Hafta o‘yinlari anonsi. «Chelsi» va «Siti» o‘rtasidagi final, Sulsher «Liverpul»ga qarshi va boshqalar
Tribuna.uz yevrofutbolda uik-endning eng muhim o‘yinlari anonsini taqdim etadi.
SeVILYa – BARSeLONA (23 fevral, 20:15)
O‘tgan turda "Real"ning kutilmaganda "Jirona"ga yutqazib qo‘yishi "Barselona"ning turnir jadvalidagi ustunligini oshirdi va qaysidir ma'noda bu o‘yinning ham intrigasini kamaytirdi. Endi Barselona va Madrid klubi o‘rtasidagi farq 9 ochkoni tashkil etmoqda. Demak, qatorasiga ikki El-klasiko oldidan "Barselona" biroz yengil tin olish imkoniyatiga ega.
Bu ham juda zarur, zero so‘nggi paytlarda Valverde jamoasining ham muammolari yetarli. "Barselona" so‘nggi to‘rt o‘yinda atigi bir marotaba g‘alaba qozondi va undan ham yomoni, mana shu o‘yinlarda jamoa atigi 2 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol qila oldi xolos. Bu gollarning biri penaltidan kiritilganini ham ta'kidlash kerak. Xullas, "Barselona" hujum chizig‘ida, ayniqsa, vaziyatlardan foydalanish borasida jiddiy muammolarga uchramoqda. Doimo noqulay bo‘lgan "Sevilya" maydonida bu vaziyatni o‘nglash yanada qiyinroq bo‘ladi.
"Sevilya" ham so‘nggi turlarda muammolarga duch kelmoqda. Jamoa oxirgi uch g‘alabasiz o‘yindan so‘ng, kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini xavf ostida qoldirgan. Endilikda, jamoani yettinchi o‘rindan atigi uch ochko ajratib turibdi xolos. Faqat bu orada Yevropa Ligasi to‘qnashuvlari muvaffaqiyatli kechgani va kuchli "Latsio" ustidan ikki g‘alabaga erishilgani kayfiyatni biroz ko‘tarishi mumkin.
Tarkiblar borasida aytarli muammolar yo‘q. Faqat mezbonlar tarkibida Xesus Navasning maydonga tushishi so‘roq ostida bo‘lsa, mehmonlardan Artur maydonga tusha olmaydi. Lekin har ikki jamoa tarkibida e'tiborga arzigulik qahramonlar bor: Messi 33 goli bilan La Ligada aynan "Sevilya" darvozasini eng ko‘p ishg‘ol qilgan bo‘lsa, "Sevilya" safida Munir eski jamoasiga qarshi maydonga tushishi mumkin. Qizig‘i, u kataloniyaliklarga qarshi o‘ynagan ikki o‘yinida ("Valensiya" safida) ham gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
MANCheSTeR YuNAYTeD – LIVeRPUL (24 fevral, 19:05)
O‘tgan yilning dekabrida "Liverpul" salkam besh yillik tanaffusdan so‘ng, "Manchester Yunayted" ustidan APLda g‘alaba qozona oldi. Bu g‘alaba shu qadar chiroyli va ishonchli qo‘lga kiritildiki, oradan ikki kun o‘tmay "iblislar" bosh murabbiyi Joze Mourino iste'foga chiqarildi. "Liverpul" o‘shanda bu qadar katta ustunlikka erishib, balki xato qilgandir, zero shundan so‘ng "MYu" boshqaruviga kelgan Ole-Gunnar Sulsher jamoani kuchaytirib yubordi. O‘shandan beri Angliya chempionatida eng ko‘p ochko to‘plagan jamoa ham aynan "MYu"dir.
Chempionlar Ligasidagi imkoniyatni ancha pasaytirib yuborgan "MYu" nima qilib bo‘lsa ham, ichki chempionatda to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qolishi kerak. "Chelsi" ustidan qozonilgan g‘alaba o‘sha yagona mag‘lubiyatni biroz unuttirgan bo‘lsa-da, futbolchilar aynan "Old Trafford" oldida qarzdordirlar. Qizig‘i, Sulsher jamoasi safardagi hamma o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qila olmoqda, aksincha, "Old Trafford"da bir durang va bir mag‘lubiyat kuzatildi.
"Liverpul"ning ham o‘z hisobi bor. "Manchester Siti" bu turdagi o‘yinini o‘tkazib bo‘lgan, demak Klopp jamoasi bu o‘yinda ochko qo‘lga kiritsa, yana birinchi o‘ringa ko‘tarilib oladi. Bu psixologik tarafdan ham juda muhim ekanini ya'shi bilasiz. Olti o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan, safardagi so‘nggi 13 o‘yindan atigi 1 tasini boy bergan "qizillar" "Old Trafford"da osonlik bilan mag‘lub bo‘lmasliklari turgan gap. Faqat bir jihat, "Liverpul" seshanba oqshomida "Bavariya" bilan Chempionlar Ligasi bahsida maydonga tushdi. Agar Sulsher shogirdlari atigi bir kun oldin, dushanba kuni "Chelsi" mehmoni bo‘lganliklarini e'tiborga olsak, jismoniy tomondan raqiblar u qadar katta farqda emaslar.
"Liverpul" bu stadionda oxirgi marta 2014 yilda, David Moyyes va Brendon Rojyerslar jamoalarni boshqargan davrda g‘alaba qozongandi. O‘sha o‘yinda maydonga tushgan futbolchilardan mezbonlar tarkibida faqat Fil Jons, mehmonlardan faqat Daniyel Starrij qolgan xolos. Bu ikki futbolchi ham katta ehtimol bilan asosiy tarkibda tushishmasa kerak.
Asosiy tarkiblarga kelsak, "Liverpul" Gomes va Lovrenning jarohatlaridan so‘ng, himoya markazida muammoga duch kelgan. Mezbonlar tarkibida esa, Valensiya hali ham tiklanish bilan band. "PSJ" bilan o‘yinda jarohat olib maydonni erta tark etgan Marsiyal va Lingard haqida murabbiy ma'lumot berib o‘tdi: Sulsherning aytishicha, Marsiyal o‘yinga tayyor bo‘ladi, Lingarddan ham umid qilish mumkin.
Eng muhimi, “Manchester Yunayted” Aleks Fergyusondan keyin ilk marotaba, “Liverpul”ga qarshi, bu raqobatni to‘liq his qila oladigan murabbiy boshchiligida maydonga tushadi Sulsher “Liverpul”ning darajasiga chiqishimiz kerak deydigan Moyyes yoki raqibning qanot himoyachisini maqtaydigan Joze Mourino emas. Bir necha yil oldin “Kardiff” bilan “Liverpul”ga 3:6 hisobida yutqazgach, jurnalistlar Sulsherdan “qizillar”ning chempionlik uchun imkoniyati haqida so‘rashgandi.
“Men tupurdim ularning imkoniyatiga” deb javob bergan Sulsher futbolchilik faoliyatidagi nafrat hali ham uning ruhiyatida yashashini oshkor qilgandi. Albatta, hozir u sal jiddiylashgan, ammo yana bir marta “Liverpul”ni chempionlik poygasida chalib qolishga urinishi shubhasiz.
Angliya Liga kubogi finali
CheLSI - MANCheSTeR SITI (24 fevral, 21:30)
Ikki hafta oldin “Etihad”da bu jamoalar o‘rtasida Premer-liga o‘yini bo‘lib o‘tgan va mezbonlar 6:0 hisobida g‘alaba qozongandilar. “Chelsi”dan ushbu alamli mag‘lubiyat uchun revansh olish imkoniyati tug‘ildi – qo‘shimcha bonus esa, Angliya Liga kubogi.
Har ikki jamoa bu sovrinni besh martadan yutib olgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha, yana ikki jamoa («Aston Villa», «Manchester Yunayted») bilan birgalikda 2-o‘rinda borishmoqda. Tarixda eng ko‘p Angliya Liga kubogini esa, “Liverpul” yutgan – 8 marotaba. Shuningdek, “Manchester Siti” hozirda ushbu sovrinning amaldagi sohibi hisoblanadi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili aynan mana shu kubok Pep Gvardiolaning Angliyadagi ilk yutug‘i bo‘lgandi. Endi esa, ispaniyalik mutaxassis uchinchi yilda to‘rtinchi sovrinni qo‘lga kiritishga yaqin turibdi. Albatta, bu yerda Ispaniya yoki Germaniyadagi kabi mahsuldorlik yo‘q, lekin raqobat ham shunga yarasha.
Bu jamoalar yuqorida tilga olingan uchrashuvdan tashqari, yil boshida “Uembli”da ham to‘qnash kelgandilar. O‘shanda “Manchester Siti” Agueroning dubli evaziga 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Argentinalik hujumchi APL bahsida ham “Chelsi” darvozasiga xet-trik qayd etganini e'tiborga olsak, londonlik himoyachilar asosan kimdan extiyot bo‘lishlari lozimligini aytish shart emas.
Xullas, “Chelsi” Sarri boshchiligida qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Bir hafta oldin jamoa Angliya kubogidagi ishtirokini ham to‘xtatdi. Jamoa hali kurashni davom ettirayotgan Yevropa Ligasi va albatta, mana shu final londonliklarga asosiy tayanch nuqtasi bo‘lishi lozim. Sababi, nafaqat maydonda, maydon tashqarisida ham muammolar yetarli – UYeFA “Chelsi”ga ikki transfer oynasi paytida yangi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni taqiqladi. “Chelsi”da agar muvaffaqiyatsizliklar davom etsa, jamoa nafaqat yangi yulduzlarni jalb qilish, balki o‘z yetakchilarini ushlab qolishda ham qiyinchiliklarga duch kelishi aniq.
Nima bo‘lgandayam, Angliyaning so‘nggi yillardagi eng sovrindor jamoalari, biri yaralangan sher, ikkinchisi och bo‘ri maqomida navbatdagi finalda, navbatdagi sovrin uchun maydonga tushadilar.
BORUSSIYa D – BAYYeR (24 fevral, 22:00)
Peter Bosh Dortmundga qaytmoqda. Kelajagi katta murabbiy sifatida Dortmundga tashrif buyurgan, ammo muvaffaqiyatsiz natijalar tufayli iste'foga chiqarilgan murabbiy Germaniyani tark etmadi va ana endi, “Bayyer” bilan yangi marralar uchun yo‘lga chiqdi. “Haqiqiy Boshni hali dunyo ko‘rmadi” – xuddi shunday so‘zlar bilan yanvarda yangi jamoasini qo‘lga oldi va aytish kerakki, natijalar ajoyib.
“Bayyer” yangi murabbiy bilan ilk o‘yinni o‘z maydonidagi mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, uyog‘iga juda kuchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Qatorasiga to‘rt o‘yindan uchtasini yirik g‘alaba, shuningdek, “Bavariya” ustidan ishonchli 3:1 hisobidagi zafar “Bayyer”ning juda yaxshi sport formasiga kirib borayotganini isbotlaydi. Shu orqali, jamoa kuchli to‘rtlikka asta-sekin yaqinlashib bormoqda.
“Borussiya” esa aksincha, fevral oyini juda yomon o‘tkazdi va qatorasiga uch o‘yinda durang natija qayd etdi. “Ayntraxt” bilan, mayli, ammo “Hoffenhaym” bilan o‘yinda 3:0 hisobidagi g‘alabaning oqibatda durangga aylanishi dortmundliklarga yomon ta'sir qilgani shubhasiz. Yo‘qotilgan ochkolar qimmatga tushdi va endi, “Bavariya” bilan o‘rtadagi farq atigi 3 ochkoni tashkil qilmoqda xolos. “Bavariya” istalgan paytda juda kuchli seriyani amalga oshira olishiga ishonsak, endi, “Borussiya”ning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q.
Yevrokuboklarda esa, har ikki jamoaning kayfiyati tushib ketgan bo‘lsa kerak. “Borussiya” Londonda “Tottenhem”ga yirik hisobda imkonni boy berdi va amalda turnir bilan xayrlashish arafasida turibdi. “Bayyer” esa, Krasnodardagi qoniqarli durangdan so‘ng, o‘z maydonida imkoniyatni qo‘ldan chiqardi. Safardagi gol qoidasiga binoan rossiyaliklar keyingi bosqichga chiqishdi, “Bayyer” kamida yozgacha yevrokuboklarsiz qoldi.
FIOReNTINA – INTeR (25 fevralga o‘tar kechasi, 00:30)
Peter Bosh holatiga o‘xshashi Florensiyada kuzatilishi mumkin. Mezbonlarning bugungi ustozi Stefano Fioli 2017 yilning noyabrida “Inter” bosh murabbiyi etib tayinlangan, ammo oradan bir yil o‘tmasdan iste'foga chiqarilgan edi. Shartnoma oxirigacha imkoniyat bermagan sobiq jamoaga qarshi o‘yinda o‘zining nimalarga qodirligini namoyish qilish istagi – murabbiylar uchun yaxshi motivatsiya.
“Inter”ning esa, o‘z muammolari bor. Hozir Milanda Fiolini esdan chiqarib ham yuborishgan, barcha Mauro Ikardining holati va “Milan”ning qatorasiga g‘alabalar qozonib, “Inter”ga juda yaqin kelib qolgani haqida gapirmoqda. “Milan” Pyontek misolida o‘z qahramonini topgan bir paytda, “Inter” ana shunday sermahsul hujumchi bilan muammolarga duch keldi. Ikardidan sardorlik bog‘ichi olib qo‘yildi, shu bilan birga, hujumchi yaxshi sport formasida bo‘lishiga qaramasdan, asosiy tarkibdan chetda qolmoqda. Umuman o‘z vaqtida Dzanetti, Bergomi kabi haqiqiy qoyalar sardor bo‘lgan jamoada Ikardining “yo‘lboshchi” etib tayinlanganining o‘ziyoq, biroz xato qaror bo‘lgandi aslida.
Xo‘sh, o‘z maydonida ancha kuchli o‘yin namoyish etadigan “Fiorentina”ga qarshi o‘yinda ham Ikardi tarkibdan chetda qoladimi?
Bonus: SANTA KLARA – NASONAL (24 fevral, 20:30)
Endi har hafta nigohimiz kuchli beshlikdan tashqari, Portugaliya chempionatiga ham qadalsa, ajab emas. Zero hamyurtimiz Sardor Rashidov Superligada debyut qildi. Dastlabki uchrashuv “Benfika”ga qarshi o‘ta omadsiz kechgan bo‘lsa-da, ikkinchi o‘yinidayoq Sardor butun Portugaliyani o‘zi haqida gapirishga majbur qildi.
“Feyrense” darvozasiga uch gol urgan Sardor Rashidov o‘sha turning ramziy terma jamoasiga kiritildi. Umumiy baho bo‘yicha esa, faqat “Sporting” yetakchisi Bruno Fernandeshdan ortda qoldi xolos. Rashidovning Portugaliya chempionatidagi navbatdagi o‘yini ham muxlislarimiz uchun qiziq bo‘lsa kerak.
Madeyra jamoasi o‘tgan turda o‘zining yetti o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi, ammo hali xavfli zonadan u qadar uzoqlashib ketgani yo‘q. Jamoani 18-o‘rindagi “Avesh” bilan atigi 2 ochko ajratib turibdi xolos. Demak, “Nasonal” har o‘yinda ochkolar uchun jiddiy kurash olib borishi lozim. Raqib – “Santa Klara” esa, “Nasonal”dan 4taga ko‘proq ochko jamg‘argan holda, 9-o‘rinni band etgan. Qaysidir ma'noda turnir jadvalida qo‘shni bo‘lgan bu jamoalarning o‘yini keskin kurashlar ostida o‘tishi tabiiy. Sardor Rashidovga esa, nafaqat autsayder bilan, mana endi, tengma-teng kurashlar ostidagi uchrashuvlarda ham o‘zini ko‘rsatishini tilab qolamiz. Omad.
BOShQA O‘YINLAR
23 fevrall. Byornli – TOTTeNHEM (17:30), BAVARIYa – Herta (19:30), PSJ – Nim (21:00)
24 fevral. PSV – Feyyenoord (18:30), ARSeNAL – Sauthempton (19:05), ATLeTIKO – Vilyarreal (20:15), Parma – NAPOLI (22:00), Beshiktosh – Fenerbaxche (23:00), Levante – ReAL (25 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)
Mavzuga oid
11:02 / 07.03.2020
Angliyada Manchester derbisi, «Barselona»da yana qiyin o‘yin. Hafta o‘yinlari anonsi
18:01 / 14.02.2020
Hafta o‘yinlari: A Seriya va La Ligada peshqadamlar «jangi», APLda «Chelsi» - «MYu» to‘qnashuvi
19:01 / 07.02.2020
Hafta o‘yinlari anonsi: Italiyada «Milan derbisi», Germaniyada peshqadamlar «jangi»
17:50 / 24.01.2020