O‘zbekiston | 18:24 / 14.02.2019
8772
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon bo‘ylab #BoburDay 

Xalqimizning atoqli farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavalludiga bag‘ishlab, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida #BoburDay xeshtegi ostida sayil tashkil qilindi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Vazirlik huzuridagi “Ma'naviyat va ma'rifat” markazi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ko‘magida o‘tkazilgan sayil kun davomida san'at va madaniyat ixlosmandlari bilan gavjum bo‘ldi. 

Adabiyotga, xususan, Bobur ijodiga befarq bo‘lmagan faol yoshlar, estradamizning yorqin yulduzlari, taniqli kino va teatr aktyorlari ishtirokida she'rxonlik kechalari, jonli ijroda qo‘shiqlar guldastasi, Hazrat Bobur siymosini aks ettirgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

–Bobur shohlarning shoiri va shoirlarning shohi. Bu ta'rif uning butun umrlik sermahsul ijodi va shohlik faoliyatidagi adolatparvarligiga berilgan eng yaxshi va eng munosib nisbat. Bugungi tadbir esa yoshlarni hech bo‘lmasa, Boburning bitta ruboiysi yoki g‘azalini yodga olishiga turtki beradi. Yoshlar, ayniqsa yigitlar Boburning shijoatli yuragi, vatanparvarlik fazilatlarini o‘zida shakllantira olishi lozim. Buning uchun nima qilish kerak? “Boburnoma”ni o‘qish kerak. Agar “Boburnoma”ni o‘zbek o‘g‘lonlarining hammasi o‘qiganida edi... Chunki bu asar o‘g‘lonlarimizni mard, jasur, dovyurak, xalqiga nafi tegadigan oriyatli bo‘lib ulg‘ayishlari uchun muhim. Bizning O‘zbek milliy akademik drama teatrimiz jamoasi ham fevral oyida ulug‘lar hayoti va ijodini aks ettirgan spektakllarni sahnaga olib chiqyapti. Xalqimiz, yoshlarimiz ularni ko‘rishi, xulosa qilishi kerak, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov.

Tadbirda kitob yarmarkalari, nafis yog‘och o‘ymakorlik ishlari, mo‘yqalam ustalarining fotogalereyasi, karving san'ati egalarining ijodiy ishlanmalarini kuzatgan sayil ishtirokchilari haqiqiy san'at asarlaridan bahramand bo‘lishdi.

–Men Bobur bobomizning juda ko‘p portretlarini, miniatyuralarini chizganman. Kompozitsiyalar yaratganman. Kompozitsiya, aslida, ma'lum bir asardagi kulminatsion nuqta, ya'ni eng hayajonli, ta'sirlantiradigan voqea asosida yaratiladi. Bugungi saylda Boburning ona yurtga muhabbatini aks ettiradigan “Yurt sog‘inchi” nomli asarim bilan qatnashyapman. Bu yerda asosiy e'tiborni Bobur va qovunga qaratganman. Asosan, Boburning suratlarini chizishda issiq ranglardan foydalanaman. Mening nazarimda, jigarrang, olovrang, qizil ranglar Boburning xarakterini, ichki dunyosini ochib bera oladi, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san'ati muzeyi xodimi Lobar Yo‘ldosheva.

Shuningdek, #BoburDay sayli aksiyasida nafaqat O‘zbekistondagi balki Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Chexiya, Latviya, Sloveniya, Slovakiya, Ukraina kabi ko‘plab davlatlarda o‘qish yoki mehnat faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lgan yosh vatandoshlarimiz ham faol ishtirok etib, o‘z ishtiroki va munosabatini onlayn tizimda turli ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirib bordi.

Aksiya davom etmoqda va barcha yoshlarda unda ishtirok etish uchun imkoniyat bor.

Go‘zalxon Oxunova