Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
De Xeadan Robbengacha. Yozda erkin agentga aylanishi mumkin bo‘lgan 14 futbolchi
2019 yilning yozida ko‘plab taniqli futbolchilarning shartnomalari muddatlari tugaydi va ular erkin agent sifatida boshqa klublarga yo‘l olishi mumkin bo‘ladi. Quyida shunday futbolchilardan 14 nafari haqida so‘z yuritiladi.
David de Xea
Klubi: «Manchester Yunayted»
Ampluasi: Darvozabon
Yoshi: 28
Transfer qiymati (transfermarkt): 70 million yevro
Mavsumning birinchi davrasida David de Xea o‘z o‘yinlari bilan katta taassurot qoldira olmadi. Joze Mourino iste'fosi arafasida «MYu» o‘tkazilgan to‘plar nisbati bo‘yicha eng yomon natijalardan birini qayd etayotgandi va bunda asosiy aybdorlardan biri sifatida ispaniyalik darvozabon ko‘rilayotgandi. Ammo «Tottenhem»ga qarshi yorqin o‘yin shuni ko‘rsatdiki, De Xea «Yunayted»ga hali kerak. Futbolchining o‘zi ham qolishga qarshi emas, The Times ma'lumotiga ko‘ra, u maoshi oshirilishini talab qiladi. Ayni vaqtda uning haftalik maoshi miqdori 200 ming funt, u esa haftasiga 350 ming funt olishni istamoqda. Agar uning talabi qondirilsa, ispaniyalik darvozabon «qizil iblislar»ning boshqa bir futbolchisi - Aleksis Sanches bilan bir qatorda APLning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylanadi.
Antoni Marsiyal
Klubi: «Manchester Yunayted»
Ampluasi: Hujumchi
Yoshi: 23
Transfer qiymati: 60 million yevro
Ed Vudvort va «MYu» rahbariyati nima bilan shug‘ullanayotgani tushunarsiz. Jamoaning bir necha asosiy futbolchisining shartnomasi muddati tugab bormoqda. De Xeadan tashqari, Marsiyal, Jons, Errera, Mata, Andreas Perreyra, Valensiya va Yang shartnomani uzaytirmasa, yozda erkin agentga aylanishi mumkin. Valensiya va Yang 30 yoshdan oshgan va ular yozda jamoani tark etishi haqiqatga yaqin. Qolganlar bilan esa shartnomani uzaytirsa bo‘ladi. Jamoa Mataga yangi bitim taklif qilmoqda, ammo futbolchi bir yillik shartnomaga ko‘nmayapti va Italiyadan bo‘lib turgan takliflardan birini qabul qilishi kutilmoqda. Darmian esa shartnomasini uzaytirmasa, «Yuventus»ga o‘tishi mumkin.
Marsiyal ayni vaqtda 23 yoshda. U ham Mourino bilan ziddiyatga borgan futbolchilardan biri edi (portugaliyalik murabbiy ushbu hujumchini bir safar mashg‘ulotlarga kechikkani uchun jarimaga tortgandi ham), hozir bu ahamiyatga ega emas. Lekin yangi shartnoma bo‘yicha hozircha yangi gap yo‘q: «Men yaxshi yangilikdan umid qilolmayapman. Klub bizga taklif yuborgan, ammo bu bizning istaklarimiz bilan umuman mos emas», degandi o‘tgan yilning dekabrida futbolchining agenti Filipp Lamboli. Ayni vaqtda futbolchiga Ispaniyaning «Sevilya» klubidan jiddiy qiziqish mavjud, ammo «MYu» bosh murabbiyi futbolchi qolishini istamoqda.
Xuan Mata
Klubi: «Manchester Yunayted»
Ampluasi: Yarimhimoyachi
Yoshi: 30
Transfer qiymati: 25 million yevro
5 yil muqaddam futbolchi transferi Angliya futboli tarixidagi rekord transfer bo‘lgandi. Ammo endi bu 30 yosh arafasidagi futbolchi avvalgi kabi samaradorlik ko‘rsata olmaydi. Boshqa tomondan uni «Valensiya» kutmoqda, qolaversa, bu tajribali futbolchini «Barselona», «PSJ» va «Yuventus» kabi klublar ham o‘z safida ko‘rishni istaydi. Jamoaning yangi bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher ispaniyalik futbolchining o‘yinlaridan ko‘ngli to‘lmoqda va uni yana bir mavsum jamoada olib qolishni istamoqda, Xuanning o‘zi esa berilgan takliflarni ko‘rib chiqmoqda, u faoliyatini Italiyada davom ettiprish yoki Ispaniyaga qaytishni ma'qul ko‘rmoqda.
Aaron Remzi
Klubi: «Arsenal»
Ampluasi: Hujumkor yarimhimoyachi
Yoshi: 28
Transfer qiymati: 12 million yevro
«Arsenal» safida 9 yil to‘p surgan futbolchi yangi davrda kerak bo‘lmay qoldi. Futbolchi hamon yuqori sport formasini saqlab qolayotgan bo‘lsada, «kanonirlar»ning yangi bosh murabbiyi Unai Emeri unga asosiy tarkibdan joy bermay qo‘ydi. Ispaniyalik mutaxassis Arsen Vengerdan qolgan tarkibni deyarli butunlay yangilamoqchi, Remzi uchun esa futbol bozorida talabgorlar ko‘p. Futbolchi «Yuventus» variantini tanlagan. U shu yil yozida erkin agent maqomida Turinga yo‘l olishi kutilmoqda.
Adriyen Rabo
Klubi: «PSJ»
Ampluasi: Yarimhimoyachi
Yoshi: 23
Transfer qiymati: 50 million yevro
Rabo - katta talant egasi. Ammo keyingi voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, u faoliyatini «PSJ»da davom ettirishdan ma'no ko‘rmayapti. Kuzda ushbu yosh futbolchi «Barselona»ga o‘tish uchun klubida «isyon boshladi» va shartnomasini uzaytirishdan bosh tortdi. Bunga javoban klub rahbariyati uni o‘rinbosarlar tarkibiga o‘tkazdi, «Barselona» esa uni emas, Frenki De Yongni transfer qilishni ma'qul ko‘rdi. Parijliklar klubi bosh murabbiyi Tomas Tuxel futbolchi bilan kompromissga erishmoqchi edi, ammo futbolchi va agentlar muzokaralarga ko‘nmadi. Endi u yozda erkin agent maqomida boshqa klubga yo‘l oladi, «Liverpul», «Tottenhem», «Chelsi» va «Bavariya» kabi klublar talabgor.
Diyego Godin
Klubi: «Atletiko»
Ampluasi: Himoyachi
Yoshi: 32
Transfer qiymati: 25 million yevro
Godin - Diyego Simeone jamoasi ramzlaridan biri, u «Atletiko»da to‘qqizinchi mavsumini o‘tkazmoqda, u agar bir oyog‘i uzilib tushsa ham maydonga qolishga tayyor bo‘ladi. Ammo klub Gabi bilan bo‘lgani kabi, bu afsonaviy futbolchisini ham qadrlamadi.
O‘tgan yilning yozida «Atletiko»ning bu himoyachisini sotib olish uchun «Manchester Yunayted» ko‘p uringandi, ammo urugvaylik futbolchi Madrid klubiga sadoqat izhor etib, klubda qolishini bildirgandi. Ammo endi u «matraschilar» klubi bilan shartnomasini uzaytirishga rozi emas, bunga faqat 1 yillik shartnoma taklif qilingani sabab bo‘ldi (klub 30 yoshdan oshgan futbolchilarga faqat 1 yillik shartnoma taklif qiladi), u yozda klubni erkin agent sifatida tark etishi kutilmoqda. Ayni vaqtda futbolchi «Inter» bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishib olgani va hatto bo‘lajak klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgani haqida xabarlar tarqalgan. 32 yoshli futbolchi milanliklar bilan 2 yillik shartnoma imzolaydi va yiliga 4,5 million miqdorida maosh oladi. Shuningdek, 6 million yevro miqdorida bonuslar berilishi ko‘zda tutilgan.
David Luiz
Klubi: «Chelsi»
Ampluasi: Himoyachi
Yoshi: 31
Transfer qiymati: 25 million yevro
Bu futbolchi bir yil muqaddam ham klubni tark etishi mumkin edi, u jamoaning avvalgi bosh murabbiyi Antonio Konte bilan «urush olib bordi» va asosiy tarkibdan tashqarida qoldi. Maurisio Sarri davrida esa u asosiy tarkibga qaytdi va joriy mavsumda faqat 1 o‘yinda maydonga tushmadi, qolgan o‘yinlarda esa 90 daqiqadan harakat qildi. O‘tgan haftada «Chelsi» braziliyalik himoyachiga 1 yillik shartnoma taklif qildi, futbolchi hozircha kam muddatli shartnoma uchun rozilik bermagan. Lekin boshqa tomondan, unda Godin bilan bo‘lgani kabi boshqa jozibali takliflar ham yo‘q (u albatta Braziliyaga, ilk jamoasi «Palmeyres»ga qaytishi uchun hali erta). Shunday ekan, oxir-oqibat u bir yillik taklifga ko‘nib, Londonda qolishi kutilmoqda.
Gari Keyxill
Klubi: «Chelsi»
Ampluasi: Himoyachi
Yoshi: 33
Transfer qiymati: 10 million yevro
Yana bir tajribali markaziy himoyachining shartnomasi muddati yakunlanmoqda. Keyxill 33 yoshga chiqqan va Angliya terma jamoasidagi faoliyatini ham yakunlagan. Sarri kelgach, Luizdan farqli ravishda u asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotgan. U joriy mavsumda APLda atigi bitta o‘yinda ishtirok etdi. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, ushbu futbolchiga «Aston Villa», «Monako», «Vest Hem», «Bornmut» va «Kristal Pelas» kabi klublardan takliflar mavjud. U qishki transferlar yakuniga qadar shu klublardan biriga arzimas mablag‘ evaziga transfer qilinishi yoki yozda erkin agent maqomida ketishi mumkin.
Olive Jiru
Klubi: «Chelsi»
Ampluasi: Hujumchi
Yoshi: 32
Transfer qiymati: 15 million yevro
Olive - nostandart hujumchi, u 9ta imkoniyatni ko‘kka sovurishi va o‘ninchisida tovoni bilan yoki yelkasi bilan yoki «chayon uslubi»da gol urishi mumkin. Ko‘zini yumib turib. U maydonda qora ishlarni ham bajaraveradi.
Lekin fransiyalik hujumchining ham London klubidagi vaziyati boshqacharoq. Birinchidan, Jiru Luizdan bir yosh katta, hujumchilarning yoshi ahamiyatga ega, ikkinchidan Olive Premer-liga o‘yinlarida faqat zaxiradan maydonga tushmoqda, u joriy mavsumda atigi bitta gol urgan. Sarri Jiru uning talablariga to‘g‘ri kelmasligi haqida ochiq gapirgan, so‘zlari isboti sifatida u Italiyadan sobiq shogirdi Gonsalo Iguainni olib keldi. Bunday raqobat sharoitida jamoaning boshqa bir yosh hujumchisi Alvaro Morata ham «Chelsi»ni tark etib, «Atletiko» safiga borib qo‘shildi. Jiru yozda o‘ziga yangi klub qidirishi kerak bo‘ladi. Katta ehtimol bilan u Fransiyaga qaytadi.
Aren Robben
Klubi: «Bavariya»
Ampluasi: Hujumkor yarimhimochi
Yoshi: 35
Transfer qiymati: 5 million yevro
U o‘tgan yilning dekabr oyidayoq joriy mavsum «Bavariya» safidagi oxirgi bo‘lishi haqida ma'lum qilgandi.
«Men bu klubda ajoyib 10 yilni o‘tkazdim. Kelajagim borasida o‘ylab ko‘raman», degandi 2013 yilgi YeChL finalidagi «oltin gol» muallifi va Germaniyaning 7 karra chempioni. Kelajakda nima bo‘ladi? Niderlandiyadagi nashrlar u PSV yoki «Groningen» klublaridan biriga qaytishi mumkinligi haqida yozishmoqda. Unda shuningdek, «Inter» varianti ham bor. Oxirgi xabarlarga ko‘ra esa, ushbu 35 yoshli futtbolchi mo‘maygina pul evaziga Yaponiya chempionatida, «Tokio» klubi uchun to‘p surishga ham rozi bo‘lishi mumkin.
Frank Riberi
Klubi: «Bavariya»
Ampluasi: Hujumkor yarimhimoyachi
Yoshi: 35
Transfer qiymati: 4 million yevro
Qachonlardir Robben va Riberi dunyoning eng yaxshi hujumkor yarimhimoyachilari tandemi edi. Endi esa ular faxriy futbolchilarga aylanishdi. O‘tgan yilning mayida fransiyalik futbolchi «Bavariya» bilan shartnomasini 2019 yilning yoziga qadar uzaytirgandi. Ammo myunxenliklar endi bu shartnomani uzaytirmoqchi emas, klub sport direktori Hasan Salihamidjich yanvar oyida Riberi Myunxenda qolmasligini tasdiqladi. Frank Riberi futboldan charchagan ko‘rinadi, u yaqinda jurnalistlar bilan mojaro markazida qoldi. U «Borussiya»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin qimmatbaho restoranga tashrif buyurganini tanqid qilganlarni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qildi. Umuman, u yangi klub topishidan ko‘ra, faoliyatini yakunlashga yaqinroq.
Vensan Kompani
Klubi: «Manchester Siti»
Ampluasi: Himoyachi
Yoshi: 32
Transfer qiymati: 10 million

Kompani bilan yuzaga kelgan vaziyat - zamonaviy futboldagi eng og‘riqli holatlardan biri. Yuqori intellektga va jismoniy ko‘rsatkichlarga ega bu futbolchini tinimsiz jarohatlar holdan toydirdi. Kompani dunyoning eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biri edi, ammo endi uning faoliyati oxirlamoqda. «Siti» esa faqat unga hurmat yuzasidan shartnomani yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
Ayni vaqtda 32 yoshga chiqqan Vensan 2008 yildan buyon «shaharliklar» sharafini himoya qilib kelmoqda.
Dani Alves
Klubi: «PSJ»
Ampluasi: Himoyachi
Yoshi: 35
Transfer qiymati: 3 million yevro
Braziliyalik himoyachi futbolchilik faoliyatini ajoyib o‘tkazdi. U «Barselona», «Yuventus» va «PSJ» bilan jami 40ga yaqin sovrinni qo‘lga kiritdi. Dani Alves hali Angliya chempionatida o‘ynab ko‘rmadi. Ammo yozda bu ham ro‘y berishi mumkin, shu yil yozida uning «PSJ» bilan shartnomasi muddati tugaydi va u sobiq ustozi Xosep Gvardiolaning yoniga - «Manchester Siti»ga borib qo‘shilishi mumkin. Ispaniyalik mutaxassis zaxira o‘rindig‘ida shunday tajribali futbolchi o‘tirishiga qarshi bo‘lmasligi aniq.
Janluiji Buffon
Klubi: «PSJ»
Ampluasi: darvozabon
Yoshi: 40
Transfer qiymati: 1 million
Yanvar oyi oxirida ushbu daho darvozabon 41 yoshni qarshilaydi. Ammo u hamon katta futbolda. Joriy mavsumda u «PSJ» o‘yinlarining qariyb yarmida darvozani qo‘riqladi. Parijliklar u bilan shartnomani yana bir yilga uzaytirishi ham mumkin. Fransuz nashrlarida shunday xabarlar berib turilibdi. Buffon ham bunga rozi, u Fransiyadagi hayotini ajoyib o‘tkazmoqda.