Sport | 23:12 / 24.02.2019
13494
9 daqiqa o‘qiladi

«Bunyodkor» bosh direktori: «Superligadan tushirib yuborilishimiz shunchaki mish-mish»

Shu kunlarda «Bunyodkor» klubi Superligadan tushirib yuborilishi haqida gaplar ko‘paymoqda. PFL ertaga bo‘lib o‘tadigan Superligaga qur'a tashlash marosimida qatnashish uchun 11 ta klubning direktorlariga xat yuborilgani va «Bunyodkor» tadbirga taklif qilinmagani haqidagi gaplar «olovga moy sepdi». Bu boradagi mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida «Bunyodkor» klubi sport direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mirzayev bilan suhbat uyushtirdik.

«Pro-Ligaga tushasizlar deb hech qanday xat berishgani yo‘q»

Ulug‘bek Mirzayevdan avvalo «Bunyodkor»ning bugungi holati va jamoaning Superligadan tushirib yuborilishi qanchalik haqiqatga yaqin ekani haqida so‘radik. Klub bosh direktorining aytishicha, xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q:

«Klubda ishlar bir maromda davom etmoqda. Biz Superliga o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Aytishim mumkin, «Bunyodkor» boshqa jamoalarga o‘rnak bo‘ladigan tarzda faoliyatini davom ettirmoqda. Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, PFL bir qator jamoalarni turli xil masalalar yuzasidan ogohlantirmoqda. Lekin biz hozirga qadar hech qanday ogohlantirish yoki e'tiroz xati olmadik. PFL Superliganing qolgan jamoalariga yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun qanday ishlarni qilish to‘g‘risida xat yuborayotgan bo‘lsa, bizga ham shunday xatlar kelib turibdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Bunyodkor»ning Superligadan tushirib yuborilishi haqidagi gaplar hech qanday asosga ega emas. Bular shunchaki mish-mish. Biz Superliga uchun 26 ta futbolchini ro‘yxatdan ham o‘tkazib bo‘ldik. Klublar litsenziyadan o‘tishi uchun eng avval reglamentda belgilanganidek o‘z akademiyasiga ega bo‘lishi kerak. «Bunyodkor» Superliga jamoalari orasida birinchi bo‘lib akademiya masalasini ijobiy hal qildi. Biz xotirjammiz, chunki PFL bizni namunali klublar qatorida tilga oladi. Biz rasmiy hujjatga ishonamiz va hech kim bizga mana bu asosga ko‘ra Superligada o‘ynamaysizlar deb hujjat taqdim etmadi».

«Bunyodkor»ni mavsum avvalida Akrom Komilov, Sardor Sobirxo‘jayev, Rustam Ashurmatov, Javlon Ibrohimov kabi futbolchilar tark etishdi. Bu yigitlar jamoaning asosiy o‘yinchilari edilar va ularning ketishi shubhasiz, «Qaldirg‘ochlar» uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Biroq Vadim Abramovning kelishi klub muxlislariga umid bag‘ishladi. Klub direktoridan «Bunyodkor» Abramovga qay darajada ishonayotgani haqida so‘radik va shunga amin bo‘ldikki, Vadim Karlenovich bu jamoaga shunchaki kelmagan:

«To‘g‘ri ta'kidladingiz, o‘tgan mavsumda bizning asosiy tarkib futbolchilaridan 12 tasi boshqa klublarga o‘tib ketishdi. Lekin «Bunyodkor» akademiyasining borligi bizning jonimizga oro kirdi. Hozir akademiyamizning eng yaxshi bitiruvchilari asosiy tarkibimizni to‘ldirishgan. Bundan tashqari boshqa jamoalarga ijaraga berilgan futbolchilarimizni qaytarib oldik. Bizda yomon jamoa shakllanmagan deb ayta olaman. Abramov bu jamoa bilan Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olishini ishonib aytdi. Biz uning qarashlarini qattiq hurmat qilamiz.

Bilasizmi, Abramovni olib kelganimizdan so‘ng bir guruh tanishlarim menga qo‘ng‘iroq qilib yaxshi ish bo‘libdi deb aytdi. Yana bir guruh insonlar esa zo‘r ish bo‘libdi deb ta'kidladi. Abramov bu yosh jamoamiz bilan raqobatbardosh jamoa tashkil qilishiga ishonamiz».

«Bunyodkor» o‘z akademiyasi futbolchilarining transferidan pul ishlash borasida yurtimizdagi eng namunali jamoa. Ma'lum bo‘lishicha, klub hamon akademiyasidan foyda olishda davom etmoqda: «O‘tgan mavsumda bizni ko‘p futbolchilar erkin agent sifatida tark etishdi. Oldingi rahbariyatni yomonlamoqchi emasman, lekin ular futbolchilarning shartnomalariga juda bee'tibor qarashgan. Klub o‘zi uchun muhim futbolchilar bilan shartnomani kamida bir yil oldin yangilab qo‘yishi kerak. Masalan Sardor Sobirxo‘jayev, Akrom Komilov, Javlon Ibrohimov, Murod Toshmatov, Mirg‘iyos Sulaymonov kabi futbolchilar bilan shartnomalar vaqtida uzaytirilganida, ulardan transfer puli ishlab olishimiz mumkin edi. Lekin eski rahbariyat bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berdi. Biz birorta futbolchimizni sotmagan bo‘lsak ham, ikkita futbolchimizdan transfer puli ishladik. Akrom Komilov va Rustam Ashurmatov «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchilari bo‘lishgani uchun FIFA talabiga ko‘ra ular o‘tgan jamoalar bizning hisobimizga pul o‘tkazib berishdi.

Akrom Komilovning transferi uchun «Paxtakor» bizga 90 million so‘m o‘tkazib berdi. Rustam Ashurmatovning transferidan esa klub 150 ming dollar ishlab oldi. Bilasizmi, Ashurmatov Koreyadagi klubi bilan kelishib, «O‘sha pulni menga beringlar, men o‘zim ketaman», deyishi mumkin edi, lekin Rustam juda bama'ni yigit va u o‘zini tarbiyalagan klubga nisbatan mardlik qildi. Natijada bizning hisobimizga 150 ming dollar tushdi.

«Bunyodkor» Sergey Simonenko ismli futbolchidan ko‘p zarar ko‘rdi. Jamoa safida 4 tagina o‘yinda qatnashgan va hech qanday foydali harakat qilmagan futbolchi «Bunyodkor»ni 50 ming dollarga tushirgan. Mirzayevning aytishicha, bu muammoni hal qilish aslida ko‘p vaqt talab qilmagan:

«Biz yaqin yillarda legioner masalasiga qaytmasak kerak. Simonenko mojarosi klubga qanchalik qimmatga tushganini ko‘rdingiz. Bu mojaro 5 yil deganda hal bo‘ldi. Men «Bunyodkor» rahbariyatiga kelgach o‘z oldimga asosiy vazifa sifatida jamoani qutqarib qolishni qo‘ydim va shukurki, bu muammoni hal qildik. 17 yanvar kuni FIFA PFLga «Bunyodkor»ning qarzi qolmadi, endi bu jamoaga nisbatan sanksiya qo‘llamanglar degan mazmunda xat yubordi.

Bu futbolchi FIFA qoidalarini yaxshi bilgani uchun bundan foydalangan. O‘sha vaqtda klub rahbariyati ham juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan. Qoida bo‘yicha, futbolchi ikki oy davomida maosh olmasa, ikki tomonlama shartnomani bekor qilishi mumkin va klub futbolchiga shartnoma muddati tugaguncha maosh ham to‘lab beradi. Simonenkoga 50 ming dollar to‘ladik va hammasi hal bo‘ldi. Oldingi rahbariyat Sardor Rashidovning transferidan tushgan 2 million dollarning qirqdan birini berganda ham, muammo hal bo‘lib ketardi. Lekin ular muammoga panja orasidan qarab ishni murakkablashtirib yuborishgan.

«Bunyodkor» yangi mavsumni qaysi stadionda boshlashi bilan ham qiziqdik. Ma'lum bo‘lishicha, klub bu borada ikkita variant tayyorlab qo‘ygan: «Biz yangi mavsum oldidan ikkita stadion bilan kelishib oldik. Birinchisi «Paxtakor» stadioni va ikkinchisi Temiryo‘l muhandislari instituti stadioni. Superliganing kunduz kuni o‘tkaziladigan o‘yinlarini Temiryo‘l instituti stadionida o‘tkazamiz, chunki u yerdagi chiroqlar talabga javob bermaydi. Kechasi o‘tkazilgan o‘yinlarimiz «Paxtakor»da bo‘ladi. Shu o‘rinda og‘ir damda bizni qo‘llagan «Paxtakor» klubi rahbariyatiga rahmat deb qolaman. Esingizda bo‘lsa, 2008 yil «Paxtakor» stadioni ta'mirlanayotganda, «Paxtakor» jamoasi mavsumni bizga tegishli bo‘lgan MXSK stadionida o‘tkazgan. «Paxtakor» rahbariyati o‘sha damlarni eslashdi va bizni qo‘llab-quvvatlashdi»,- deydi Mirzayev.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid