Jahon | 21:50 / 05.02.2019
5044
3 daqiqa o‘qiladi

Yuz yoshgacha sigaretsiz. Havayida chekishga qarshi radikal chora taklif etildi

Havayi orollarida 100 yoshdan kichiklarga sigaret sotishni taqiqlash taklif qilindi.

AQShning Havayi shtati parlamentiga 100 (yuz) yoshdan kichik odamlarga sigaret sotishni bosqichma-bosqich taqiqlash nazarda tutilgan qonun loyihasi kiritilgan. 

Ayni vaqtda Havayida 21 yoshdan kattalarga sigaret sotishga ruxsat berilgan. Qonun loyihasi sigaret sotib olish huquqini beradigan minimal yoshni bosqichma-bosqich — 2020 yilda 30 yoshgacha, 2021 yilda 40 yoshgacha, 2022 yilda 50 yoshgacha, 2023 yilda 60 yoshgacha va 2024 yilda 100 yoshgacha oshirishni nazarda tutadi.

Mazkur tashabbus sigaretlarning inson salomatligiga yetkazadigan zarari bilan asoslangan. Ayni vaqtda ushbu taqiq tarkibida nikotin bo‘lgan boshqa mahsulotlar, xususan, sigara, hidlanadigan tamaki va elektron sigaretlarga taalluqli emas. Qonun loyihasida ta'kidlanishicha, Gavayida 150 mingga yaqin voyaga yetgan shaxs muntazam tamaki chekadi. Arxipelagda jami 1,4 milliondan ortiq odam istiqomat qiladi.

Taqiqni buzgan sotuvchilarga nisbatan 500 dollardan 2000 dollargacha jarima solish taklif qilingan. Sigaret sotib olish va saqlash uchun jazo nazarda tutilmagan.

Bu qonun loyihasi tashabbuskori - shtat vakillik palatasi a'zosi, demokrat Richard Kreygandir. Kasbi shifokor-reanimatolog bo‘lgan bu kishining o‘zi ham o‘tmishda kashanda bo‘lgan.

«Tamakiga qaramlikdan qattiq aziyat chekadigan kishilar guruhi bor. Menimcha, ularni tamaki ishlab chiqaruvchilar o‘ziga qul qilib olgan. Ular chekish o‘limga olib kelishini bilaturib ishlarini davom ettirishadi», degan Kreygan Hawaii Tribune-Herald uchun bergan intervyusida.

Loyihada Havayi shtatida tamaki sotuvidan olinadigan soliq miqdoriga urg‘u qaratilgan. Bu summa yiliga taxminan 100 million dollarni tashkil qiladi. Shtat hukumati tamaki sotuvidan tushadigan daromad hajmi kamayib borishini inobatga olishi kerak bo‘ladi.

Qonun loyihasi tarafdorlari agar loyiha qabul qilinsa, do‘konlarning peshtaxtalari tamaki mahsulotlaridan butkul tozalanishiga ishonishmoqda.

Qayd etish kerakki, Havayi orollarida sigaretga nisbatan AQShdagi eng qattiqqo‘l qonunlar amal qiladi. 2018 yildan boshlab ushbu shtatda 21 yoshdan kichiklarga sigaret sotish taqiqlangan. Holbuki, AQShning aksariyat boshqa shtatlarida 18 yoshdan boshlab bemalol tamaki sotib olishi mumkin. 

Mavzuga oid