O‘zbekiston | 12:58 / 21.02.2019
13593
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Markaziy va Janubiy Osiyoda kuchli hamda mustaqil hamkorlar bilan ish olib borish istagida 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votel Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashga chaqirmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri. 

21 fevral kuni poytaxtdagi «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Bosh shtab boshliqlarining navbatdagi anjumani boshlandi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston qurolli kuchlari bosh shtabi boshliqlari, Qirg‘iziston Respublikasi qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, AQSh Qurolli Kuchlari CENTKOM qo‘mondoni ishtirok etmoqda.

«Ushbu yig‘ilish mintaqa tarixidagi eng dolzarb va muhim davrda yuz bermoqda. Mintaqada xavfsizlik masalasi hamon ochiq qolyapti, shu tufayli biz faoliyatimizni yanada yaxshi olib borishimiz va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishimiz lozim. Shu tufayli biz munosabatlarimizni ham individual, ham jamoaviy jihatdan mustahkamlash va rivojlantirish imkoniyatini qidirib, bu joyga yig‘ildik», — deydi Jozef Votel.

AQSh qo‘mondonining aytishicha, Amerika Markaziy va Janubiy Osiyoda mustaqil va kuchli hamkorlar bilan ishlashni istaydi.  

Yig‘ilishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov ham anjuman kirish so‘zida mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlashda ichki hamda tashqi tahdidlarga yo‘l qo‘ymaslik, buning oldini olish maqsadida Markaziy va Janubiy Osiyoning barcha davlatlari bilan o‘zaro tushunish, konstruktiv hamkorlik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga urg‘u bergan. 

Xorijiy hamkorlar bilan mudofaa sohasidagi aloqalar har tomonlama kengaymoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligining uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqqan holda va mintaqada barqarorlikni ta'minlash maqsadida manfaatdor davlatlar bilan strategik hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda, qo‘llab-quvvatlanmoqda. 
Biz barcha davlatlar bilan Afg‘onistonda tinchlik, birinchi navbatda, xotirjamlikni ta'minlash uchun strategik aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyormiz»,— dedi Bahodir Qurbonov.

Mavzuga oid