Sport | 21:00 / 07.02.2019
8661
2 daqiqa o‘qiladi

PFL Superliga va Pro-Liga badali miqdorining keskin oshirilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Foto: Tribuna.uz

Professional Futbol Ligasi 2019 yilgi mavsum musobaqalari reglamentining o‘zgargan loyihasini tayyorlab, klublarga taqdim etdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, yangi reglamentga asosan Superliga va Pro-Liga musobaqasida ishtirok etish uchun klublar tomonidan to‘lanadigan badal pullari miqdori keskin oshirilgan.

Xususan, 2019 yilgi mavsum uchun Superligada ishtirok etishning badali 600 000 000 so‘m qilib belgilangan (o‘tgan yili bu qiymat 500 000 000 so‘mga teng edi). 

Bundan tashqari, Pro-Liga A guruhida ishtirok etish badali 250 000 000 so‘m, Pro-Liga V guruhida ishtirok etish badali 100 000 000 so‘m qilib belgilangan. Vaholanki, 2018 yili bu qiymat har ikkala guruh uchun 40 000 000 so‘mni tashkil qilgan edi.

Professional Futbol Ligasi o‘z saytida bu xabarlar yuzasidan izoh berdi va quyidagilarni ma'lum qildi:

«Superligada qatnashish uchun badal puli (futzal va ayollar jamoalari inobatga olinmaganda) 2018 yilda ham 500 000 000 so‘m edi. Futzal va ayollar jamoalari uchun mos ravishda 50 000 000 so‘mdan badal puli to‘langan. Umumiy hisobda jamoalar 600 000 000 so‘m badal puli to‘lashgan.

PFL 2019 yil uchun badal pullari miqdorini aslo oshirgani yo‘q. Badal puli 2019 yilgi mavsumda ham barcha jamoalar uchun (ayollar va futzal jamoalarini ham inobatga olganda) 600 000 000 so‘mni tashkil etadi.

Ta'kidlash lozimki, shu paytga qadar klublar o‘yinga boradigan hakamlar, nazoratchi va komissarlar safar xarajatlarini qoplab kelishgan. Endi PFL klublarni bunday sarf-xarajatlardan ozod qiladi. Jumladan, 2019 yildan boshlab, hakam, nazoratchi va komissarlarning barcha xarajatlarini PFL to‘lab beradi», - deyiladi xabarda.

Qayd qilish joizki, PFL xabarida Pro-Liga klublari uchun badal puli miqdorining keskin oshirilishiga hech qanday izoh berilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid