O‘zbekiston | 15:19 / 30.01.2019
68364
8 daqiqa o‘qiladi

Bosib olishmi yoki musodara qilish? Hokimiyat va Milliy gvardiya «Yangiobod» turbazasidagi holat bo‘yicha izoh berdi 

Foto: Yangiobod turbazasi

Toshkentdan 120 km uzoqlikda, Angren atrofida joylashgan «Yangiobod» turistik bazasi sohiblari Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimovning ushbu obektni davlat foydasiga olib qo‘yish haqidagi  qaroriga sud tartibida e'tiroz bildirishayotganini ma'lum qilishdi.

Ular turbaza hududini O‘zbekiston Milliy gvardiyasi vakillari qurshab olishgani va u yerga hech kimni kiritishmayotgani haqida xabar qilishganidan so‘ng mazkur voqea shov-shuvli tus oldi. Bu bilan mulkni musodara qilish holatida ko‘zda tutilgan qonunchilik va tartib buzilgan.

2019 yil 25 yanvarda hukumatning «davlat ehtiyojlari uchun» olib qo‘yish haqidagi farmoyishiga asosan Toshkent viloyati hokimining  qarori chiqarilgan. «Yangiobod» turistik bazasi hammuassislaridan biri Ali To‘xtayevning so‘zlariga ko‘ra, 22 yanvarda Milliy gvardiyaning sakkiz nafar vakili kelib, xo‘jalikni qurshab olish va qo‘riqlash haqida buyruq borligini aytishadi.

«Ertasi kuni viloyat hokimi o‘rinbosari, Angren hokimligi va Milliy gvardiya vakillaridan iborat butun boshli delegatsiya keldi va baza berilganini e'lon qilishdi. Ular ko‘z o‘ngimda barcha narsani xatlash, hech kimni kiritmaslik va chiqarmaslik haqida buyruq berishdi», – dedi To‘xtayev Kun.uz’ga bergan intervyusida, «ular noqonuniy harakat qilayotganini tushunib turgani uchun» bo‘lib o‘tayotgan voqeani «xotirjam qabul qilganligini» aytarkan.

«Ular bizning ishimizga to‘sqinlik qilishdi va haligacha hududimizda qolishmoqda», – dedi u.

To‘xtayevning ta'kidlashicha, u turbazaning olib qo‘yilishi haqidagi qarorni 26 yanvar kuni olgan. Bir necha kundan so‘ng hokimlik vakillari yurist hamrohligida kelishgan va «hammasini qonuniy qilish kerakligini, shunda hech kim ularning ishlashiga xalaqit bermasligini» aytishgan.

Angren hokimi o‘rinbosari Jasurbek Zayniddinov Kun.uz’ga turbaza hali ham xususiy mulk ekanligini ma'lum qildi. «Biz hokimlik tomonidan cheklov qo‘ymadik, obekt hali ham oldingi egalariga tegishli. U hokim qarori bilan tanishgan», – dedi u.

«[Olib qo‘yilish] sababini oshkor qilolmayman. Bu yopiq ma'lumot. Bu haqdagi ma'lumotga ega emasman. Ammo turbaza hokimlik balansiga o‘tishi kerakligi to‘g‘risida Toshkent viloyati hokimining qarori mavjud. Bularning bari hukumat farmoyishi asosida», – dedi Zayniddinov va turbazaga tashrif buyuruvchilarning qo‘yilmasligi masalasida unga hech kim murojaat qilmaganini qo‘shib qo‘ydi.

U qonunchilikka muvofiq, hokimlik olib qo‘yilgan mulk o‘rniga bir nechta yer uchastkalarini taklif etishi kerakligini tushuntirdi. So‘ngra mulk egalari davlat to‘laydigan kompensatsiyadan kelib chiqib o‘z mulklarini baholatishlari kerak bo‘ladi.

Bosib olish bo‘lganmi?

Bu vaqtda esa ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya vakillarining harakatlari «bosib olish» yoki xususiy mulkni «olib qo‘yish»ga urinish sifatida keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Kuch tuzilmasi vakillari Kun.uz’ga xodimlari o‘sha yerda ekanligini tasdiqlashdi, ammo uning hududi o‘rab olingani yoki tashrif buyuruvchilar qo‘yilmayotganligini inkor qilishdi.

«Bizda ular yozishayotgandek maqsad yo‘q», – deb izohladi Milliy gvardiya vakili. – Vakillarimiz o‘sha yerda. Ular birinchi kuni borishgan va faqatgina hududni ko‘zdan kechirishgan. Ushbu bosqichda bizning ishlarga aloqamiz yo‘q».

Angren hokimi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Ibragimovning qarorida turbaza hokimlik balansiga berilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Shu bilan birga Milliy gvardiya uning o‘rnida harbiy qism qurilishi mumkinligini inkor etmadi.

«Etakda Ohangaron-Angren turistik klasteri tashkil etiladi. Shuningdek, u yerda strategik obekt – suv ombori va GES bo‘ladi. Milliy gvardiya ularni qo‘riqlash ishlarini bajaradi. Bundan tashqari, bizga chegara qo‘shinlariga ko‘mak berish vazifasi ham qo‘yilgan. Tarixga nazar solsangiz, 1999 yilda mazkur hudud orqali terrorchilar hujumi amalga oshirilganini ko‘rasiz. Bu birinchi navbatda davlat xavfsizligi manfaatlariga taalluqli», – dedi ismini oshkor etishni xohlamagan Milliy gvardiya vakili.  

Uning hisoblashicha, turbaza egalari shov-shuvlar orqali o‘zlarining muzokaralardagi mavqelarini kuchaytirishga va kompensatsiya narxini oshirishga urinishmoqda.

«Milliy gvardiya – milliy xavfsizligimiz ustunlaridan birining obro‘siga putur yetkazish holati ham bor. Bu shunchaki so‘zlar emas. Biz jangovar qobiliyatga ega kuch tuzilmasimiz. Agarda Milliy gvardiya sha'niga nomaqbul so‘zlar aytilsa, jamoatchilik ishonchi so‘nadi – bu davlatga qarshi harakat. Ular mana shuni tushunishmayapti», – deydi suhbatdosh.

«Qonuniy mexanizm mavjud, sudga berishsin. Ammo ular hammasini boshqacha izohlashyapti. Bu go‘yoki reyderlikday. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Kuzatish maqsadida odamlar qo‘yilgan, lekin hech kim tashrif buyuruvchilarga to‘sqinlik qilgani yo‘q. Internetda qandaydir uydirmalarni yozishmoqda. Barchasi xavfsizlik maqsadida qilinmoqda», – deb qo‘shib qo‘ydi u.

Milliy gvardiya turbaza uning xodimlari uchun dam olish joyi sifatida kerakligi haqidagi taxminni ham inkor qildi.

«Hech kim turbazadan dam olish zonasi sifatida foydalanishni mo‘ljallagani yo‘q. Biz dam oladigan tashkilot emasmiz. Bir yildan so‘ng u yerda birortasi dam oladigan bo‘lsa, yozib chiqishingiz mumkin. Fojia yasash kerak emas, hech kim u yerni tikanli sim bilan o‘rab olmaydi, hech kim artilleriya yoki o‘tochar qurollar joylashtirmoqchi emas. Biz Mudofaa vazirligi emasmiz. Milliy gvardiya kuchlari turistik mintaqa xavfsizligini ta'minlaydi», – dedi Kun.uz suhbatdoshi.

«Biz noldan tashkil qilinamiz va qandaydir obektlarni olamiz. Bizni binolar emas, strategik joylashuv hududi qiziqtiradi. Tadbirkorning turbazaga kiritgan mablag‘lari esa to‘lab beriladi. Ularning e'tirozlarini tushunsa bo‘ladi. U yerda ko‘p ishlar qilingan va mablag‘ sarflangan», – deb qo‘shib qo‘ydi u.

Ali To‘xtayevning aytishicha, u Milliy gvardiya kuchlarini joylashtirish uchun boshqa joy tanlash bo‘yicha hukumatga murosa yo‘lini taklif qilishga uringan.

«Bu biz uchun shok bo‘ldi, shu bois o‘ylab qoldim: balki murosaga kelsa bo‘lar? Qurilgan narsani nega buzish kerak? Ammo bu savolimizga javobni eshitmadik», – dedi To‘xtayev. 

«Yangiobod» turbazasi egasi Ali To‘xtayev bilan videointervyuni bugun ko‘rishingiz mumkin.

Mavzuga oid