Jamiyat | 11:44 / 29.01.2019
8925
3 daqiqa o‘qiladi

Qamashida bog‘cha va tug‘ruqxonaga ehtiyoj katta

O‘tgan yil 13-14 dekabr kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishib, xalq bilan muloqot qildi. Shuningdek, hududlarni, tumanlarni, jumladan, Qamashi tumanini yanada rivojlantirish borasida muhim tavsiyalarni bergani voha ahlini juda mamnun qildi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasining “2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi tuman taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi. Loyiha xalq deputatlari Qamashi tuman Kengashi tomonidan chuqur va atroflicha o‘rganilmoqda.

Tuman Kengashi deputatlari va faollar ushbu qaror loyihasi Qamashi tumanining ijtimoiy-iqtisodiy, ma'rifiy-ma'naviy hayotida yangi davrni boshlab berishini e'tirof etgani holda qator o‘rinli taklif va mulohazalarni ham bildirishmoqda.

Mehnat faxriysi Ulug‘oy Xolboyevaning qayd etishicha, tumani Do‘stlik MFY hududidagi 1-maktabgacha ta'lim muassasasiga nafaqat ushbu mahalladagi, balki uzoq-yaqindagi mahalla farzandlari ham keladi. Ayni paytda qish-qirovli kunlar bo‘lganligi tufayli ushbu bog‘cha o‘z faoliyatini to‘xtatib turibdi. Negaki, mazkur bog‘cha bundan deyarli 70 yil avval, ya'ni 1950 yilda qurilgan bo‘lib, uning holati ayanchli va xavfli bo‘lganligi uchun muassasaga bolalarning borishi 12 foizni tashkil qiladi.

Ushbu maktabgacha ta'lim muassasasi to‘liq rekonstruksiya qilish, zamonaviy talablarga javob beradigan bog‘chaga aylantirish ushbu mahallada istiqomat qilayotgan aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash yo‘lidagi ezgu ish bo‘ladi.

Qamashi tumanida 260 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Aholi ko‘pligini hisobga olgan holda zamonaviy tug‘ruqxona kompleksini qurish va o‘z vaqtida foydalanishga topshirish ayni kunning muhim vazifasi deb bilaman, deydi tumandagi yana bir mehnat faxriysi Abdurasul G‘ofurov.Shu bois Qamashi shahrida 130 o‘ringa mo‘ljallangan, jahon standartlari darajasida aholiga xizmat ko‘rsatadigan, tibbiyotning eng zamonaviy asbob-uskunalari bilan jihozlangan tug‘ruqxonaning qurilishi va uning Vazirlar Mahkamasining “2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasiga kiritilishi tuman ahlining ko‘nglidagi ish bo‘lardi.

Ta'lim va tarbiya, tibbiy xizmat taraqqiy etsa, o‘sha yurt rivojlanadi. Muhimi, prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlar ko‘lami va natijasi aynan ijtimoiy sohalarda namoyon bo‘ladi.

Mavzuga oid