Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Venesuelada nimalar bo‘lmoqda: Chegaradagi «Konsert jangi» va Kolumbiyaga taslim bo‘lgan askarlar
Venesuelada prezident Nikolas Maduroga qarshi bo‘lganlarning harbiylar, politsiya va hukumatparvar qurolli guruhlarga qarshi to‘qnashuvlari davom etmoqda. Bunday to‘qnashuvlar asosan insonparvarlik yordami ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarda sodir bo‘lmoqda, deb yozadi BBC.
To‘qnashuvlar natijasida halok bo‘lganlar ham bor. Maduroning raqiblari ham yuzlab jabrlanganlar haqida xabar berishmoqda.
Mojaroning ildizlari
Venesuela uzoq davom etayotgan iqtisodiy tanazzul iskanjasida qolgan. Aholining aksariyat qismi bunda 2013 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Maduroni ayblamoqda. Mamlakatda giperinflatsiya hukmron, odamlarga yegulik va dori-darmon yetishmayapti, yuz minglab venesuelaliklar mamlakatni tark etishgan.
2018 yil mayida Venesuelada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi va muxolifat asosiy nomzodlar saylovga qo‘yilmagani uchun uni boykot qildi. Natijada, Maduro g‘alaba qozondi, lekin uni na muxolifat, na Lotin Amerikasi davlatlari tan oldi.
2019 yil boshida mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib ketdi — yanvar oyining oxirida mamlakat parlamenti spikeri Xuan Guaydo shunday namoyishlardan birida o‘zini vaqtinchalik prezident deb e'lon qilib yubordi. Uni AQSh, Janubiy Amerikaning deyarli barcha davlatlari hamda Yevropaning ko‘plab davlatlari tan oldi.
Maduroni qo‘llab-quvvatlab, uning boshqaruvi chog‘ida Venesuelaga faol investitsiya kiritgan Rossiya va Xitoy o‘rtaga tushdi, shuningdek, Boliviya, Kuba va Nikaragua ham Maduroni yoqlashdi. Venesuela prezidentining o‘zi Guaydoni AQShga ishlashda aybladi.
Insonparvarlik yordami
Guaydo boshchiligidagi muxolifat o‘zini qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlardan Venesuelaga insonparvarlik yordami olib kirilishini ta'minlashga urinmoqda. O‘z navbatida, Maduro faqat o‘zini qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlar — birinchi navbatda Rossiyadan yordam kiritishga tayyor.
Maduroning ta'kidlashicha, davlatlar, xususan AQSh insonparvarlik yordami sifatida muxolifat ishlatishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘lar yuborayotganini ta'kidlamoqda. Natijada, prezidentga sodiqlikka qasamyod qilgan harbiylar gumanitar yordamni mamlakatga kiritmayapti.
So‘nggi kunlarda asosan AQShdan jo‘natilayotgan qariyb 300 tonna insonparvarlik yordami kiritilishi mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng taranglik yanada kuchaydi.
Guaydo yuz minglab ko‘ngillilar oziq-ovqat va dori-darmondan iborat yukning kiritilishiga yordam berajagini va'da qildi. Bunga javoban Maduro insonparvarlik yordami kirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida Kolumbiya bilan chegarani qisman yopib qo‘yish haqida buyruq berdi.
Lekin Guaydo va uning barcha tarafdorlari insonparvarlik yordami yuklangan yuk karvoni to‘xtab turgan Kolumbiyaga o‘tishdi. Avvaldan rejalanganidek, muxolifat 23 fevral kuni yuk mashinalarini Venesuelaga kuzatib kirmoqchi va harbiylarni chegarada yukni o‘tkazib yuborishga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi.
Bir vaqtning o‘zida Venesuelaga Braziliyadan ham insonparvarlik kiritishga urinish bo‘ldi. Ikkala chegarada ham mashinalarni yuzlab muxolifatchilar kutib olishayotgan edi — tez orada ular va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kela boshladi.
O‘ldirilganlar, yaradorlar va qochqinlar
To‘qnashuvlar natijasida har ikki chegarada o‘nlab namoyishchilar yarador qilindi. Frans Press agentligi xabariga ko‘ra, shanba kuni ikki kishi o‘ldirilgan va 300dan ortiq kishi yarador qilingan.
Agentlik xabariga ko‘ra, Kolumbiya hokimiyati chegaralarda jabrlanganlar sonini 285 kishi deb baholamoqda. Venesuela xavfsizlik kuchlari ularga nisbatan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan, muxolifatchilar esa harbiylar va politsiyachilarni toshbo‘ron qilishgan.
Venesuela – Braziliya chegarasida esa vaziyat yanada og‘ir. Foro Penal huquqbonlar guruhining ta'kidlashicha, bu yerda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘t ochgan. Natijada ikki kishi — ayol va 14 yoshli o‘smir halok bo‘lgan. Yana 31 kishi yaralangan.
Bu Venesuela va Braziliya chegarasidagi dastlabki qurbonlar emas — mahalliy nashrlar bir kun ilgari ham kamida ikki kishi o‘ldirilganini xabar qilishgan.
Venesuela hukumati hozircha qurbonlar va jabrlanganlar soni bo‘yicha rasmiy izoh berganicha yo‘q.
Yondirilgan yuk mashinalari

Kolumbiya bilan chegarada to‘qnashuvlar natijasida kamida ikkita yuk mashinasiga o‘t qo‘yilgan. Muxolifatning ta'kidlashicha, mashinalarni Maduro tarafdorlari to‘xtatgan va yoqib yuborgan. O‘z navbatida, Venesuela hukumati mashinalarga MRB agentlari o‘t qo‘yishganini ta'kidlashmoqda.
Putin s Maduro — bratya-bliznetsy. Odin sjigayet yevropeyskiye produkty, vtoroy — amerikanskiye. pic.twitter.com/zFId6ULVDc
— Rustem Adagamov (@adagamov) 24 fevralya 2019 g.
Voqea guvohlarining ta'kidlashicha, venesuelaliklar yonayotgan mashinalardan oziq-ovqatlar va dori-darmonlarni qutqarib qolishga urinishgan. Venesuelaga kirishga izn bermasliklari ayon bo‘lgach, insonparvarlik yordami yuklangan boshqa mashinalar Kolumbiyaga qaytarib ketilgan.
Braziliya tomondan kelayotgan mashinalar ham Venesuelaga kira olmagan. Garchi Guaydo dastlabki mashina Venesuelaga kirganini e'lon qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu yolg‘on bo‘lib chiqdi — birorta mashina mamlakat hududiga kiritilmagan.
Insonparvarlik yordamini dengiz yo‘li bilan ham kiritishga urinishgan. Uni Puerto-Rikodan ortib kelayotan kema Venesuela sohillariga yaqinlashayotgan chog‘da o‘qqa duchor bo‘lib, ortga qaytib ketishga majbur bo‘lgan.
Keyinroq Guaydo insonparvarlik yordamining bir qismini kiritishga muvaffaq bo‘lishganini yozib chiqdi. Lekin bu axborot boshqa manbalardan o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q. Guaydoning o‘zi ham yordam qayerdan kelgani va uning hajmiga aniqlik kiritmagan.
Uzilgan munosabatlar
Kolumbiyadan Venesuelaga insonparvarlik yordami kiritishga bo‘lgan urinishdan so‘ng Maduro rasmiy Bogota bilan diplomatik munosabatlar to‘liq uzilganini e'lon qildi. U mamlakatni tark etish uchun kolumbiyalik diplomatlarga 24 soat vaqt berdi.
Kolumbiya hukumati talabni bajarishga rozi bo‘ldi. Ular imkon qadar o‘z diplomatlarini Venesueladan chaqirib olishga kirishishgan, aks holda ularga tahdid solinishidan xavotirda.
Bundan tashqari, Kolumbiya Venesueladan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara, jumladan, to‘qnashuv yuz bergan hududlardagi o‘tkazish punktlari vaqtinchalik yopilishini e'lon qilgan. Chegara o‘tkazish punktlari faqat 26 fevral kuni ochilishi mumkin.
Rasmiy Karakas Kolumbiya bilan chegaralarning bir qismini muxolifatning yordam kiritish haqidagi rejalaridan boxabar bo‘lgach, juma kuniyoq yopib qo‘ygan. Undan avvalroq esa Venesuela Braziliya bilan chegarasi ham to‘liq yopilgan.
«Konsert jangi»

Chegaralar yopilgach, Venesueladan Kolumbiyaga, chegara yaqinidagi Urenya shahriga konsertga bormoqchi bo‘lgan kishilar guruhi to‘xtatildi. Chegarani ochishni talab qilgan venesuelaliklarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llandi.
Chegaradagi o‘tkazish punktlari yopilgach, qo‘shni davlatga ishlash uchun boruvchilar ham ishga bora olmay qolishdi. Kolumbiyadagi ish ko‘pchilik venesuelaliklar uchun yagona daromad manbai hisoblanadi. Ular chegarani ochishni talab qilib namoyishlar o‘tkazishmoqda va askarlardan nega xalqqa emas, diktatorga xizmat qilishayotganini so‘rashmoqda.
Mahalliy nashrlar yozishicha, odamlar taqiqlarga qaramasdan chegaradagi to‘siqlardan oshib o‘tishmoqda. Muxolifatchi siyosatchilar askarlarni oddiy odamlarga kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirishmoqda.

Ayrim hududlarda armiya vakillari bilan to‘qnashuvlar ro‘y bermoqda, namoyishchilar askarlarga toshlar va fayyerlar uloqtirishmoqda.
Dezertirlar

Kolumbiya Migratsiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, Venesuela Milliy gvardiyasining 3 nafar harbiysi ko‘priklardan birini qo‘riqlash chog‘ida postni tashlab ketgan va Kolumbiya tomonga o‘tib, qurollarni topshirgan holda taslim bo‘lib, yordam so‘rashgan.
Tomonlarning reaksiyasi
O‘z tarafdorlari oldida chiqish qilar ekan, Maduro uni iqtidordan ketkazishga bo‘lgan urinish to‘liq barbod bo‘lganini e'lon qildi. Bunga sabab qilib, o‘z zimmasiga vaqtinchalik prezident vakolatini olgan parlament spikeri 30 kun ichida yangi saylovlarni o‘tkazishni e'lon qilishi kerakligi, lekin bu muddat tugab bitganini ko‘rsatdi.
O‘z navbatida, Guaydo shanba kungi voqealardan so‘ng muxolifat o‘z maqsadlariga yetishish uchun har qanday variantlarni ko‘rib chiqishi lozimligini ta'kidlagan.
«Bugungi voqealar meni xalqaro hamjamiyatga rasman murojaat etishga va mamlakatimiz ozodligini ta'minlashi mumkin bo‘lgan hech bir variantni e'tibordan qochirmaslikka majbur qilmoqda», — deb yozgan u o‘z «Tvitter»ida.
AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Amerika tomoni venesuelalik harbiylarning xatti-harakatlarini qoralashini va to‘kilgan qon uchun bor mas'uliyat Maduroning zimmasida ekanligini e'lon qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Venesuelada demokratiya tiklanishi uchun xalaqit berayotganlarning barchasini javobgarlikka tortishga tayyor.
Venesuela tashqi ishlar vazirligi bunga javoban Pompeo shunchaki harbiy bosqinchilik uchun bahona axtarayotganini bayon etdi.
Mavzuga oid
17:35 / 21.04.2025
Salvador prezidenti venesuelalik noqonuniy migrantlarni «siyosiy mahbuslar»ga almashmoqchi
15:39 / 20.04.2025
AQSh Oliy sudi venesuelalik migrantlar deportatsiyasini to‘xtatib qo‘ydi
11:02 / 28.03.2025
Venesuela prezidenti AQSh davlat kotibini «ahmoq» deb atadi
22:09 / 26.03.2025