Sport | 13:45 / 07.02.2019
15734
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Ashurmatov Janubiy Koreya klubiga o‘tdi

Foto: Gwangju FC

«Bunyodkor» himoyachisi Rustam Ashurmatov Janubiy Koreyaning «Gvangju» klubiga o‘tdi. Ushbu ma'lumotni bugun har ikki klub rasman tasdiqladi.

22 yoshli futbolchi gvangjuliklar klubi bilan 2 yillik shartnomaga imzo chekkan.

«Gvangju»ning uslubi menga yoqdi. Jamoamga moslashib, yaxshi o‘yin ko‘rsatish istagidaman», – degan Ashurmatovning so‘zlarini keltirmoqda koreys klubi rasmiy sayti.

Ashurmatov «Bunyodkor» asosiy tarkibida 2015 yili debyut o‘yinini o‘tkazgan. U o‘tgan to‘rt mavsumda chempionatda 91 o‘yin, O‘zbekiston kubogida 19 o‘yin va Osiyo Chempionlar ligasida 13 o‘yinda «qaldirg‘ochlar» sharafini himoya qildi. Bu bahslarda u besh marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.

Rustam o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo va Jahon chempionatlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan. 2018 yil yanvarida Xitoyda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasida (U-23) Osiyo chempionatida chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Rustam Ashurmatov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ham 5ta o‘rtoqlik o‘yinida qatnashgan. 

Ma'lumot uchun, «Gvangju» klubi 2010 yilda tashkil topgan va nufuzi jihatdan Janubiy Koreyada ikkinchi hisoblanmish Key-Liga 2 musobaqasida ishtirok etadi.

Mavzuga oid