Jahon | 09:04 / 07.02.2019
3820
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyaning SoftBank xoldingi Nvidia aksiyalarini 3,3 mlrd dollar foyda bilan sotdi

Foto: The Wall Street Journal

Yaponiyaning SoftBank xoldingiga qarashli Vision Fund jamg‘armasi AQShning Nvidia kompaniyasining o‘ziga tegishli 4,9 foiz aksiyasini sotib yubordi.

Vision Fund AQSh kompaniyasiga investitsiya kiritishini 2017 yil mayida e'lon qilgan. Bloomberg axborot agentligi manbalari o‘shanda jamg‘arma 4,9 foiz aksiyani 4 mlrd dollarga sotib olganini ma'lum qilgan. 

Vision Fund aksiyani o‘rtacha 218 dollardan sotishga muvaffaq bo‘lgan, vaholanki uni 105 dollardan sotib olgan. Shu tariqa yapon xoldingining Nvidia’ga investitsiyalaridan olgan daromadi 3,3 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Oxirgi oylar Nvidia aksiyalari narxi arzonlashmoqda. Kompaniyaning aksiyalari hozirda 2018 yil oktyabrdagi maksimal qiymatga nisbatan deyarli 2 barobarga arzonlashib, 5 fevralda 149,95 dollar turgan.

Yanvar oxirida Nvidia kompyuter ishlab chiqaruvchilari tomonidan grafik protsessorlarga talab pastligi hamda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tarang munosabatlar sababli choraklik daromadlari bo‘yicha o‘z prognozlarini pasaytirgan. 

Mavzuga oid