Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ayaks» 2 o‘yinda 10ta gol o‘tkazdi. Bu jamoa «Real»ga qarshilik qila oladimi?
Ikki haftadan keyin Yevropa Chempionlar ligasida nimchorak final o‘yinlari boshlanadi va «Ayaks» bu bosqich doirasida, 14 fevral kuni «Real»ni qabul qiladi.
Guruh bosqichi o‘yinlaridan keyin Erik ten Xag jamoasiga ko‘pchilik ishonch bildirayotgan va bu jamoa amaldagi chempionlarni turnirdan chiqarib yuborishiga ham ishona boshlashgandi. Ammo fevral oyidagi to‘qnashuv yaqinlashgani sari amsterdamliklarda keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat juda past ekani ko‘rinib qoldi.
Erediviziyaning oxirgi ikki turida «Ayaks» jami 10ta gol o‘tkazdi. Bungacha jamoa 17 tur davomida bundan kam - 8ta gol o‘tkazgandi.
YeChL ishtirokchisi 19-tur o‘yinida Rotterdamga safar qilib, «Feyyenoord»ga sharmandalarcha yutqazdi. Avvaliga hammasi amsterdamliklar uchun yaxshi boshlangandi, 8-daqiqada Lassa Shone jarima zarbasini golga aylantirib, hisobni ochdi. Ammo shundan keyin mezbonlarning kombinatsion o‘yini mehmonlar himoya chizig‘ini parokanda qilib tashladi. Amsterdamliklarning asosiy himoyachilaridan biri Nikolas Talyafiko jarohat olgach, uning o‘rnida qishki transferlar vaqtida «Boka Xuniors»dan 9,5 mln yevro evaziga transfer qilingan Lisandro Magalyan harakat qilmoqda va u hali Niderlandiya chempionatiga moslashib keta olmagan bo‘lishi mumkin, ammo u bilan birga 19 yoshli qimmatbaho himoyachi Matteys de Ligt hamda tajribali Deyli Blind ham safda - ularning barchasi bolalarcha qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda. «Ayaks» ikki gol o‘tkazib yuborgach, Hakim Ziyosh hisobni tenglashtirdi, ammo mehmonlarning durang uchun umidini 36 yoshli hujumchi Robin van Persi yo‘qqa chiqardi.
«Arsenal» va «Manchester Yunayted»ning sobiq hujumchisi 15 daqiqa ichida 2 gol urdi va bu gollar amsterdamliklarni sindirdi. Avvaliga van Persi chap qanotdan yorib kirib qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi, ikkinchi epizodda darvozabon hududida chap qanotdan uzatilgan to‘pga bir teginishdayoq uni darvoza to‘riga joyladi. Endi rotterdamliklar sardori joriy mavsumdagi gollari sonini 10taga yetkazib, Erediviziya to‘purarlari safida bormoqda. Katta shov-shuvlar bilan «Barselona»ga o‘tgan Frenki de Yong ham jamoani qutqarish uchun hech narsa qilolmadi.
O‘yinda yakuniy hisob 6:2 ko‘rinishini oldi. Bunday hisoblar Niderlandiya chempionatida ko‘p kuzatiladi, ammo odatda amsterdamliklar shunday hisoblarda g‘alaba qozonishardi. Bunday g‘alabadan keyin rotterdamlik muxlislar Jovanni van Bronkxorstdan mavsum yakunida qolishni so‘rab yolvorishlari tabiiy, bu mutaxassis keyingi 3,5 yilda jamoaga 4ta sovrin olib berdi.
Bitta o‘yinda istalgan jamoa shunday mag‘lubiyatga uchrashi mumkin. Ammo «Ayaks» o‘tgan turda o‘z uyida «Herenven» bilan 4:4 hisobida durang qayd etgandi (o‘shanda jamoa 2 gol ustunligini saqlab qololmagandi). «Real»ga qarshi bunday himoya bilan qarshi turish imkonsiz ish. Endi amsterdamliklar Erediviziya turnir jadvalida peshqadam «PSV»dan (52) 5 ochko ortda qolgan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa o‘tgan mavsumni ham eyndxovenliklarga boy berib, ikkinchi o‘rinni egallagandi.
Eslatib o‘tamiz, YeChLning 1/8 finali doirasidagi dastlabki uchrashuv 14 fevral kuni Amsterdamda o‘tkaziladi, javob o‘yini 6 martga belgilangan.
Mavzuga oid
14:55 / 27.07.2022
Yozning eng uzun seriali. Frenki de Yong atrofidagi voqealar rivoji
20:09 / 07.07.2022
Bir yil avval «Barselona» Messidan ayrilgandi. Endi yana bir yulduzni «MYu»ga sotishi kerak bo‘ladi
03:18 / 16.03.2022
YeChL. «Atletiko» «MYu»ni turnirdan chiqarib yubordi, «Ayaks» ham musobaqani tark etdi
14:01 / 03.05.2021