Jahon | 15:26 / 08.02.2019
56515
8 daqiqa o‘qiladi

Maduroga surgun xavf solmoqda. Tarixda o‘z yurtidan qochgan 10 prezident

Foto: LigaNews

Venesuelada kechayotgan namoyishlar, yuzaga kelgan qo‘sh hokimiyat, xalqaro hamjamiyatning noroziligi shu paytgacha bu davlatni boshqarib kelgan prezident Nikolas Maduroni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Borgan sari uning tarafdorlari kamayib bormoqda, himoya qilishi lozim bo‘lgan harbiylar orasidan ham muxoliflar chiqmoqda. Yetakchi siyosatchilar Maduroning yaqin vaqt ichida hokimiyatdan chetlashtirilishi yoki mamlakatni tark etishi mumkinligini taxmin qilishyapti.

AQShning Venesuela bo‘yicha maxsus vakili Elliot Abrams ham Maduroga Rossiyadagi do‘stlari yoniga jo‘nab ketishni taklif qildi.

Aytish joizki, Nikolas Maduro shunday yo‘l tutadigan bo‘lsa, o‘z yurtidan qochib ketgan yagona prezident bo‘lmaydi.

Davlat rahbarlarining imkoniyatlari juda katta. Ammo ular orasida ham juda murakkab vaziyatlarga tushib qolganlari talaygina. Tarix o‘z yurtidan qochib ketishga majbur bo‘lgan prezidentlarga avval ham guvoh bo‘lgan.

Fulxensio Batista (Kuba) – 01.01.1959 yil

Foto: AP

Batista 1940 yilda Kuba prezidentligiga kirishdi. Ammo xalq ko‘magi va saylovlar yordamida emas, davlat to‘ntarishi orqali hokimiyatni egalladi. U hukmronlik qilgan yillarda norozilar shafqatsiz jazolandi, bir necha yetakchi siyosatchilar o‘ldirildi yoki bedarak yo‘qoldi. Fidel Kastro va Ernesto Che Gevara boshliq inqilobchilar poytaxt Havanaga kirib kelishganida Batista avvaliga Dominikanaga yashirindi, keyinchalik Portugaliyaga qochib ketdi.

U qolgan umrini ispan kurortlarida rohat-farog‘atda o‘tkazadi va 1973 yili Marbelyada yurak xurujidan vafot etadi.

Muhammad Rizo Pahlaviy (Eron) — 11.02.1979

Muhammad Rizo Pahlaviy, 1967 yil
Foto: Toronto Star

Eronning oxirgi shohi 1979 yilda bu davlatdagi Islom inqilobi natijasida taxtdan ag‘darildi. U topgan-tutganini ko‘tarib, mamlakatni tark etdi. Keyinchalik Qohirada vafot etdi.

Bokassa Jan-Bedel (MAR) – 20.09.1979

Bokassaning toj kiyish marosimi, 1977 yil
Foto: 24 Kanal

Jan Bedel Bokassa 1966 yilning 1 yanvarida davlat to‘ntarishi amalga oshiradi (Yangi yil to‘ntarishi) va avvalgi diktator Dakoni ag‘darib, uni qamoqqa tashlaydi, o‘zini prezident deb e'lon qiladi. 1976 yilda esa o‘zini imperator Bokassa I deb e'lon qiladi. Unga toj kiydirish marosimi 1977 yilning dekabrida o‘tkaziladi.

Bokassani XX asrning eng g‘alati davlat rahbarlaridan biri hisoblashadi. U hatto odamxo‘rlikda ham ayblangan. O‘z davlatining o‘ta qashshoqligiga qaramay Bokassa tilla va olmoslarga ko‘milib yashar, o‘zini qirollardek tutib, 2000 brilliantli toj kiyardi. 1979 yilda maktab o‘quvchilarini o‘qqa tutganidan keyin Yevropa undan yuz o‘girdi va taxtdan ag‘darildi. Shunga qaramay yaqinlari bilan Fransiyaga qochib ketishga ulgurdi, keyinroq Liviyaga ko‘chib o‘tadi.

1980 yilda u sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilinadi, barcha mulki musodara qilinadi. Lekin u kutilmaganda, 1986 yilda vataniga qaytadi, u xalq yana uni taxtga ko‘tarishidan umidvor edi. U 1987 yilda sud tomonidan yana bir bor o‘lim jazosiga mahkum etiladi, ammo 1988 yilda kechiriladi va avvaliga umrbod, keyin bu jazo 12 yillik qamoq jazosi bilan almashtiriladi. U 1993 yilda amnistiya bilan ozodlikka chiqadi, 3 yil o‘tib infarktdan vafot etadi.

Ferdinand Markos (Filippin) – 07.02.1986

Foto: MediaPort

Markos boshqaruvi paytida bu davlatda shaxsga sig‘inish haddan ortiq kuchayib ketdi va 1972 yilga kelib hatto konstitutsiya ham bekor qilindi. Filippinda favqulodda holat e'lon qilgan  Ferdinand Markos siyosiy raqiblarini ayamay turmaga tiqdi, yo‘q qildi. 1986 yildagi prezident saylovlarida yana soxtalashtirish yo‘li bilan g‘alaba qozonganidan keyin mamlakatda harbiy to‘ntarish yuz berdi. Markos avval Havayiga, keyin AQShga qochib ketdi va 1988 yilda vafot etdi.

Jan-Klod Dyuvale (Haiti) – 07.02.1986

Foto: Vikipediya

Bebi Dok laqabli bu inson o‘zini umrbod prezident deb hisoblardi. U 1971 yilda, 20 yoshida Haitining 32-prezidentiga aylangandi. 1986 yilda amaldagi hukumatga qarshi ommaviy noroziliklar boshlandi va ular bostirilishiga qaramay Dyuvale Fransiyaga qochib ketdi. 2011 yilda o‘z xalqi oldida kechirim so‘rab, vataniga qaytdi. Ammo unga moliyaviy firiblar uchun unga qarshi jinoyat ishi ochildi. 2014 yilda Port-o-Prensda vafot etdi.

Alberto Fuximori (Peru) – 13.11.2000

Zamonamizning eng qattiqqo‘l diktatorlaridan biri bo‘lgan Fuximori Peruda konsentratsion lagerlar va «o‘lim eskadronlari» tuzgan, u «xalq dushmanlari»ni ayovsiz qirardi. 2000 yildagi saylovlar oldidan katta qing‘irliklar ma'lum bo‘lib qoldi va mamlakatdagi vaziyat izdan chiqdi. Alberto Fuximori Yaponiyaga qochdi, ammo 2006 yilda Peruga qaytarildi va javobgarlikka tortildi.

Asqar Akayev (Qirg‘iziston) – 05.04.2005

Foto: RIA Novosti

1991 yilda Qirg‘iziston prezidentligiga saylangan Akayev dastlab xalq orasida katta obro‘ga ega edi. Ammo keyinchalik o‘z qarindoshlarini hukumat atrofida to‘plash, iqtisodiy muammolar natijasida 2005 yilda bu davlatda «lolalar inqilobi» bo‘lib o‘tdi. Akayev avval Qozog‘istonga, keyinchalik Rossiyaga qochishga majbur bo‘ldi.

Qurmonbek Bakiyev (Qirg‘iziston) — 15.04. 2010

Foto: kabarlar.org

Aqayevga muxolif sifatida maydonga chiqqan, qator islohotlar o‘tkazishga va'da bergan bo‘lishiga qaramay Bakiyevning o‘zi ham 2010 yilning 7-15 aprelida bo‘lib o‘tgan navbatdagi inqilob natijasida quvg‘inga uchradi va Belarusdan panoh topdi. So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda bu davlat fuqaroligini ham olgan.

Zin al-Obiddin Bin Ali (Tunis) – 17.12.2010

Foto: StanRadar

1987 yilda Birinchi Jasmin inqilobi tufayli hukumat tepasiga kelgan sobiq Ichki ishlar vaziri Bin Ali boshqaruvining ilk davrlarida Tunisda iqtisodiy o‘sish kuzatildi. Ammo yillar o‘tib korrupsiya avj olib ketdi va 2010 yilning 17 dekabrida mevafurush Muhammad Buaziziyning amaldorlar ta'magirligidan bezib, o‘zini yoqib yuborishi ortidan mamlakat bo‘ylab namoyishlar to‘lqini (Ikkinchi Jasmin inqilobi) boshlanib ketdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Bin Ali 1,5 tonna oltin bilan Saudiya Arabistoniga qochib, boshpana oldi va shu kungacha ushbu mamlakatda yashab kelmoqda. Tunisda boshlangan qo‘zg‘olonlar keyinchalik qo‘shni davlatlarga tarqaldi.

2011 yili Bin Ali va rafiqasi namoyishlarni shafqatsiz bostirishda ayblanib, sirtdan 35 yil muddatga qamoqqa hukm qilingan, ularga 65 million dollar miqdorida jarima qo‘llangan. 2012 yilda harbiy tribunal tomonidan bu jazo umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilgan.

Viktor Yanukovich (Ukraina) – 22. 02. 2014

Foto: Kommersant' 

2010 yilda prezidentlikka saylangan Viktor Yanukovich 2014 yilda o‘zi va hukumatiga qarshi namoyishlar davrida ko‘pchilik tarafdorlari bilan birga rus maxsus xizmatlari ko‘magida Rossiyaga qochib ketdi. Yanukovich hozirga qadar ham o‘zining Ukraina prezidenti ekanligini, Poroshenko noqonuniy yo‘l bilan hokimiyatni egallaganini va davlatni inqirozga tushirganini ta'kidlab keladi.

Abror Zohidov tayyorladi

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid