. Birov bilan urishish va mushtlashishga tayyor emas. Shifokorning ishi ezgulik. Lekin, u bir tarbiyasiz va qonunbuzar tomonidan o‘ziga nisbatan qilingan tajovuzni aytishni o‘ziga ep bilmaydi. Nima ham derdik? O‘zbekchilik...

Tibbiyot muassasi rahbarlarining nafaqat boshliq, balki amaliyotdagi vrach ekanligi, rejali jarrohlik operatsiyasi borligi uchun ko‘p vaqtini olmadik.

Faqat, mazkur muassasa xodimlarining shunday voqealar tibbiyot xodimlari bilan juda ko‘p ro‘y berishi haqidagi so‘zlari yurakni ezdi.

Yurtimizda vrachlar ish faoliyatiga xalaqit berish va tajovuz qilish ko‘p uchraydimi?

Mazkur masalada Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatiga murojaat qilganimizda quyidagi javobni taqdim etishdi:

“Bugungi kunda eng og‘riqli masalalarimizdan biri bu bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishidir.

Masalan, oxirgi bir yarim yil ichida birgina shoshilinch tibbiy xizmat tizimida 30 ga yaqin holatda bemor qarindoshlari tomonidan asossiz ravishda ham tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilinib, davlat mulkiga ziyon yetkazilgan.

Vazirligimizga kelib tushgan ma'lumotlarga ko‘ra so‘nggi ikki yil davomida 216 ta salbiy holat sodir etilgan. Undan 39 ta holatda esa jabrlanganlar tomonidan tegishli organlarga murojaat qilingan.

Ma'lumki, jinoyat kodeksida bunday turdagi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar uchun jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.Bugungi kunda ushbu choralarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar kiritish ustida tegishli mutaxassislarimiz ish olib borishmoqda.

Huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yetishmasligi oqibatida vrachni ayblash va unga tajovuz qilishdek holatlar uchrab turibdi.

Bo‘layotgan bu kabi voqealar shifokorlarimizni, xususan, shoshilinch va tez tibbiy xizmat tizimida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining haq-huquqlarini himoyalovchi, kafolatlovchi qonun qabul qilinishi zarurligini ko‘rsatmoqda”.

Tibbiyotchilar himoyaga muhtoj

Biz bo‘lib o‘tgan noxush holat bo‘yicha Andijon IIB tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirilib, aybdorlar tegishli jazosini olishiga shubhamiz yo‘q.

Bugungi kunda xizmat vazifasi paytida bemorning yaqinlari tomonidan tajovuz qilingan yoki haqoratlangan tibbiyot xodimining ijtimoiy va huquqiy muhofazasi yuzasidan me'yoriy hujjatlar ishlab chiqish payti kelgan. Yana mas'uliyatli kasb egalariga nisbatan bugungi jamiyatning munosabatini o‘zgartirishga harakat qilishimiz lozim.

Statistik ma'lumotlar ko‘rsatib turibdiki, shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida bunday holatlar ko‘p uchrab turibdi.

Kuniga 100 nafardan ziyod bemorlar qabul qiluvchi ana shunday muassasalarga shtatli qo‘riqlash xodimi biriktirish zaruriyati tug‘ilgan. Tibbiyot muassasasida forma kiygan qo‘riqlash xodimi bo‘lsa, ana shunday salbiy holatlarning oldi olingan bo‘lar edi..

Jamiyatdagi bugungi rivojlanish bosqichi tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni monitoring qilish, tibbiyot xodimlari faoliyati kafolatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash, ularni ijtimoiy muhofaza qilishning aniq mexanizmlarini joriy etish haqidagi Qonunni qabul qilishga ehtiyoj sezmoqda.

Xulosa o‘rnida

Mushtumzo‘rning harakatidan jabr chekkan vrachning bo‘lgan voqeani aytib berishga istihola qilgani, uyalganini aytdik. Mana shu voqea imi-jimida bo‘lib o‘tib, yopiqliq qozon, yopiqligicha qolishi ham mumkin edi.

Bu qanday gap? Qaysidir mushtumzo‘r kelib, tibbiyot xodimining ish faoliyatiga xalaqit bersa, zug‘um o‘tkazsa, ursa va jazosiz qolaversa...Ertaga nima bo‘ladi. Maktab partasidan vrach bo‘lishni orzu qilayotgan bola bu hurmatsizlikdan so‘ng oq xalat kiyishni o‘ylab ham ko‘rmay qo‘yadi-ku?

Demak, aybdorlarga keskin chora ko‘rish kerak! Bu haqda ko‘p va ho‘p gapirilmoqda. Lekin, ijobiy o‘zgarishlar ko‘rinmayapti.

Yuqoridagi kabi salbiy holatlardan kelib chiqib, tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilishning kafolatlarini mustahkamlash zarurligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Ziyolilarga bo‘lgan munosabatga qarab esa jamiyatning buguni va ertasiga baho berish mumkin.

Elmurod Ermatov,
Andijon

Mavzuga oid