O‘zbekiston | 19:43 / 31.01.2019
32503
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyat hokimi: «Darvozangizga bitta chiroq qo‘ying, jinoyatchilikni kamaytirishga hissa qo‘shgan bo‘lasiz»

Jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasiga bag‘ishlangan  yig‘ilishda Toshkent viloyat hokimi odamlarni ko‘cha darvozasining oldiga hech bo‘lmasa bitta chiroq o‘rnatib qo‘yish, shu orqali jinoyatchilikni kamaytirishga hissa qo‘shishga chaqirdi, deb yozadi «Toshkent haqiqati» gazetasi. 

Xabarda mutaxassislarning hisob-kitoblari keltirib o‘tilgan.
Ma'lum qilinishicha, bitta chiroq lampasi yil davomida nari borsa 20 ming so‘m xarajatli elektr sarflaydi. Bu orqali xonadon egasi ham o‘z tinchligini saqlagan, ham jamiyatda salbiy illatlarning kamayishiga hissa qo‘shishi ta'kidlanadi.

Ma'lumot uchun, 2017 yilda ayrim turlar bo‘yicha muayyan hududlarda jinoyatlar soni ancha oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgandi. Jinoyatlarni fosh etish bo‘yicha harakatlar yetarlicha amalga oshirilmayotgani tufayli 4600ta yoki jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlarning 11,4 foizi fosh etilmasdan qolmoqda.

Bundan tashqari davlat xizmatchilari o‘rtasida jinoyat holatlari ham muntazam fosh etilmoqda. Xususan, Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan, 2018 yil davomida 85 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 59 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning barchasi sudlarga oshirilgan.