O‘zbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federatsiyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi (O‘ZBF) prezidenti Bahromjon Gaziyev va Rossiya zamonaviy beshkurash federatsiyasi (RZBF) prezidenti Vyacheslav Aminov Moskva shahridagi Olimpiya qo‘mitasi binosida ikki mamlakat federatsiyalari o‘rtasidagi Hamkorlik memorandumini imzolashdi.
Hujjat O‘zbekiston va Rossiya zamonaviy beshkurash federatsiyalari tomonidan Olimpiya harakatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, sportning axloqiy va etnik qadriyatlarini asrash, sport faoliyatining barcha bosqichlarida adolatli o‘yin tamoyillarini izchil qo‘llashda hamkorlik qilish va har qanday ko‘rinishdagi diskriminatsiya, jumladan, irq, millat, jins va yoshga doir kamsitishlarni qoralashni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, federatsiyalar dopingga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik qiladi, xalqaro sport maydoni va boshqa sohalarda o‘z xatti-harakatlarini muvofiqlashtiradi.
"Biz O‘zbekistonni beshkurash oilamizning yangi a'zosi sifatida ko‘rishdan xursandmiz, - dedi RZBF prezidenti Vyacheslav Aminov. - O‘ZBF prezidenti Bahromjon Gaziyev bilan ko‘plab masalalarni muhokama qildik va o‘ylashimcha, beshkurash O‘zbekistonda yaxshi istiqbolga ega bo‘ladi. Rossiya esa ham maslahat bilan, ham amaliy jihatdan, masalan, murabbiy va sport mutaxassislari tomonidan qo‘llab-quvvatlashda yordamga shay".
"Rossiya - beshkurash bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri, - dedi O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi prezidenti Bahromjon Gaziyev. - O‘zbekistonda sportning bu turi endigina rivojlanmoqda. Beshkurash besh Olimpiya sport turi - suzish, qilichbozlik, konkur, yugurish va o‘q uzishdan iborat ekanligi juda muhim. Shu bois beshkurashni rivojlantirar ekanmiz, u bilan bir qatorda boshqa Olimpiya sport turlarini ham rivojlantiramiz.
Biz tashkilotlarimiz o‘rtasida o‘zaro uzviy do‘stona aloqalar o‘rnatilishiga kelishib oldik. Bu qo‘shma yig‘ilishlar, ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazish, bizning sportchi va hakamlarimizni Rossiyada bo‘lib o‘tadigan musobaqa hamda seminarlarga taklif qilishda o‘z aksini topadi. Vaqti kelganda esa biz ham rossiyalik beshkurashchilarni O‘zbekistonga taklif qilamiz. Ishonchim komilki, Rossiya va O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyalari o‘rtasidagi hamkorlik uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli bo‘ladi".
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi Frankfurtda muzokara olib borgandi.
Mavzuga oid
22:25
Finlandiyada omon qolish kurslariga yozilayotgan ayollar soni keskin oshdi
19:21
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi - Reuters
00:35