Sport | 18:50 / 11.02.2019
28515
12 daqiqa o‘qiladi

«58-modda» – «Chelsi» sabotajchilar jamoasimi?

Foto: AFP/Getty Images

Sobiq Ittifoqda «katta terror» nomini olgan qirg‘inda barcha millatlarning fikrlaydigan odamlari ayovsiz qirilgan. Odamlarni qamash uchun kichik sabablar ham yetarli bo‘lgan. Agar hech qanday ayb topilmasa, tergovchilar odamlarga «o‘lmas ayblov»ni to‘nkashgan: «58-modda». Jinoyat kodeksining bu moddasi «revolyutsion farovonlik»ga nisbatan sabotaj qilganlarni qamoqqa tiqish uchun eng ko‘p qo‘llanilgan. Shundan 58-modda deganda ko‘pchilik aynan sabotajni tushunadi.

Har kim o‘z yoshligidagi futbolni boshqacha yaxshi ko‘radi. Ayniqsa 90-yillar futbolini bugungi katta avlod entikish bilan eslaydi. O‘ylab qolasan kishi: axir har yili yangi futbolchilar chiqsa, nega kattalar hamon o‘sha xira kadrlardagina saqlanib qolgan futbolni maqtashadi? Bugungi futbolchilarning qiliqlarini ko‘rib sababni topgandek ham bo‘lasan – u vaqtlar futbolchilar faqat futbol haqida o‘ylashgan...

Sabotaj mavzusi zamonaviy futbolda tez-tez tilga olinadi. Biror jamoa sabotaj orqali biror murabbiyni yoki futbolchini ketkazganini hech kim aniq faktlar bilan isbotlay olmaydi, lekin futbol ko‘rib yurgan odam futbolchilarning harakatidan ular o‘z imkoniyatlaridan past o‘ynayotganini sezadi.

Kecha «Chelsi» Premer-Liga 26-turida «Manchester Siti»ga 0:6 hisobida mag‘lub bo‘lganini ko‘rdingiz. «Shaharliklar» 25 daqiqa ichida «Chelsi» darvozasiga 4 ta gol urishdi. APL tarixida o‘zining eng yirik mag‘lubiyatini qabul qilib olgan «Chelsi»da Maurisio Sarrining taqdiri so‘roq ostida qoldi. Abramovich uni katta niyatlar bilan Angliyaga olib kelgandi, lekin yaqinda o‘rtamiyona «Bornmut»ga 0:4 hisobida yengilgan Sarri endi «Siti»dan oltita gol qabul qilib oldi. Birinchi davrada hammani ketma-ket mag‘lub etgan, amaldagi chempion «Manchester Siti»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ygan «Chelsi»ga nima bo‘ldi? Yoki «sarribol» ish bermay qoldimi? Bunga ko‘p sabablarni keltirish mumkin. Ulardan biri sabotaj. «Chelsi» futbolchilari bu tarzda murabbiylarni «haydashni» qoyillatishadi axir.

Birinchi qurbon – «Iuda»

Angliya futboliga qiziqadigan muxlislardan «Qaysi «Chelsi» kuchli, Mourino yarim asrdan so‘ng Premer-Liga taxtiga olib chiqqan «Chelsi»mi yoki Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lganimi?», deb so‘rasangiz, deyarli barcha 2004 yil Mourino qabul qilib olgan «Chelsi»ni tanlaydi. Chunki Lempard, Terri va Drogba kabilar eng zo‘r davrini boshdan o‘tkazgan o‘sha «Chelsi»ning futbolchilari bo‘rttirish bo‘lsa ham, «g‘alaba uchun maydonda o‘lishga tayyor edilar». 2012 yil inqiroz holatida bo‘lishiga qaramay Chempionlar Ligasini yutgan «Chelsi» ham hurmatga munosib, lekin aynan o‘sha futbolchilarning aksari keyinchalik juda xunuk qiliqlar chiqarishdi.

Angliyadagi debyutidayoq «Chelsi»ni ketma-ket ikki marta Premer-Liga g‘olibligiga olib borgan Joze Mourino 2013 yil yana «Chelsi»ga qaytdi. Birinchi urinishda kuchli uchlikka kirgan Joze ikkinchi mavsumda (2014/15) «Chelsi»ni yana Angliya chempioniga aylantiradi. Bir qarashda 2015 yil Joze uchun yana top darajaga ko‘tarilish yilidek ko‘ringandi, lekin aynan o‘sha yil u uchun «Chelsi»dagi oxirgisi bo‘ldi.

Avvaliga futbolchilar va murabbiyning orasi yaxshi emasligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bunday xabarlarga «nyusmeyker» bo‘lishni futbolchilarning agentlari do‘ndirishidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Mourino futbolchilarni intervyularida ochiqchasiga tanqid qila boshladi. Jon Terri, Branislav Ivanovich va Gari Keyxill faoliyatidagi eng yomon mavsumini o‘tkazayotganini aytgan Joze «olovga moy sepdi». U o‘zining sevimli shogirdi Nemanya Matichni ham ayab o‘tirmay tanqid qilgandi. Mourino shunchalik asabiylashdiki, o‘yinlardan birida futbolchiga juda uzoq vaqt yordam ko‘rsatgani uchun klub shifokori Yeva Karneyroga ham baqirdi.

Murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi mojaroning asosiy «qahramoni» Diyego Kosta bo‘lgandi. O‘yinlardan birida Kosta almashtirilgani uchun Mourino tomonga kiyimini ham uloqtirgandi. Eden Azar ham murabbiydan norozi ekanini ochiqchasiga ko‘rsatib juda yomon o‘yin ko‘rsatdi. Oqibatda «Chelsi» Premer-Liganing 16-turiga kelib 16-pog‘onada qolib ketdi va bu holat Roman Abramovichning toqatini toq qildi. Roman Arkadevich o‘zi yaxshi ko‘radigan Mourinoni iste'foga chiqardi. Qaysidir ma'noda futbolchilar o‘zlarining maqsadlariga yetishdilar.

Darvoqe, tagsarlavhadagi «Iuda» haqida. Mourino «MYu» murabbiyi sifatida «Stemford»ga kelganida «Chelsi» muxlislari uni «Judas» (ya'ni Iuda) deb kutib olishdi. Bilasiz, g‘arbda xoinlarni Iso alayhissalomni sotgani aytiladigan Iuda Iskariot «sharafiga» Iuda deb atashadi. Joze ham «Chelsi» muxlislarining shunday «marhamatiga sazovor bo‘ladi». Bir gapdan qolmaydigan Joze esa ularga o‘z uslubida javob bergandi: «O‘sha Iuda sizni uch marta Angliya chempioni qilgan. Mengacha bu ishni hech kim uddalamagan, mendan keyin ham uddalashmaydi». Chunki Joze Abramovichning «Chelsi»sida 4 mavsum ishlash deyarli imkonsiz ekanini yaxshi biladi.

Ikkinchisi Konte!

Futbolda qahramonlik va omadsizlikning orasi bir qadam. Buni «Chelsi»ning oldingi murabbiyi Antonio Konte misolida ko‘rdik. Italiyalik murabbiy Angliyadagi birinchi mavsumidayoq o‘ta sovuqqon o‘yin uslubi bilan Premer-Ligada g‘olib bo‘ldi. Mavsum tugagach esa juda katta xatoga yo‘l qo‘yib, Diyego Kostaga shunday sms yozdi: «O‘tgan mavsum uchun rahmat, lekin sen mening rejalarimda yo‘qsan». Konte bunday xabarni kelib-kelib janjalchilarning kattasi Kostaga yozgani jamoaning ichki muhitiga salbiy ta'sir qildi.

Avvaliga Kosta bilan, keyin David Luis, Eden Azar kabi futbolchilar bilan kelishmovchiliklar boshlandi. Yetmaganiga Konte jamoaning sobiq murabbiyi Joze Mourinoni o‘ziga dushman qilib oldi. Xullas futbolchilar «Konteni haydash payiga tushadilar». Yuqorida aytganimizdek, hech kim buni isbotlay olmaydi, lekin «Chelsi» amaldagi chempionga o‘xshab o‘ynamadi. Ba'zi o‘yinlarda esa futbolchilar murabbiyni odamlarga yomon ko‘rsatish uchun ochiqchasiga u bilan dahanaki jangga borishdi. David Luisning shunday betgachoparligi tasvirlangan videoni ko‘rgandirsiz. Xullas «Chelsi» futbolchilari shu tariqa Kontening ham «boshini yedilar». «Bechora» Abramovich esa bu murabbiy bilan ham shartnoma muddatidan avval bekor qilingani uchun kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘ldi. Mourino «Chelsi»dan ketgach 16,5 million funt tovon puli olgandi, Kontega esa shartnoma muddatidan oldin tugatilgani uchun 9,5 million funt oldi.

Bu 50 daqiqa «qamoq» uchun

«Chelsi» Premer-Liganing oxirgi uchta turida ikki marta sharmandali mag‘lubiyatga uchradi. «Siti»dan 6ta gol qabul qilib olgan «Chelsi» oldinroq o‘rtamiyona «Bornmut»ga 0:4 hisobida yengilgandi. Aynan «Bornmut»ga qarshi o‘yindan so‘ng Maurisio Sarri futbolchilarni 50 daqiqa kiyinish xonasidan qo‘yib yubormagandi. Murabbiy o‘sha yig‘ilishdan chiqib jurnalistlarga shunday degandi: «Bizdagi eng asosiy muammo ruhiyat bilan bog‘liq. Biz jamoaviy o‘yin qilmayapmiz, hamma o‘zi bilganicha o‘ynamoqda. Bunaqasi ketmaydi».

Aftidan Sarrining «50 daqiqalik jazosi» futbolchilarga salbiy ta'sir ko‘rsatgan ko‘rinadi. «Siti»ga qarshi o‘yinni maydonda yurib o‘tkazgan «Chelsi» futbolchilari xuddiki «Janob Sarri, bu sizga 50 daqiqalik qamoq uchun», degandek bo‘lishdi. Sarri kelgunicha «Chelsi»ning ko‘pchilik futbolchilari himoyaviy o‘yindan to‘yishgandi, endi ular maydonda norozilik qilishmaydi, bahri dili ochilib futbol o‘ynashadi deb o‘ylagandi. Mavsum avvalida shunday bo‘ldi ham. Azar faoliyatidagi eng yaxshi startni o‘tkazdi, «Chelsi» juda chiroyli o‘yin ko‘rsata boshladi. Lekin mavsum o‘rtasida nimadir bo‘ldi va «sarribol» ish bermay qoldi. Yana «Chelsi» futbolchilari murabbiydan norozi ekani haqida xabarlar paydo bo‘lgani esa odamning dilini xira qila boshladi. Chunki bunday mish-mishlar oldingi ikki holatda nima bilan tugaganini ko‘rdik. Yetmaganiga jamoa yetakchisi Eden Azar «Real»ga o‘tmoqchi ekanini yashirib ham o‘tirmayapti. Azar faqat o‘zi uchun futbol o‘ynayotgani ham endi yaqqol ko‘rinib qoldi. Har holda bunday xudbinliklar top-klublarga yarashmaydi.

Ilinj...

«Chelsi» futbolchilari ikkita o‘yinda yengilganidan keyin bu mag‘lubiyatlar qanchalik yomon o‘yin sabab qayd etilgan bo‘lsa-da, ular sabotaj qilishmoqda deyish to‘g‘ri emas. Lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham, Sarrini yupatishi mumkin bo‘lan bir narsa bor. Azar butun xayoli bilan «Real»da ekanini inobatga olsak, «Chelsi»ning asosiy futbolchilari bu – Jorjino, Iguain va Kante. Jorjino va Iguainni jamoaga Sarri olib kelgan va ular bor kuchlari bilan o‘ynashiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. N’Golo Kante esa har doim maksimum imkoniyati darajasida o‘ynaydigan kam sonli futbolchilardan. Sarri vaziyat har qancha yomonlashsa ham, shu yigitlar orqali inqirozdan chiqib ketishi mumkin.

Umid qilamiz, «Sarrining qattiqqo‘lligi futbolchilarga yoqmayapti», «Sarrining o‘yin kuni mashg‘ulot o‘tkazayotgani futbolchilarga yoqmayapti», qabilidagi xabarlar shunchaki mish-mish bo‘lib chiqadi va Yevropadagi eng tomoshabop o‘yin ko‘rsatadigan murabbiy Maurisio Sarrining jamoasi yana futbol o‘ynashni boshlaydi. Bu mavsum Angliyada sabotaj orqasidan shundog‘am bitta top murabbiy ishdan ketdi. Ikkinchisi ko‘plik qiladi...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid