O‘zbekiston | 01:36 / 25.02.2019
29263
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini qabul qilishga tayyor»​. Osiyo olimpiya kengashi prezidenti bilan Kun.uz suhbati

24 fevral kuni Osiyo Olimpiya Kengashi (OCA) prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad as-Saboh Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov, MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi MOQ mutasaddilari hamda OAV xodimlari kutib olishdi.

Shayx Ahmad As-Saboh kuvaytlik siyosatchi va sport ma'muri ham hisoblanadi. Ayni paytda u Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a'zosi, Osiyo Gandbol federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat olib boradi. As-Saboh 2001-2003 yillarda Kuvayt Axborot vaziri, 2003-2006 yillarda Energetika vaziri, 2005 yilda OPeK bosh kotibi, 2006 yildan esa Kuvayt Davlat xavfsizlik xizmati boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Shayx Ahmad As-Saboh Kun.uzʼga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekistonning navbatdagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatlari, sport atrofidagi siyosiy kelishmovchiliklar, Markaziy Osiyoga “qaytayotgan” hokkey to‘g‘risida gapirib, shaxsiy mulohazalarini bildirdi.

– Assalomu alaykum, shayx As-Saboh, sizni O‘zbekistonda ko‘rib turganimizdan mamnunmiz.

– Katta rahmat, mamlakatingizga qayta tashrif buyurib, mehmon bo‘lib turganimdan xursandman.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

– Osiyo olimpiya kengashi prezidenti O‘zbekistonda nima maqsad bilan tashrif buyurgan, oldinda qanday rejalar bor?

– O‘zbekiston, xususan Toshkent shahri mustaqillik yillarining ilk davridanoq Osiyoda sportni ommalashtirishda muhim rol o‘ynay boshlagan. Mamlakatning birinchi prezidenti ham, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev ham yoshlar va sport masalalariga alohida e'tibor qaratdi. Shuning uchun, rasmiy Toshkent doim bu yo‘nalishda faollik ko‘rsatgan. Osiyo o‘yinlarida muntazam ishtirok etayotgan o‘zbek sportchilari, jumladan bokschilar, kurashchilar, futbolchilar faxrli natijalarga erishib kelmoqda.

Bizning qit'ada Markaziy Osiyo alohida e'tiborli hududga aylanmoqda. Shu tufayli Toshkentda Osiyo sportining kelajagi haqida biroz fikr almashib, yangi saylangan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov bilan hamkorlikda ishlarni davom ettiramiz. Uchrashuvlarda O‘zbekistonning xalqaro sport tadbirlardagi ishtirokini ta'minlash uchun tayyorgarlik ishlari, shuningdek, xalqaro sport tadbirlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Menimcha, O‘zbekiston ayni paytda yirik sport tadbirlaridan biriga mezbonlik qilishga tayyor. Markaziy Osiyoda faqat Qozog‘iston qishki Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qildi. Shu tufayli, O‘zbekiston ham bunday tadbirlarni o‘tkazishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston prezidenti bilan rejalashtirilgan uchrashuvimizda ham ko‘rib chiqiladi.

– Toshkent va Samarqandning Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

– Men O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlarini qabul qilishga tayyor, deb bilaman. Osiyo olimpiya kengashi va O‘zbekiston MOQ ekspertlari xulosasi, O‘zbekiston prezidentining sa'y-harakatlari va ko‘magida sportning rivojlantirilishi, barcha sabab va omillar bizni bir xulosaga olib keladiki, Toshkent va Samarqand Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga tayyor va mezbonlik qila oladi.

– Osiyo qit'asida sportning shiddat bilan rivojlanib borayotganini kuzatyapmiz. Ana shu rivojlanishga qanday omillar turtki bo‘lmoqda?

– Gap shundaki, sportni xalqaro darajada rivojlantirish ishlari Osiyoda avvalroq boshlangandi. Barcha yirik sport musobaqalari ko‘tarinki ruhda, yuqori talabchanlik bilan tashkil etiladi. Qit'adoshlarimizning birdamligi, barqarorlik sportni rivojlantirishga katta xizmat qiladi. Oxirgi marta Olimpiya o‘yinlari ham Osiyoda, Pyongchangda o‘tkazildi (2018 yilgi qishki Olimpiada - tahr.). Bundan tashqari, Pekin katta olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan bo‘lsa, navbatda bizni Tokio kutmoqda. Bularning barcha Osiyo! 2022 yili futbol bo‘yicha jahon chempionati Dohada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bularning barchasi birdamlik, xalqlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar va tashkilotimizning barqaror faoliyat olib borishi, sportning siyosatdan xoli bo‘lishiga urinish evaziga amalga oshmoqda va sportdagi yetakchi qit'aga aylanishga imkon beradi.

– O‘zbek bokschilarning muvaffaqiyati haqida gapirarkansiz, yana bir masalaga e'tibor qaratish kerak, deb o‘ylayman. AIBA tashkilotini Tokio olimpiadasidan chetlatish xavfi paydo bo‘lgan. Bu holatga siz qanday munosabat bildirasiz?

– Biz XOQ va AIBA munosabatlari o‘rtasidagi jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Biz AIBA va XOQ ushbu masalaga tez orada ijobiy yechim topib, vaziyatni o‘nglashiga ishonamiz. Boks sport musobaqalarining muhim qismi hisoblanadi va 2020 yilgi Tokio olimpiada o‘yinlarida boks sport turi bo‘yicha musobaqalar tashkil etilishiga ishonaman.

– Quyidagi savolim sport atrofidagi ayrim siyosiy kelishmovchiliklar to‘g‘risida. Arab davlatlari orasida, Osiyoning boshqa nuqtalarida siyosiy kelishmovchiliklar sportda ham aks etayotgani kuzatilmoqda. Sport siyosatdan xoli bo‘lishi kerakmasmi?

– Osiyo olimpiya kengashi prezidenti sifatida sportning siyosatdan xoli bo‘lishiga intilyapmiz. Bu muammo nafaqat arab davlatlari orasida, balki Janubiy va Shimoliy Koreya munosabatlari misolida, Hindiston va Pokiston aloqalari, Eron va Iroq, Kamboja yo Tailand misolida siyosiy kelishmovchilik ko‘zga tashlanadi. Chunki bu ko‘hna qit'a, barcha munosabatlar chuqur ildizga ega. Shunga qaramay, Allohga shukr, barcha sport o‘yinlarida davlatlarning ishtiroki to‘liq ta'minlanadi, hech qachon boykot bo‘lmadi. Bu paytlarda barcha davlatlar bitta olimpiya qishlog‘ida yashaydi. Menimcha, sport orqali siyosiy muammolarga yechim topilar.

– O‘zbekistonlik muxlislarga doim qiziq: belbog‘li kurash Osiyo o‘yinlariga kiritiladimi?

– Shu masalada muvofiqlashtirish qo‘mitasi endigina Hanjouga yetib bordi. Albatta, kurashning bu ro‘yxatga kiritilgani ham katta muvaffaqiyat. Menimcha, bu masala Bosh assambleya ishida hal etilishi kerak. Belbog‘li kurashning Osiyo o‘yinlariga kiritilishi 2020 yilgi Bosh assambleya ishida ko‘rib chiqilishi mumkin.

– Shayx as-Saboh, siz Osiyo olimpiya kengashini olg‘a yetaklashga, rivojlantirishga katta kuch topib, kelajakda yaxshi natijalarga erishishingizdan umidvormiz. O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvda esa mazmunli suhbatlar bo‘lib, kerakli natijalarga erishishingizga tilakdoshmiz.

– Inshaallah, mazmunli suhbat uchun rahmat. O‘zbekistonlik sportchilar erishayotgan natijalardan biz ham quvonamiz. Biz hamkorlikning bardavom bo‘lishini, ko‘zlangan natijalarga erishishni istaymiz.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzuga oid