Jamiyat | 14:53 / 05.02.2019
32413
11 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati hokimligi va yirik loyihani amalga oshirmoqchi bo‘layotgan tadbirkor nizosi. Kim haq?

«Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berish siyosatini bundan keyin ham qat'iy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning oldida paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy e'tiborim va nazoratimda bo‘ladi», – deya ta'kidlagan edi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z ma'ruzalarining birida.

Amalda ham shunday bo‘lmoqda. Tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, ularga turli imtiyozlar va qulayliklar yaratilmoqda.

Ammo tan olib aytish kerakki, hanuzgacha ayrim to‘siqlar, anglashilmovchiliklar tufayli o‘z faoliyatini boshlolmayotgan yoki biznes loyihalarini hayotga tatbiq etolmayotgan tadbirkorlar ham uchrab turibdi.

Tadbirkorlarning bu kabi muammolari jurnalistik surishtiruvlar asosida muntazam yoritib kelinmoqda.

Xuddi shu mazmundagi navbatdagi murojaat Navoiy shahridagi «Karmana baraka karvoni» mas'uliyati cheklangan jamiyati ta'sischisi Husniddin G‘aniyevdan kelib tushdi. Ushbu murojaatni joyida o‘rgandik va tadbirkorning e'tirozlarini tingladik.

Tadbirkorning aytishicha, 2017 yilda tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida yirik savdo majmuasi qurish taklifi bilan Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov qabulida bo‘lgan. Viloyat rahbari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, yer ajratish masalasida Karmana tumani hokimiga topshiriq bergan. Barcha hujjatlar tayyor bo‘lgandan so‘ng ushbu yirik loyiha viloyat hokimligi tomonidan turli to‘siqlarga uchragan.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, tadbirkorning loyihasi avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi qurishga mo‘ljallangan.

Tadbirkorning ta'kidlashicha, ushbu yirik loyiha asosida 800ta savdo do‘konidan iborat yirik majmua qurilishi, kamida 1600 kishi ish bilan ta'minlanishi va davlat budjetiga oyiga 800 million so‘m mablag‘ tushishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha haqiqatdan ham viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Karmana tumani yer tanlash va ajratish komissiyasi tomonidan tuman zaxirasida bo‘sh turgan 164 va 165-konturlari ushbu savdo kompleksi qurilishi uchun maqsadga muvofiq deb topilgan.

Navoiy viloyati hokimi nomidan 2017 yil 25 oktyabrda Vazirlar Mahkamasiga 01-03/2099-sonli, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga 01-03/2594-sonli xatlar yuborilgan.

Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan xatda Karmana tumanidagi zaxira yerlardan «Avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi» qurilishi uchun Karmana tumani yer tanlash va ajratish komissiyasi tomonidan tuman zaxirasida sug‘oriladigan yer tanlangani, uni viloyat hokimligiga ajratishda amaliy yordam va Karmana tumanida hududidagi yer maydonini ajratish belgilangan tartibda Hukumat komissiyasida ko‘rib chiqilishi so‘ralgan.

Sababi, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-sonli qaroriga asosan (ayni vaqtda kuchini yo‘qotgan, o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan) o‘rtacha tuman bonitet ballidan 20 foizdan ko‘p bo‘lgan sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari alohida qiymatga ega bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar jumlasiga kirishi hamda ushbu yerlarni korxonalar, binolar va inshootlar qurilishi uchun berish alohida hollarda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Viloyat hokimi nomidan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga yuborilgan xatda «Avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi» qurilishi uchun yerni ajratish masalasida Vazirlar Mahkamasiga murojaat etilgan va ushbu yerni ajratish uchun amaliy yordam so‘ralgan.

Mazkur xatga Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari T.Abdullayev nomidan Navoiy viloyati hokimi nomiga 2018 yil 15 yanvarda 02-05-277-sonli javob xati kelgan. Unda «Avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi»ni qurish uchun Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari talablariga amal qilgan holda belgilangan tartibda amalga oshirilishi qayd etilgan.

Ushbu xatlardan ko‘rinib turibdiki, haqiqatan ham loyiha dastlab viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Karmana tumani yer tanlash va ajratish komissiyasi tomonidan tuman zaxirasida bo‘sh turgan 164 va 165-konturlari ushbu savdo kompleksi qurilishi uchun maqsadga muvofiq deb topilgani tufayli «Avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi» qurish uchun yer ajratish bo‘yicha 2018 yil 29 iyunda Karmana tumani hokimining Q-821-sonli qarori chiqqan. Unda loyiha uchun «Karmana baraka karvoni» MChJga Karmana tumani «Kalavot» mahallasi hududidagi tuman yer zaxiralari 164 va 165-konturidan 8,0 ga, 40 bonitetli ekin yer maydoni ajratilishi belgilangan.

Qarorning 7-bandida «Mazkur qaror viloyat hokimligi huzuridagi Yer uchastkalarini berish (Realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasiga tasdiqlash uchun yuborilsin», 8-bandida esa «Mazkur qaror viloyat hokimligidan tasdiqdan o‘tgandan so‘ng kuchga kirishi belgilab qo‘yilsin», deya qayd etilgan.

Qarorning ushbu bandlari asosida qaror chiqqan kunning o‘zida tegishli hujjatlar viloyat hokimligiga taqdim etilgan. Ammo boshida qo‘llab-quvvatlangan mazkur yirik loyiha ba'zi sabablarga ko‘ra tasdiqlanmagan.

Qolaversa, Karmana tumani hokimi tomonidan «Avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi» qurilishining tarmoq jadvali ham tasdiqlangan.

Viloyat hokimining 2018 yil 3 avgustda Karmana tuman hokimi nomiga yo‘llagan 01-03/1963-sonli xatida loyiha tasdiqlanmaganligiga asos qilib Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 493-sonli qarori qabul qilingani, qarorning 2-bandiga ko‘ra, 2018 yil 1 iyuldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida elektron auksion orqali amalga oshirilishi belgilangani hamda 11-bandi 3-ilovaga muvofiq ba'zi Hukumat qarorlari 2018 yil 1 iyuldan o‘z kuchini yo‘qotgani ko‘rsatilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan va mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomga asosan Yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi viloyat komissiyasining faoliyati to‘xtatilgani qayd etilgan.

Shuningdek, ushbu xatda loyiha tasdiqlanmaganiga hujjatlardagi ba'zi kamchiliklar asos qilib ko‘rsatib o‘tilgan.

Ammo shu o‘rinda aytish joizki, Karmana tumani hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi 2018 yil 29 iyundagi Q-821-sonli qarori asosida loyiha yuzasidan tegishli hujjatlar viloyat hokimligiga taqdim etilganda yuqorida o‘z kuchini yo‘qotgan deyilayotgan Vazirlar Mahkamasining hujjatlari amalda bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyati hokimi Qobiljon Tursunov bilan suhbatlashdik.

Viloyat rahbarining ta'kidlashicha, «Avtomobil va avtoehtiyot qismlari, qurilish mollari savdo majmuasi» qurilishi uchun ajratilishi belgilangan yer boniteti yuqori ekin maydoni hisoblanadi. Shuning uchun ham bu yer tadbirkorlik faoliyati uchun berilmaydi.

Ammo yuqorida viloyat rahbari loyiha uchun o‘sha yer ajratilishida amaliy yordam so‘rab Vazirlar Mahkamasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga xat yo‘llaganini ko‘rsatib o‘tdik.

Ushbu qo‘llab-quvvatlov asosida Karmana tumani hokimining yer ajratish to‘g‘risida qarori chiqdi, loyihani amalga oshirish yuzasidan tuman hokimligining tarmoq jadvali ishlab chiqildi. Yakunda yirik loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lgan tadbirkor arosatda qoldi.

Viloyat hokimi tadbirkorning ushbu loyihasi uchun ekin maydoni bo‘lmagan hududdan yer ajratishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, tadbirkor bilan bu borada yuzma-yuz suhbatlashishini ta'kidladi.

Tadbirkor Husniddin G‘aniyevning aytishicha, ushbu suhbat bo‘lib o‘tgan. Ammo viloyat hokimi unga taklif etayotgan yer chekka, aholi yashamaydigan hudud bo‘lib, u yerda bu loyiha o‘zini oqlamaydi.

Qolaversa, tadbirkor ushbu yirik loyihani bank kreditisiz, o‘z mablag‘lari va rossiyalik investorlar orqali investitsiya jalb qilgan holda amalga oshirmoqchi. Viloyat hokimligi taklif etayotgan hudud investorlarni ham qoniqtirmaydi.

Ekin maydoni va boniteti yuqori deyilayotgan yerni ham ko‘zdan kechirdik. Karmana tumanidagi ushbu konturlar qatorida bir nechta tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan bino va inshootlar qurilib, bugungi kunda foydalanib kelinayotganini ko‘rish mumkin. Nega bu tadbirkorlik sub'yektlariga qurilish qilish uchun yer ajratilganda, uning ekin maydoni ekanligi hisobga olinmagan?

Ushbu holatni viloyat hokimi biz bilan suhbatda bu yerlar avvalgi viloyat rahbarlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga uchun ajratilgani, u rahbarlik qilgan vaqtda bu holat bo‘lmaganini bildirdi.

Tadbirkorning ta'kidlashicha, bu to‘siqqa uchrayotgan loyihalarining yagonasi emas. Xususan, o‘zi ta'sischi bo‘lgan «Do‘rmon-agro-eksport» MChJning meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish loyihasi ham viloyat hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Bu loyiha yuzasidan viloyat hokimi nomiga yo‘llagan xati ham javobsiz qolmoqda. Tadbirkorning aytishicha, bu kabi bir nechta loyihalari bor. Ammo ularni hayotga tatbiq etishda shu kabi to‘siqlarga uchramoqda.

Tadbirkorning murojaati asosida jurnalistik surishtiruvi xolis olib borildi. Tomonlar fikrlari, vajlari va asoslari o‘z holicha keltirib o‘tildi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, yaqinda Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunovning Kun.uz ijodkorlariga bergan intervyusida tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab o‘tgandi. Umid qilamizki, viloyat hokimligi va yirik loyihalarni o‘z hisobidan va investorlarni jalb qilgan holda amalga oshirmoqchi bo‘lgan tadbirkor Husniddin G‘aniyev o‘rtasida yuzaga kelgan ushbu holat o‘zining ijobiy yechimini topadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid