Jamiyat | 14:10 / 29.01.2019
39250
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroning tarixiy obidalaridagi yozuvlar va chiqindixonaga aylangan istirohat bog‘i - foto

Buxoroning qadim tarixiy va me'moriy obidalari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlarni doimo o‘ziga jalb etib kelgan. Buxoro shahridagi yodgorliklar, tang ko‘chalarini kezganda ajib qadimiylikni his qilib, kishida ajoyib taassurotlar uyg‘onadi.

Ayniqsa, dunyoga mashhur tarixiy obidalar, eng qadimiy va chiroyli yodgorliklar sizga uzoq tarix sahifalaridan so‘zsiz hikoyalar so‘ylaydi.

Ammo tarixiy obidalarni zavq bilan tomosha qilar ekansiz, ayrim yozuvlar ta'bingizni xira qiladi. To‘g‘risi, qadimiy yodgorliklarga ilib qo‘yilgan ba'zi yozuvlarni sayyohlar tugul o‘zimiz ham o‘qiy olmaymiz. Bu yozuvlar o‘ziga xos topishmoqqa o‘xshaydi. Amallab nima yozilganini topib olasiz.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish va sayyohlarni keng jalb etish yuzasidan qator chora-tadbirlar olib borilayotgan bir paytda bu kabi jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘yish faqat sayyohlar kulgisiga sabab bo‘ladi. Ozgina e'tibor bilan hal qilsa bo‘ladigan bu holat tufayli yurtimiz mehmonlari oldida uyalib qolishimiz hech gap emas.

Keling, suratlardagi yozuvlarni siz o‘qishga harakat qilib ko‘ring-chi?

Yozuvlari haminqadar bo‘lgan Buxoro viloyati istirohat bog‘i va uning atrofidagi chiqindi uyumlari sayyohlar va viloyat mehmonlariga yetarli «xulosalar»ni taqdim etadi.

Kunlar isishi bilan sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi. Turizm sohasi mas'ullari, Buxoro viloyati va shahri mutasaddilari bu holatlarni bartaraf etishga jiddiy e'tibor qaratishiga umid qilamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid