O‘zbekiston | 15:11 / 06.02.2019
86711
5 daqiqa o‘qiladi

Jo‘rabekov nimani katta xato deb hisoblashi va qanday qarorga ta'sir ko‘rsata olmaganini aytdi

Foto: Xalq so‘zi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator, suv xo‘jaligi sohasining yirik mutaxassisi Ismoil Jo‘rabekov “Xalq so‘zi”ga intervyu berdi.

Soha faxriysi o‘z suhbatida Suv xo‘jaligi vazirligi, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi haqida ham aytib o‘tdi.

“Tomchilatib sug‘orishga teng keladigan muqobil usul yo‘q. Davlatimiz rahbari tomonidan yerlarning ko‘p qismida shu texnologiyaga o‘tish masalasi ko‘tarilgani bejiz emas. Uning foydaliligi avval ham ma'lum edi. Lekin joriy etish uchun mablag‘ ham, jihozlar ham, texnika ham yo‘q edi. Endi bo‘lsa, bularning hammasini topish uchun eng yuqori darajada choralar ko‘rilmoqda. Men o‘zim ikkita qo‘shni dalada g‘o‘za qanday yetishtirilayotganiga guvoh bo‘ldim. Bittasida tomchilatib sug‘orish usuli, ikkinchisida esa an'anaviy usul qo‘llanilmoqda. Natijani qarang: birinchi daladan ikkinchisiga nisbatan 35 foiz ko‘proq paxta hosili terib olinibdi va uch baravar kam suv sarflanibdi.

Xitoyda bo‘lganimda bir fermerning dalasi yonida to‘xtab, hosil yetishtirish uchun qancha miqdorda suv sarflashini so‘ragan edim. U “gektariga 3 800 — 4 000 kub metr”, deb javob berdi. Ishonmagan edim, fermer mendan xafa bo‘lib qoldi. Axir bizda o‘shancha joyga 12 va undan ortiq ming kub metr suv sarflanadi-da. Buning siri esa aynan tomchilatib sug‘orishda ekan.

To‘g‘ri, tomchilatib sug‘orish sohasida dunyoda Isroil davlati yetakchilik qiladi, u yerda ushbu texnologiya barcha sug‘oriladigan yerlarning deyarli 75 foizida joriy etilgan. Lekin maydon kattaligi jihatidan oladigan bo‘lsak, u raqobatlasha olmaydi. Masalan, Xitoyda tomchilatib sug‘orish besh million gektardan ziyod maydonlarda, Hindistonda esa ikki million gektar yerda qo‘llaniladi. Bizning mamlakatimizda-chi, bu usul 50 ming gektardan kamroq maydonda joriy etilgan va mazkur ko‘rsatkich barcha sug‘oriladigan yerlarning atigi bir foizdan ziyodrog‘ini tashkil qiladi. Ana endi O‘zbekiston suv tejash bo‘yicha qanday katta salohiyatga ega ekani ko‘rinib turibdi”, - deydi u.

Shuningdek, Ismoil Jo‘rabekov o‘z vaqtida Suv xo‘jaligi vazirligi tugatilganini katta xato deb hisoblashi haqida aytdi.

“Ha, men buni katta xato, deb hisoblaganman va hozir ham shunday deb o‘ylayman. O‘sha vaqtda Suv xo‘jaligi vazirligini tugatishga iloji boricha qarshi chiqqanman. Afsuski, bu qarorga ta'sir ko‘rsata olmaganman. Endi Prezident Shavkat Mirziyoyev Suv xo‘jaligi vazirligini qayta tiklagani va unga eng jiddiy vazifalarni yuklaganidan xursandman. Hech kimni tanqid qilmoqchi emasman-u, ko‘p yillar davomida katta mehnat evaziga qurilgan inshootlar borgan sari yaroqsiz holga kelayotganini ko‘rish biz, irrigatorlar uchun ayanchli edi. Natijada 600 ming gektar yerning meliorativ holati yomonlashdi, 200 ming gektar yer esa umuman foydalanishdan chiqib ketdi. O‘zbekiston uchun 200 ming gektar yer qanday ahamiyatli ekanini bilasizmi? Bu — dasturxonimizni bezashi va eksport qilinishi mumkin bo‘lgan ulkan hajmdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari degani. Bu — yuz minglab ish o‘rinlari degani. Ishonasizmi, ba'zi qishloqlarda suv yo‘q bo‘lgani uchun hayot ham yo‘qoldi, odamlar ish izlab boshqa joylarga ¬ketib qolishgandi. Buni kuzatish naqadar achinarli edi! Endi esa qayta tiklangan melioratsiya tizimi yerni yana jonlantirmoqda, odamlar ham o‘z jonajon yeriga qaytyapti! Mana, davlatimiz rahbari belgilab bergan maqsad. Lekin yo‘qotilgan tizimni qayta tiklashning o‘zigayoq hech bo‘lmaganda 3-4 yil ketadi. Bu davr ichida foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlari tiklanadi va ularda yana dehqonchilik qilib, hosil undirish mumkin bo‘ladi. Yuz minglab gektar yerlarda meliorativ holatni yaxshilash tadbirlari olib boriladi. Men ham o‘z tajribam bilan Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislariga yordam berish orqali bu katta ishga hissa qo‘shishim mumkinligidan xursandman”, - deya aytib o‘tgan I.Jo‘rabekov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ismoil Jo‘rabekov Orolbo‘yidagi aholi davlat yordamiga juda muhtoj ekani haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid