O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun muhim “topilma” bo‘lishi mumkin bo‘lgan suv o‘simligi (soha xodimlari e'tiboriga)
Hayvonlarni boqish sohasidan sal bo‘lsa-da xabari bor kishi bu suv o‘simligining tarkibini eshitib hayratda qoladi. Avvalo shuni aytish kerakki, quritilgan holatda uning tarkibida tabiiy sharoitda 30%, maxsus sharoitda yetishtirilganda 45% (!)gacha oqsil mavjud bo‘ladi. Almashtirilmaydigan aminokislotalar (arginin, lizin) miqdori bo‘yicha esa bu o‘simlik makkajo‘xoridan yuqori turadi. Bundan tashqari tarkibida yog‘lar, uglevodlar, kletchatka, asparag va glyutamin kislotalari, fitosterinlar, flavonoidlar, diterpenoidlar, karotinoidlar, aromatik va yog‘ kislotalari, fosofolipidlar, azotli birikmalar, triterpen birikmalar, oshlovchi moddalar bor. Tarkibida yana polisaxaridlar, sulfolipidlar, muhim mikroelementlardan brom, yod, fosfor, kalsiy, kremniy, magniy, mis, temir, sink, marganets, kobalt, nikel, titan, vanadiy, radiy, sirkoniy va hatto oltin, vitaminlardan V gruppasi, A, RR, Ye mavjud.
Tanishing – Kichik ryaska (Lemna minor ) Araceae oilasiga mansub ko‘p yillik yuksak suv o‘simligi bo‘lib, suv yuzasida suzib o‘sadi. Lemna minor organik moddalarga boy har qanday ko‘lmak suvlarida o‘sib ko‘payadigan, sovuq va issiq havoga chidamli dorivor suv o‘simligi xisoblanadi. Lemna minor ning barglari va ildizchalari mavjud bo‘lib, asosan vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi. O‘simlikning kattaligi 5-6 mm ni tashkil etadi. Ryaska fotosintez jarayonida ko‘p miqdorda kislorod ajratib chikaradi va suv havzalarini tozalashdagi roli ham yuqori.
Ilmiy adabiyotlarda keltirilishicha, o‘tgan asrning 70-yillarida o‘tkazilgan tajribalar natijasida O‘zbekiston sharoitida bu o‘simlik bir gektar maydonda 260 tonnagacha hosil berishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Ryaskani yetishtirish uchun sayoz ko‘lmaklar, bo‘sh yotgan ko‘llar, daryo irmoqlari, sun'iy va tabiiy hovuzlardan foydalansa bo‘ladi. Hosil haftasiga ikki marta yig‘ishtirilib olinadi. Quritib olib saqlab qo‘ysa bo‘ladi. Suv ustida qalin qatlam hosil qiladi va shu bilan zararkunanda o‘tlarning rivojlanishiga yo‘l bermaydi. Yuqori biomassa olish uchun suvga mineral yoki madaniy o‘g‘itlar me'yorida tashlab turiladi. Shu bilan birga yaxshi natijaga erishish uchun uni nazorat qilib turish, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish lozim. Bu o‘simlikning optimal o‘sishini, yuqori hosil berishini ta'minlaydi. Uni ho‘l holida ham, quritilgan holida ham hayvon, parranda va baliqlarga bersa bo‘ladi.
Quyidagi videolavhada ryaskani mexanizatsiyalashtirilgan yetishtiruvini kuzatish mumkin:
Oqar suv ryaskani ko‘paytirish uchun yaramaydi. Uning tabiiy o‘sish joylari – turgan suvlar. Oqim tezligi 0.1 sm/sek.dan oshmasligi kerak. Ko‘lmakning chuqurligi eng kamida 20 sm. bo‘lishi lozim. Shu bilan birga suv toshib ketmaydigan joy bo‘lishi kerak, zero unda suv bilan qo‘shilib yuvilib ketadi.
Ilmiy adabiyotlarda va internet ma'lumotlarida keltirilishicha ryaska xalq tabobatida ko‘p yillardan beri dorivor o‘simlik sifatida bir qancha kasalliklarni davolashda foydalanib kelinmoqda. Ryaska yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Nastoykasi og‘iz bo‘shlig‘i va yuqori nafas yo‘li kasalliklarini davolashda keng foydalaniladi. Teridagi ok dog‘larni (vitiligo) yo‘qotishda, yiringli yaralarni davolashda qo‘llaniladi. Bundan tashqari qalqonsimon bez kasalliklarini davolashda yodga boy o‘simlik sifatida ishlatiladi.
Ryaskani yetishtirish osonligi, deyarli xarajatsiz ekanligi, shu bilan birga u o‘ta sifatli ozuqa ekanligini xamda dorivor o‘simlik sifatida ko‘plab kasalliklarni davolash mumkinligini hisobga oladigan bo‘lsak, mamlakatimizda uni yetishtirish katta potensialga ega.
O‘zR FA Botanika instituti ilmiy xodimlari tomonidan Lemna minor ni ko‘paytirish usullari ishlab chiqilgan va olib borilgan tajribalar natijasiga ko‘ra bu o‘simlikni qishloq xo‘jaligi hayvonlari, o‘txo‘r baliqlar, parrandalar ishtiyoq bilan iste'mol qilishi isbotlangan.
Xolmuradova To‘tigul Nafosovna, O‘zR FA Botanika instituti,
Mikologiya va algologiya laboratoriyasi katta ilmiy xodimi,
biologiya fanlari nomzodi.
Shokir Sharipov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
14:59 / 23.11.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32 / 23.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024