Tadbirkorlar mojarosi. Qashqadaryoda prezidentga ko‘rsatilgan loyiha nega oxirigacha yetkazilmay qolmoqda?
Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridan qiziq murojaat kelib tushdi. Unda murojaatchi qurilishi uchun milliardlab kredit olingan istirohat bog‘i qurilishi oxiriga yetkazilishida sun'iy to‘siqlar paydo bo‘lgani va prezidentga taqdim qilingan loyiha maydonining bir qismi ayrim mansabdor shaxslar tomonidan olib qo‘yilayotganini bayon etgandi. Muammoni joyiga borib o‘rgandik.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017 yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgandi.
Tashrif davomida Qashqadaryo viloyati hududida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bir necha loyiha prezidentga taqdim qilingandi. Shunday loyihalardan biri Qarshi shahrida qurilishi ko‘zda tutilgan «Alisher Navoiy» nomidagi istirohat bog‘i bo‘lib, loyiha «ASINZA-BZ» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Jo‘rayev tomonidan davlat rahbariga namoyish etilgandi.

Jamiyat rahbari loyiha deyarli tugatilgani, biroq bog‘ avtoturargoh maydonining bir qismi ba'zi mansabdor shaxslar tomonidan olib qo‘yilgani haqida gapirdi.
«Prezidentimizning 2017 yildagi Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur istirohat bog‘i loyihasini taqdim qilgandik. Prezident kerakli ko‘rsatmalarni berib ishimizga rivoj tilagandi. Biroq, hozirgi kunda mazkur bog‘ga kirish qismida qurilayotgan avtoturargoh maydonining bir qismi olib qo‘yilmoqda.
Bog‘ga eng zarur joy bu - avtoturargoh. Dam olish kunlari kelgan odamlar o‘z mashinalarini bu joyga qo‘yishi kerak. Yo‘l chetiga qo‘ya olmaydi, YPX xodimlari jarima qo‘llashi mumkin. Avtoturargoh bo‘lmasa, sun'iy tiqilinchlar paydo bo‘ladi. Ko‘pchilik bog‘ga mashinasida keladi. Oilaviy kelganlar o‘z mashinalarini qayerga qo‘yadi?
Avvaliga avtoturargohning umumiy maydoni olib qo‘yildi. Keyin prokuratura protesti bilan bir qismini qaytarib oldik. Lekin to‘liq qaytarib ololmasak, mijozlar kamayib bankrotlik yoqasiga kelib qolishimiz ham mumkin. Milliardlab kreditlarimiz turibdi. To‘lashimiz kerak.
Milliy bank tashabbusi bilan boshlangan loyihamizga 2 million dollardan ortiq kredit ajratilgandi. Chet eldan texnikalar olib kelib o‘rnatganmiz. Prezidentimizga zamonaviy formatda ko‘rsatgandik. Ular bizdek tadbirkorlar ko‘payishini astoydil xohlagandilar. Biroq, mana shunday sun'iy to‘siqlar paydo bo‘laversa biz nima qilaylik? Jar yoqasiga yaqinlashyapmiz. Biror marta tashkilotlarga shikoyat bilan arz qilmagandim. Axiyri murojaat qilishga majbur bo‘ldim», - dedi jamiyat rahbari.
Shundan so‘ng, ikkinchi taraf sifatida «Texnomash» MChJ vakili Xurshid Shukurovdan izoh oldik.

«Dastlab bu loyiha qurilishi uchun shaharda joylashgan 42 gektarli maydonning 5 gektar qismi shahar yer zaxirasiga olingandi. Bu hududda istirohat bog‘i qurilishi ko‘zda tutilgandi. Avtomobil turargoh maydoni ham shu hududning ichida edi.
Avtoturargoh maydoni hududi qurilish boshlanishidan avval qurilish ishlari uchun ko‘mak maqsadida olingandi. Lekin prezidentga taqdim qilinganda, menga qarashli yer ham qo‘shib yuborilgan. Shunda hududimda o‘z qurilishini boshlagan jamiyat rahbariga bog‘landim. U loyiha tasdiqlangani va hudud bog‘ning bir qismiga aylanganini ta'kidladi.
Keyinchalik tegishli sudga berib bu nizoli hudud masalasida sudda ham yutib chiqdik. Nega mas'ul xodimlar mening hududimni loyihaga qo‘shib prezidentga ko‘rsatishganini, ochig‘i tushunmadim. Shu vaqtgacha bu jamiyat bilan hudud masalasida tortishuvimiz bo‘lmagandi. Lekin hozirga kelib katta janjal yuzaga kelmoqda», - dedi jamiyat vakili.
Keyin ikkala tarafdan barcha hujjatlarni olib o‘z jurnalistik surishtiruvimizni boshladik.
2004 yil 16 noyabrda «Qarshi uy-joy sanoat qurilish» jamiyatiga qarashli 29-MKKning «Alisher Navoiy» nomidagi istirohat bog‘idagi 6205 kv.m. yer maydoni «Texnomash» firmasiga sotilgan. Vaqt o‘tgach shahar hokimi I.Asadovning 2005 yil 4 yanvaridagi qarori bilan jamiyatga mazkur hududdagi 5016 kv.m. yer maydoni doimiy foydalanish uchun topshirilgan. Yer maydoni shaharning keyingi hokimi Sh.Tursunovning 2009 yil 27 apreldagi qarori bilan (hudud qaytadan o‘lchanganmi, yo‘qmi, bilmadik), 6204 kv.m. qilib «Texnomash» firmasiga berilgan. 2015 yil 29 mayda bu hudud Qarshi shahar kadastr tomonidan qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Orada nizo vujudga kelgan. O‘sha vaqtdagi xo‘jalik sudi qaroriga asosan shahar hokimi J.Fozilovning 2016 yil 26 dekabrdagi qarori bilan 6204 kv.m. yer uchastkasi jamiyatga mehmonxona va sport maydonchalari qurish uchun ajratib berilgan. Prezident tashrifigacha (2017 yilning fevral oyi) 2016 yilning 28 noyabr kunida hozirgi hokim J.Fozilov davlat rahbariga ko‘rsatiladigan loyiha maydoniga nisbatan (5 gektar hudud uchun) qaror chiqargan.
Uning shahar sxemasida ko‘rsatilgan konturlariga qarasangiz, «Texnomash» firmasi hududi ham avtoturargoh o‘rni sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Loyiha dalolatnomasiga shahar hokimi o‘rinbosari F.Shomurodovdan boshlab barcha mas'ul idoralar imzo chekib, muhrlarini bosgan. Boshqa hujjatlarda ham barcha kerakli ishlar amalga oshirilgan. Va bu loyiha pasport sifatida prezidentga taqdim qilingan. Chunki bog‘ga keladiganlar uchun avtoturargoh juda muhim. Usiz iloji yo‘q. Yo‘qsa, savol tug‘ilishi mumkin. Chunki, bog‘ning asosiy maydonida avtoturargoh o‘rni ko‘rsatilmagan. Bog‘ni katta yo‘lga ulash joyi sifatida nizoli hudud ko‘rsatilgan. Prezidentga buni ko‘rsatishgan, loyiha ularga ma'qul kelgan va qurilishiga ruxsat berilgan.
Aniqlanishicha, shu va boshqa holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi tomonidan 2018 yilning 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205 («hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish»), 207 («mansabga sovuqqonlik bilan qarash») va 228 («hujjatlar, shtapmlar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish») moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan ekan.
Qo‘limizda mavjud ma'lumotlarga tayanib, «Texnomash» MChJ vakiliga savollar bilan qayta yuzlandik. «Qarshi uy-joy sanoat qurilish» jamiyatida egalik huquqi bo‘lmasdan «Texnomash» MChJga yerini sotgan bo‘lishi mumkinligi, garchi oldi-sotdi shartnomasida 6205 kv.m. ko‘rsatilgan maydon ko‘rsatilgan bo‘lsada, sobiq shahar hokimi I.Asadov 5016 kv.m. o‘lchamdagi maydon ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolagani, nima sababdan keyinchalik boshqa hokim Sh.Tursunov davriga kelib maydon qayta hisoblanib, 6204 kv.m. qilib belgilangani haqida so‘radik.
«Mulkimiz haqiqiy egallab turgan joyi 6204 kv.m. bo‘lgani sababli shahar hokimiyatiga murojaat qilganmiz. Vaqt o‘tib bu hududning haqiqiy egallab turgan maydoniga nisbatan hokimning qarori chiqarilgan», - deb izoh berib o‘tdi «Texnomash» MChJ vakili Xurshid Shukurov.
Ma'lumotlarni olgach, izoh olish uchun shahar hokimligiga bordik. U yerdan shahar hokimini topa olmadik. Oz fursat o‘tib shahar hokimi Jamshid Fozilov va Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev oddiy xalq vakillari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar topdik. U yerga borib viloyat hokimiga muammoni tushuntirdik. Viloyat hokimi muammoni «adolatli hal etinglar» deb shahar hokimiga alohida topshiriq berdi. Shahar hokimi holat yuzasidan tushuntirish berib o‘tdi.
«Sud qarori bilan avtoturargoh maydoni «Texnomash» MChJga berilgan. Loyiha o‘sha vaqtda prezidentga ko‘rsatilgan. Ularning tashabbusi bilan bo‘lgan. Agar prokuratura protest keltirib, sud qarori asosida bekor qilsa, mening qarorim ham bekor bo‘ladi. Loyihani Shavkat Mirziyoyevga Milliy bank taqdim etgan. Ko‘rsatishdan avval shahar hokimligidan so‘ramagan. Loyiha bankning krediti evaziga bo‘lgan. Dalolatnomalardagi tafovutga to‘xtalsak, o‘sha vaqtda Milliy bank raisi kelgan vaqtda bir kunda tezlashtirib qilingan ish edi. Qaror osti hujjatining haqiqiysini keyinroq taqdim etganmiz», - dedi u.
So‘ng, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankidan izoh olishga urindik. Saytida ko‘rsatilgan qo‘ng‘iroqlarga ham bog‘lanishga harakat qildik. Hozircha harakatlarimiz samarasiz yakunlandi.
Shu o‘rinda bir necha savollar yuzaga keldi. Nega tashrifdan avval hujjatlar to‘liq o‘rganilmagan? Nima uchun boshqa tadbirkorga tegishli bo‘lgan hudud davlat rahbariga ko‘rsatilgan? Nahotki bundan hech qaysi mansabdor shaxsning xabari bo‘lmagan? Agar prezident kelgunicha mansabdor shaxslarning xabari bo‘lgan bo‘lsa, nega muammoni to‘liq hal etmay turib davlat rahbariga keyinchalik muammo bo‘lishi mumkin bo‘lgan loyiha ko‘rsatilgan? Bu xizmat vazifasini sidqidildan bajarmaslik emasmi? Endi nima bo‘ladi? Tadbirkorning milliardlab mablag‘ sarflagan istirohat bog‘iga kelganlar soni kamayishda davom etadimi? Yoki boshqa tarafdan yangi avtoturargoh uchun maydon ajratiladimi? Atrofi boshqa obektlar bilan o‘ralgan bog‘ga aholi qayerdan kiradi? Hokim loyihani Milliy bank ko‘rsatgan demoqda. Rostdan ham shundaymi? Hokimning o‘zi bilmaganmidi? Yoki o‘sha yerda bo‘lgan boshqa mansabdorlar-chi? Milliy bankning izohi qanday bo‘ladi? «ASINZA-BZ» mas'uliyati cheklangan jamiyati bu hudud oldi-sotdi shartnomasi azaldan noto‘g‘ri tuzilgan deb aytmoqda. Huquqni muhofaza qilish organlari bunga qanday reaksiya bildiradi? Hududdagi prokuratura va sud organlari bunga qanday munosabatda? Ikki tadbirkor orasidagi mojaro qachon va qanday hal etiladi?
Savollar juda ko‘p, ammo hozircha ularning hech biriga to‘liq javob ololmadik.
Lekin bunday savollarga javob berilmas ekan, xalqning olib borilayotgan ijtimoiy islohotlarga, kelajakka ishonchi yo‘qolib boraveradi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Muxbir Zafarbek Solijonov,
tasvirchi Sherzod Egamberdiyev
Tavsiya etamiz
Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv
O‘zbekiston | 22:40 / 08.04.2025
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi
O‘zbekiston | 23:03 / 07.04.2025
Xitoylik tadqiqotchilar Osiyoda yangi zilzilalar kuzatilishidan ogohlantirdi
Jahon | 21:46 / 06.04.2025
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya beriladi
O‘zbekiston | 14:32 / 06.04.2025
Mavzuga oid

16:04 / 26.03.2025
Shahrisabz aeroporti faoliyatini tikladi

23:40 / 14.03.2025
Qashqadaryoda bosqinchilik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi

16:41 / 14.03.2025
Qarshi shahri hududi qariyb 2 barobar kengayadi

20:21 / 12.03.2025