O‘zbekiston | 11:44 / 09.02.2019
26692
4 daqiqa o‘qiladi

Xatolarni tan olmaslik uchun xalqaro tadqiqot va reytinglarda ishtirok etishdan chetlashdikmi?

Bilimlar ekotizimi ma'lum sohaga oid ilmni boshqarish, ulardan rivojlanish maqsadlarida foydalanish, sub'yektlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishda ilmning o‘rnini belgilashda ishlatiladigan tushuncha hisoblanadi.

AQShdagi Harvard Business School, Kolorado davlat universiteti, Ozarboyjon Iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi loyiha rahbari Odiljon Abdurazzoqovning Kun.uz'ga bergan intervyusida ta'kidlashicha, innovatsion ekotizimning uchta asosiy elementi bor. 

«Birinchisi —​ inson omili. 32,5 millionli aholining har biriga kerak bo‘lsa, kreativ fikrlashni o‘rgata olishimiz kerak. Bu borada televideniye bilan loyiha amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, poytaxtdagi va ba'zi viloyatlardagi oliy ta'lim muassasalarining rektor va prorektorlari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Innovatsion yo‘nalishda fikrlash bo‘yicha mulohazalarimizni ular bilan bo‘lishyapmiz», — deydi u. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»ga qaroriga muvofiq, oliy ta'lim muassasalarida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimini joriy etildi. Ushbu lavozimlarga tayinlov O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. 

Odiljon Abdurazzoqovning aytishicha, mamlakatda iqtisodiy resurs qanchalik kam bo‘lsa, innovatsion salohiyat shunchalik yuqori bo‘ladi. 

«Koreya, Finlyandiya, Hindiston ─ bularning barchasida ham davlatning, ham insonlarining iqtisodiy resursi juda cheklangan bo‘lganligi uchun kreativ usulda har tomonlama boyishga, rivojlanishga harakat qilyapti. Shunga qarama-qarshi ravishda Saudiya Arabistoni neftga boy. Lekin u innovatsion rivojlanish bo‘yicha eng quyi pog‘onalardan birida», — deya qayd etadi u.

Har yili e'lon qilinadigan Global innovatsion rivojlanish indeksida O‘zbekiston mavjud emas. Bunga Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning bildirishicha, xatolarni tan olishga to‘g‘ri kelmasligi uchun biz turli xalqaro tadqiqot va reytinglarda ishtirok etishdan chetlashdik.

«Ilm-fan va innovatsiya rivojlangan, yutuqlar bo‘lgan. Biroq natijalar xalqaro ma'lumotlar bazasi va Global innovatsion indeks reytingiga taqdim etilmagan. Agar vaziyatga ochiqchasiga qaraydigan bo‘lsak, bunday yondashuv ilg‘or rivojlanishga turtki bermagan, aksincha, bizni ortga tortgan», — deydi vazir.

Innovatsiyaning yana bir sharti insonlarning shunchaki bilimli bo‘lib qolmasdan, kreativ fikrlashini o‘stirish hisoblanadi, deydi Abdurazzoqov. U tavakkal qilishdan, xatardan qo‘rqish aholiga ko‘p borada pand berishini bildirdi.

«Koreyada tavakkalchilikka bolalar maktab yoshidanoq o‘rgatiladi. Xatardan qo‘rqmaslik, kichik ehtimol bilan ham tavakkal qila olish ko‘nikmalari o‘yinlar orqali shakllantiriladi», — deydi u.

Innovatsion muhitni o‘zgartirish borasida Odiljon Abdurazzoqov Kun.uz'ga bergan intervyusida batafsil aytib o‘tgan. Intervyuni video formatda to‘liq tomosha qilishingiz mumkin. 

Video: TasIX

Video: Youtube

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid