O‘zbekiston | 12:56 / 06.02.2019
35584
5 daqiqa o‘qiladi

«Avtotest»ga yana bir hujum. Barcha haydovchilardan malaka oshirganlik to‘g‘risidagi sertifikat talab qilinishiga chek qo‘yilishi kutilmoqda

5 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 135-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qilishdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev telegramdagi kanalida xabar qilgan.

«Haydovchilarning malakasini oshirish va sertifikat olish masalasi ancha muncha muhokamaga sabab bo‘lgan mavzular qatorida bo‘ldi. Turli takliflar va fikrlar bo‘lganligini ham kuzatdik.

Ko‘pchilikning taklifi va haqiqatan ham fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida bugun deputatlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 135-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Ma'lumot uchun: ushbu modda yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarganligi uchun jarima qo‘llashga bag‘ishlangan.

Qonun loyihasining birinchi o‘qishda kiritilgan variantidan farqli ravishda deputatlarning takliflari bilan loyiha ikkinchi o‘qishda qayta ishlanib, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishda zarur bo‘lgan hujjatlar qatorida transport vositalarida faqatgina «yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchining malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati» bo‘lishi zarurligi nazarda tutildi. Ya'ni, barcha yuridik shaxs haydovchilari emas, faqat yo‘lovchi va yuk tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilarning malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lishi haqida gap ketmoqda. 

Shuningdek, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgan guvohnoma o‘rniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda guvohnoma olgan paytdan e'tiboran ikki yillik davr bu talabdan mustasno ekanligi ko‘zda tutilmoqda.

Demak bundan anglashiladiki, yo‘l harakati xavfsizligi inspektori (GAI) hujjatni ko‘zdan kechirishda barcha yuridik shaxslarga tegishli avtotransport haydovchilaridan emas, balki faqat yo‘lovchi va yuk tashishga ixtisoslashgan haydovchilardangina malaka oshirganligi haqida sertifikatni ko‘rsatishni talab qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 4 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining «Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 693-son qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorda 2018 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi va ularga malaka oshirganligi to‘g‘risida «Avtotest Report» MChJning sertifikati topshirilishi belgilangan edi.

Shundan so‘ng hukumatning mazkur qaroriga bir necha marta o‘zgarishlar kiritildi. Xususan, 2018 yilning 1 iyunidan boshlab Avtotest’ning haydovchilar malakasini oshirish bo‘yicha alohida, monopol huquqi tugagan, yuridik shaxslar haydovchilari malakasini oshirish bilan nodavlat ta'lim muassasalari va zarur litsenziyaga ega boshqa kompaniyalar ham shug‘ullanishi mumkin bo‘lgandi. Ammo hamon bunday sertifikatni olish barcha haydovchilar uchun majburiy bo‘lib qolayotgandi.

2018 yilning iyunida esa «O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan, unga ko‘ra, 135-modda birinchi qismi dispozitsiyasidagi «litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi» degan so‘zlardan so‘ng «yuridik shaxslar avtotransport vositalari haydovchilarining malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikati» degan so‘zlar bilan to‘ldirilgan,  135-1-moddaning nomi tahrirlanib, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish hamda haydovchilarni malaka oshirish qonun hujjatlari to‘g‘risidagi talablarini buzish» tarzida bayon etilgan, «Yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilarini malaka oshirish kurslarini o‘tmasdan transport vositalarini boshqarishi, - eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi» belgilangandi.

Qayd etish kerakki, deputatlar va senatorlar bir necha marta «Avtotest-Report» malaka oshirish o‘quv kurslari to‘g‘risidagi qarorga o‘z e'tirozlarini bildirib kelishgandi.

Mavzuga oid