Sport | 19:32 / 30.01.2019
14419
3 daqiqa o‘qiladi

Habib Nurmagomedov UFC bilan aloqalarini uzadi

UFC'ning yengil vazndagi chempioni Habib Nurmagomedovning otasi va murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedov o‘g‘lining Nevada shtati sport komissiyasi tomonidan jazoga tortilgani borasida o‘z fikrini aytdi.

«Komissiya qarori adolatli bo‘ldimi? Diskvalifikatsiya muddati va jarima summasi o‘rtasidagi farqni ko‘rib turibsiz. Bu qarorga qo‘shilmayman. Qarang, Habibning jamoasiga 550 ming dollar jarima yozildi, Makgregorga esa – bor-yo‘g‘i 50 ming. Bu – adolatsizlik, bu yerda ikki tomonga ham birdek qaralmayapti.

Har qanaqasiga bo‘lsa ham, jazo muddatini qisqartirish kerak. Diskvalifikatsiya 9 oydan kamaytirilishi uchun imkoni bor barcha ishni qilamiz. Jamoa qanday fikr aytishini bilmayman. Oldimizda Xabib va Islom Maxachevning  bittadan jangi turibdi. Bu vaziyatda qo‘limizdan nima kelishini aniqlashga zo‘r berib urinyapmiz. Axir komissiya qarorini kutib, qancha vaqt sarfladik – oktabr, noyabr, dekabr o‘tdi, yanvar ham tugayapti. Amalda biz to‘rt oyni boy berdik.

Nima qilish mumkinligi borasida o‘ylab ko‘ramiz. Ammo qarorga rozi emasmiz, uning ikki xil standartlar asosida qabul qilingani kundek ravshan. Habibning UFC'da bitta jangi qoldi. Kim bilandir jang o‘tkazib, undan (UFC promousheni oldidagi majburiyatlardan) xoli bo‘lib olishga harakat qilamiz», – degan Abdulmanap  Magomedovichning so‘zlarini keltirmoqda «R-Sport».

Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni Xabib Nurmagomedov irlandiyalik Konor Makgregorga qarshi jangdan keyin uning ishtirokida chiqqan to‘polon uchun 9 oyga musobaqalardan chetlatilishi va 500 ming dollar miqdorida jarimaga tortilishi ma'lum bo‘lgan edi.

Nevada shtati sport komissiyasi Makgregorga nisbatan ham chora ko‘rgan, u yarim yilga chetlatilgan va 50 ming dollarlik jarimaga tortilgan. Ikkala sportchi uchun ham diskvalifikatsiya muddati 2018 yil 10 oktyabrdan boshlab hisoblanadi.

Nurmagomedovning diskvalifikatsiyasi, agar u bezorilikka qarshi yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturda ishtirok etsa, 3 oyga qisqartirilishi mumkin.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid