Sport | 17:54 / 12.02.2019
11142
3 daqiqa o‘qiladi

«Eyr Fors» bosh murabbiyi: «Paxtakor»ning jarima zarbalari e'tirofga loyiq»

Osiyo Chempionlar ligasi saralashining 2-saralash bosqichi doirasidagi «Paxtakor»-«Eyr fors» o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida dastlab Bag‘dod klubi bosh murabbiyi Bosim Qosim ishtirok etdi.

«Birinchi navbatda «Paxtakor»ni muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Biz kuchli jamoaga qarshi o‘ynashimizni bilardik. Ehtimol jarohatlar sabab eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsata olmagandirmiz. Jarima zarbasidan kiritilgan 2-gol o‘yin taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi. Shu goldan keyin «Paxtakor» ustunlikni to‘la qo‘lga oldi», – dedi iroqlik mutaxassis.

– Golgacha jamoangiz vaqt cho‘zishga uringandek ko‘rindi. O‘yinni qo‘shimcha bo‘limlargacha olib borish rejangiz bormidi?
– Aslo yo‘q. Biz qo‘shimcha bo‘limlarda emas, asosiy vaqtda o‘yin taqdirini hal etishni mo‘ljallagandik. Bunda, albatta, muhim futbolchilarimizning safimizda yo‘qligini ham hisobga oldik. O‘yinni yuqori tempda emas, sekin-astalik bilan boshlash va tempni oshirib borish niyatida edik.

– Mag‘lubiyatga nima sabab bo‘ldi?
– «Paxtakor»ning jarima zarbalarini alohida ta'kidlagan bo‘lardim. Ayniqsa, standartdan urilgan ikkinchi gol o‘yin taqdiriga katta ta'sir ko‘rsatdi.

– O‘yin birinchi bo‘limda texnik sabab bilan uzoq vaqt to‘xtab qolgani yakuniy natijaga ta'sir ko‘rsatdimi?
– Bunday holatlar kamdan-kam bo‘lsa-da, uchrab turadi. Shu bilan birga, bunday vaziyatlar ba'zi futbolchilarda motivatsiyaning biroz susayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Futbolchilar o‘yinga endigina kirishib, qizishib olgan edilar; qolaversa havo ham ancha sovuq.

– «Paxtakor»ning OChLdagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
– «Paxtakor» keyingi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, guruh bosqichiga chiqishiga ishonaman. Bu jamoada xalqaro musobaqalar tajribasi juda katta.

Ma'lumot uchun, «Eyr Fors» tarkibida uch nafar yetakchi futbolchi – Amjyed Rahim, Karar Nabil va Ali Hosni jarohati sababli bugungi o‘yinda qatnasha olmadi.

Mavzuga oid