O‘zbekiston | 12:19 / 17.02.2019
15367
3 daqiqa o‘qiladi

«1 aprelgacha yangi konsepsiya». Erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish tizimida o‘zgarishlar kutilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, EIZning faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimida bir qator o‘zgarishlar kutilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, 2019 yil 1 apreliga qadar erkin iqtisodiy zonalar (EIZ)ni rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek,  o‘zining samaradorligi va dolzarbligi isbotlangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Shunday qilib, EIZ hududida joylashtirish sharti ikkinchi moliyaviy yil yakuni bo‘yicha faoliyati boshlangan sanadan ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 25 foizini va kelgusi yillarda kamida 50 foizni tashkil etadigan eksport hajmini ta'minlashdan iborat. 

«Investitsiyalarni jalb qilish uchun zaxira manbasini baholash, hududning infratuzilmasi va salohiyatini tahlil qilish, foydali va amalga oshishi mumkin bo‘lgan investitsiya takliflari kabi yangi yondashuvni joriy etishga asosiy e'tibor qaratilmoqda», — deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 15 fevral kuni Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilisha haqida. 

Vazirlik ishchi guruhi Jizzaxda mavjud investitsiyaviy faoliyatni o‘rganish, mahalliy aholining turmush sharoitini yaxshilash, xususiy sektor va uy xo‘jaliklarining ishtiroki orqali hududning eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni tashkil etish hamda ularni amalga oshirishni maqsad qilmoqda. 

«Eksportga kelsak, bu borada elektron tijorat tizimlari va ularning xalqaro onlayn-saytlar bilan integratsiyalashuvi kabi savdo sharoitlarining izchil rivojlanishi alohida ahamiyat kasb etadi», — deyiladi vazirlik tarqatgan axborotda.

Ma'lumot uchun, Jizzax viloyatidagi iqtisodiy salohiyat, mineral-xomashyo bazasi va mavjud ishlab chiqarish obektlari elektr, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, tog‘-kon sanoati va qurilish materiallarini muvaffaqiyatli rivojlantirishga imkon beradi. Hududda ohak, vollastonit, volfram, qo‘rg‘oshin ma'danlari qazib olinadi. Yig‘ib olingan paxtaning yarmi mahalliy korxonalar tomonidan qayta ishlanadi.

Mavzuga oid