O‘zbekiston | 00:39 / 01.02.2019
58159
3 daqiqa o‘qiladi

700 investor Tashkent City loyihasida ishtirok etishni xohlamagan

Tashkent City loyihasida 700 investor ishtirok etishni istamagan. Qolaversa, mahalliy banklar ham dastavval loyihaning jozibadorligiga ishonmagan. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Tashkent City qurilish maydonlariga tashkil etilgan press-tur doirasida loyihaga investorlarni jalb qilish jarayoni qanday bo‘lgani xususida so‘zlab berdi. 

«Prezident menga Tashkent City qurilishini 3 yilda tugatish topshirig‘ini berdi. Men 700dan ortiq investor bilan uchrashdim. Ularning barchasi ishtirok etishdan bosh tortdi, chunki loyiha jozibador emas edi. Aholi uylarini buzish, odamlarni ko‘chirish va boshqa muammolar. Sarmoyadorlar buni 3 yilda tugatish mumkinligiga ishonishmadi. Keyin men Murad Buildings va Real House vakillariga loyiha jozibador ekanini tushuntirdim va ularni taklif etdim. Qiyinchiliklarga qaramay, ular rozilik bildirishdi. Xohlardimki, O‘zbekistonda shunday dovyurak tadbirkorlar ko‘paysa. 3 yilda tugashi kerak bo‘lgan loyiha ijrosiga hamma ham kirisha olmaydi», - dedi Ortiqxo‘jayev. 

U, shuningdek, loyihani amalga oshirishda mahalliy banklar ham ishonqiramaganligi, aholi ko‘chirilganidan so‘ng, banklar qiziqish bildirganini ta'kidladi. 

«Dastlab banklar ham rad etdi. Men banklarga borib, boshqaruvchilar bilan gaplashdim. Uylar buzilib, aholi ko‘chirilganidan keyin vaziyat o‘zgardi. Banklar loyihaga qiziqish bildira boshladi. 1 gektar yer maydoni 2 mln AQSh dollariga baholandi. Loyihaning barcha ishtirokchilariga teng sharoitlar taqdim etildi», - deya qayd etdi shahar hokimi.  

Press-tur doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida yirik loyihada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalarning yangidan tashkil etilgani xususidagi masalalarga ham oydinlik kiritildi. Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov kompaniyalar qanday qilib Tashkent City sarmoyadorlariga aylanganini izohladi. 

«Kompaniyalar bir yil, yarim yil avval tashkil etilgani hech qanday rol o‘ynamaydi. Bu dunyoda kuzatiladigan amaliyot. Ko‘pchilik, qandaydir loyihani amalga oshirish uchun yangi tuzilmalar tashkil etadi. «Special purpose vehicle» degan ibora bor. Samarali va ta'sirchan moliyaviy boshqaruvni hamda soliqqa tortishni amalga oshirish uchun yirik kompaniyalar o‘zlarining sho‘'ba korxonalarini tashkil etadi. U yaqinda tashkil etilgan bo‘lishi mumkin, biroq u aynan loyihani samarali boshqarish maqsadida tuziladi. Bunda qandaydir jinoiy alomatlar bo‘lishi mumkin emas», - dedi Laziz Qudratov.

Ma'lum qilinishicha, Tashkent City loyihasini amalga oshirish uchun 6 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Ishchilarning oylik maoshlari 1 mln 400 ming so‘mdan 2 mln 500 ming so‘mgachadir. Bundan tashqari, ish joyida 3 mahal bepul issiq ovqat, har oyda 200 ming so‘mlik oziq-ovqat puli beriladi.

Mavzuga oid