Jamiyat | 11:49 / 08.02.2019
16328
2 daqiqa o‘qiladi

Discover Invest raddiya berdi

Foto: Discover invest

O‘zbekistondagi eng yirik qurilish loyihasi – Tashkent City’ning bosh pudratchisi, mamlakatdagi yirik developerlik shirkatlaridan biri Discover Invest xorij nashrlaridagi xabarlar yuzasidan raddiya berdi.

«Discover Invest korxonasi, 2019 yilning 7 fevralida internet saytlarida berilgan maqolada va unga ilova qilingan videoda tasvirlangan qurilish obektida korxonamiz tomonidan qurilish ishlari olib borilmayotganligini hamda ushbu obektda Discover Invest korxonasining ishchilari faoliyat yuritmayotganligini ma'lum qiladi.

E'lon qilingan mazkur maqola Xalqaro jurnalistika professional etika tamoyillarini qo‘pol ravishda buzgan holda vaziyatga aniq dalillarga asoslanmagan holda tayyorlanganligini, shuningdek, ushbu maqola muallifining o‘z saytida berib borayotgan shu mavzudagi ketma-ket maqolalarni Discover Invest korxonasiga nisbatan tuhmat va haqorat deb hisoblaymiz.

Ta'kidlashimiz lozimki, Toshkent shahrida olib borilayotgan barcha qurilish maydonini «Discovery Invest korxonasining obekti» deb hisoblash mantiqiy va qonuniy jihatdan noo‘rin va noqonuniy deb baholaymiz.

Discover Invest korxonasi qurilish obektlarini hamda ularda mehnat qiluvchi ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishni istovchilar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat etilganda, ular qurilish obektlari bilan tanishtirilishi mumkinligini ma'lum qiladi», deyiladi raddiyada.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida va fevral oyi boshida «Ozodlik» radiosi saytida Discover Invest tomonidan Toshkentda qurilaëtgan obektlarda ishlash uchun yollangan ishchilar o‘ta qoniqarsiz sharoitlarda, kuniga 12 soatdan ishlayotgani, ovqatlanish va tunash uchun sharoitlar o‘ta abgor holatdaligi haqida materiallar e'lon qilingandi.

Mavzuga oid