Light | 17:40 / 12.02.2019
33106
7 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz'dan «innovatsion» lug‘at: «trendsetter»dan «startap»gacha

Ko‘pchiligimiz «kovorking», «startap», «trendsetter» yoki «xab» kabi innovatsion so‘zlarni tez-tez eshitib turamiz. Biroq, kamchiligimizgina bu atamalar nimani anglatishining farqiga boramiz.

O‘zbekistonda Facebook va YouTube platformalariga kirish hamon mushkul masala bo‘lib turgan, Internetga ulanish tezligi hali-beri o‘n baravarga ko‘tarilmaydigan vaqtda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari turli vositalar orqali bo‘lsa-da, unga bog‘lanishning uddasidan chiqmoqda.

Ijtimoiy mediadagi marketing (SMM, social media marketing) va ko‘chalardagi reklamalar kundan-kun bir qarashda yangicha so‘zlar bilan to‘lib boryapti. Ijtimoiy tarmoqlar, zamonaviy turmush tarziga katta avlod vakillarining qiziqishi ortib borayotgani ham rost. Kun.uz avlodlar o‘rtasidagi muloqotda anglashilmovchiliklarni kamaytirish maqsadida zamonaviy yoshlar lug‘atidagi 35 so‘zni e'tiboringizga havola etadi (to‘liq ro‘yxat videoda):

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Bayopik – inglizcha «biographical picture» (biografik chizgi) biror ajoyib insonning hayoti haqida biografik kino. Masalan, «Ijtimoiy tarmoq» filmi Mark Tsukerberg haqida suratga olingan bayopik sanaladi”.

Branch (brunch) - inglizcha «breakfast» (nonushta) va «lunch» (tushlik) so‘zlarining qo‘shilishidan kelib chiqqan tushuncha bo‘lib, odatda soat 11 va 14 oralig‘ida iste'mol qilinadi.

Granola - yong‘oq va quruq mevalar, suli yormasining umumiy nomi zamonaviy qahvaxonalarda aynan granolaga almashgan. Marketing hosilasi.

Kovorking (coworking) – yakka yoki guruh bo‘lib idoraviy ishlar, startaplar yoki ta'lim uchun mo‘ljallangan, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ta'minlangan joy.

Vok (wok) – maxsus tovada tayyorlangan Osiyo taomlarining umumiy nomi, karton qutichalarga solib taqdim etiladi.

Gadjet (gadget) – cheklangan vazifalar doirasida asqotadigan texnik uskunalarning umumiy nomi.

Jyetlag – insonning biologik soatlari va ish vaqtining mutanosib kelmasligi oqibatida yuzaga keladigan jismoniy noqulaylik.

Insayd (inside) – biror tashkilotga tegishli axborotning boshqa manbalar ixtiyoriga borib tushishi.

Klaster (cluster) – bir hududdagi bir necha korxona yoki tadbirkorlarning kreativ yechim uchun umumiy intilishi.

Loukoster (lowcoster) – nisbatan arzon chiptalar taklif etadigan aviakompaniya.

Loft – inglizcha «loft» (chordoq) so‘zidan. Turarjoy yoki idora uchun qayta jihozlangan sanoat, ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan eski ishchi maydon.

Loft
Foto: booking.com

Mastxev (must have) - kerakli va zarur buyum.

Trend – mavsum xiti, eng dolzarb, so‘nggi urf.

Trendsetter – jamiyatga trend olib kiradigan innovator insonlar.

Fudkort (food court) – restoran yoki savdo markazining ovqatlanish hududi, fudkortda bir nechta tamaddixonalar bo‘lishi mumkin.

Chellenj (challenge) – chaqiriq, bajarish lozim bo‘lgan topshiriqqa chorlov.

Kollaboratsiya (collaboration) – umumiy manfaatga birga erishish uchun ikki yoki undan ko‘proq kishining sherikchiligi.

Startap (startup) – ingliz tilidan olingan bo‘lib, lug‘aviy ma'nosi «start oluvchi», «boshlang‘ich» demakdir. Dastlab 1973 yilda «Forbes» jurnalida ishlatilgan. Yosh tadbirkorlar amalga oshirmoqchi, tezda muvaffaqiyatga erishish niyatida bo‘lgan loyihalar.

HR (human resources) – zarur mahorat va tajribaga ega mutaxassislarni yollash, ishga olish, kadrlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis.

Xeyter (hater) – ingliz tilidagi «hate» – nafratlanmoq fe'lidan olingan bo‘lib, taniqli insonlar yoki o‘zi taniydigan, qaysidir jihati yoqmaydigan insonlarni ijtimoiy tarmoqlarda asossiz tanqid qiladiganlar.

Frilanser (freelancer) – ingliz tilidan olingan so‘z bo‘lib, «erkin rassom». Ushbu so‘z ilk bor 1819-yilda «Ayvengo» asarida ishlatilgan bo‘lib, mustaqil sarboz ma'nosini anglatgan. Bugun esa frilanser deganda odatda rasmiy va doimiy ish joyi bo‘lmagan, masofadan buyurtmaga ishlaydigan erkin ijodkor tushuniladi.

Xab (hub) – ingliz tilidan olingan so‘z bo‘lib, «markaz» ma'nosini anglatadi. Ko‘ptarmoqli tizim. 1. Kompyuterlarni Ethernet tarmog‘iga ulovchi konsentrator vositasi. 2. To‘qnash keluvchi reyslarda yo‘lovchilar almashuvchi aeropunkt.

Ha, aytgancha, Oksford lug‘ati an'anaviy tarzda yilning eng zamonaviy va yangi so‘zini e'lon qilib boradi: bu yilgi so‘z – «toxic». Ya'ni o‘zbek tilida – zaharli. Kollins lug‘ati esa «fake news» (ya'ni «yolg‘on xabar») so‘zini yil so‘zi deb topgan.

O‘zbekiston jamiyati jahon hamjamiyatiga darvozalarini kattaroq ochdimi, jamiyat globallashib borgani sari tilimizga bu kabi internatsional so‘zlarning kirishi ham ko‘p kuzatilaveradi. Turizm salohiyatini oshirish va investitsion diplomatiyani yaxshiroq tushunish uchun bu kabi so‘zlarni nafaqat yon daftarchangizda, balki xotirangizda saqlashingiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Internatsional so‘zlarni muomala va muloqotda qo‘llash o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatsizlik hisoblanmasligini eslatib o‘tgan bo‘lardik. Bu gaplarga esa quyidagicha javob beramiz.

Quyida muallif Rahmon Qo‘chqorning «Kitob dunyosi» gazetasida e'lon qilingan maqolasidan fikrlarni e'tiboringizga havola etamiz:

«Muhtaram do‘stlar, ona tilimiz — insoniy tafakkurning eng buyuk egalari o‘y-mushohadalarini bildirmoqlariga ham bemalol yaragan o‘zbek tili «katta xolamizdan qolgan» tomorqa emas. Uning bag‘riga so‘rab-so‘ramay kirib olib, istagan noma'qulchilikni qilish uchun hech kimga izn berilmagan. Agar bu tilda astoydil so‘zlashmoqchi, inchunun, ijod qilmoqchi bo‘lsak, marhamat qilib uning hurmatini, qadrini joyiga qo‘yaylik».

Hozir o‘zbek tilida ishlatiladigan so‘zlarning katta qismi fors-tojik, arab va rus tillaridan o‘zlashganligini yoddan chiqarmaslik kerak.

Shu o‘rinda o‘zbek tili leksikologiyasida uning boyish manbalari sirasiga tashqi manbalar ham kirishini eslatib o‘tish joiz. O‘zbek tilining leksikasi fan-texnika, san'at, ishlab chiqarishning taraqqiyoti bilan bog‘liq holda boyiydi.

Mavzuga oid