Sport | 15:49 / 27.02.2019
15992
12 daqiqa o‘qiladi

Bukmekerlik idoralari, kelishilgan o‘yinlar va futboldagi korrupsiya. PFL rahbariyati bilan suhbat

O‘zbekistonda futbolga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘lgani sababli futbol ichidagi odamlar doimo keng muhokamalarga sabab bo‘lishgan. Futbolimizdagi o‘zgarishlar, yangi mavsumga bo‘layotgan tayyorgarliklar yuzasidan savollarimizga javob olish uchun O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov hamda PFL direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jayevni studiyamizga taklif qildik. Mehmonlarimiz barcha savollarimizga atroflicha javob berishdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Qanday jamoa bo‘lishidan qat'i nazar avval talablarni bajarib qo‘ysin»

PFL oxirgi vaqtlarda klublarni ko‘p marta ogohlantirmoqda, klublarga nisbatan jazolar ham ko‘payib ketdi. Bundan klublar quloqsiz bo‘lib ketganini taxmin qilish mumkin. Buni PFL rasmiylari ham tasdiqlashdi.

—Klublar uzoq vaqt nazoratsiz ishlagani sabab chindan ham mas'uliyatsiz bo‘lib ketishgan. Oldingi rahbariyatni qoralash niyatimiz yo‘q, lekin ular vaqtida klublar litsenziyalashdan osongina o‘tib ketaverishgan. Avval jamoalarning stadionlari, akademiyalari mavsumga tayyor bo‘lmasa ham, badal pulini to‘lab litsenziyadan o‘taverishgan. Biz endi bunga yo‘l qo‘ymaymiz.

Klublar o‘tgan yil mavsumni boshlab olaylik, keyin sharoitlarni yaxshilaymiz deb, so‘zida turmadi. Biz endi ularning quruq va'dalariga ishonmaymiz. U birinchi o‘rindagi jamoa bo‘ladimi, oxirgi o‘rindagi jamoa bo‘ladimi, Chempionlar Ligasida qatnashadigan jamoa bo‘ladimi, bizga farqi yo‘q. Talablarni bajarsin va marhamat, chempionatda qatnashsin.

Klublarning ba'zilari mavsumga boshqa davlatlarda tayyorlanmoqda. Futbolchilar bilan birga rahbariyatdagilar ham ketishgan. Axir ularga nima bor yig‘inda? Klublarda hali qilinadigan ish juda ko‘p bo‘lgan vaqtda rahbariyat chet elda yurishi emas, klubning muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanishi kerak. Bilasizmi, hozir klublarda savodli mutaxassislar yetishmaydi. Bitta xodim ham muxlislar bilan ishlaydi, ham marketing bilan shug‘ullanadi, ham boshqa ishlarni qilib ketaveradi. Biz klublardan har kim o‘zining ishini qilishini qattiq talab qilyapmiz.

Aslida litsenziyalash talablari ko‘pchilik o‘ylaganidek murakkab emas. Klublar kelib hujjatlarni topshirishadi, biz ularni tekshirib, xatolari bo‘lsa, ko‘rsatamiz. Shundan keyin ular kamchiliklarini tuzatib qaytadan hujjatlarini taqdim etishlari mumkin. Hammasi juda oddiy.

«2 500 dollarni bir o‘yinda chiqarib olishadi»

Bugun korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz. Jamiyatning bu illat yetib bormagan qatlami qolmagan. Shu jumladan, futbol ham bundan mustasno emas. Diyor Imomxo‘jayev PFLdagi korrupsiyaga bog‘liq bir vaziyat haqida gapirib berdi:

—Xabaringiz bor, PFL xodimi pora bilan qo‘lga tushdi. U Pro-Liga «B» jamoasini litsenziyadan o‘tkazish uchun 2 500 dollar pora olgan. Vaholanki, u pulni olgani bilan litsenziyadan o‘tkazib qo‘ysa ham mayli. Lisenziyalash bilan PFL emas, O‘FA shug‘ullanadi. Qaysi ahmoq jamoa bu pullarni keyinchalik qaytarib olishiga ishonmasa litsenziyadan o‘tish uchun 2 500 dollar beradi? Chunki ular totalizator orqali bitta o‘yinda chiqarib olishadi bu pulni.

Baraka topgur, o‘sha 2 500 dollarni o‘zing uchun ishlat, stadioningni to‘g‘rila, akademiyaga ishlat. Mana shunday ishlarning oldini olish uchun talablarni kuchaytirishimiz, jazo muqarrarligini tushuntirishimiz kerak. Tartibsiz natijaga erishib bo‘lmaydi.

«Nega bizda bukmekerlik idorasi ochilmasligi kerak?»

Totalizator haqida gap ochilganidan so‘ng O‘zbekistonda totalizatorning kirishi kelishilgan o‘yinlarga qarshi yurish bo‘lishi mumkinmi, degan savol bilan murajaat qilganimizda, shunday javob oldik:

—Totalizator O‘zbekistonda qonun bilan taqiqlangan narsa. Din jihatdan ham bu qoralanadi va shaxsan men aynan shu sabab bu o‘yinni o‘ynamayman. Lekin odamlar o‘ynashmoqda-ku?! Bizda juda ko‘pchilik totalizator orqali o‘yinlarga pul tikib, pul ishlaydi yoki yo‘qotadi. Boshqacha qilib aytganda, bizning valuta boshqa mamlakatga chiqib ketyapti. Odamlar shundoq ham boshqa mamlakatlardagi bukmekerlik idoralari orqali totalizatorga pul tikayotgan ekan, nega biz uni o‘zimizda ochmasligimiz kerak? Yevropadagi katta klublar ham bukmekerlik idoralaridan katta pul olishadi. Biz ham bu orqali futbolga pul olib kirishimiz mumkin.

Bundan tashqari, bukmekerlik idoralari qaysi mamlakatda faoliyat yuritishsa, u yerdagi o‘yinlarni tekshirishadi. Chunki klublar o‘yinlarni kelishib, bu orqali bukmekerlik idoralarini qimmatga tushirishlari mumkin. Agar bizda ham bukmekerlik idorasi bo‘lsa, bu kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash bo‘lishi mumkin.

«Ko‘pi bilan uchta o‘yini shubhaga olingan jamoaga chora ko‘riladi»

OFK yaqinda qit'adagi kelishilgan o‘yinlar borasida ma'lumot bergan va barcha chempionat rasmiylariga bu borada xat bilan chiqqandi. PFL ham bu borada xat olgan va unda bir nechta o‘yinning kelishilgan bo‘lishi mumkinligi shubhaga olingan. Bunday o‘yinlar orasida «kutilmaganda» «Qizilqum» jamoasining nomi tez-tez tilga olingan. Bu borada ham tegishli javob oldik:

—Bukmekerlik korxonalari bilan ishlaydigan va kelishilgan o‘yinlarni aniqlovchi tashkilotlar bor. Ular radar kompaniyasi deyiladi. O‘sha kompaniyalar kutilmaganda katta pullar tikilgan o‘yinlarni tahlil qilishadi va ularni shubhali degan ro‘yxatga kiritishadi. OFK esa ularni barcha mamlakatlarga yuboradi. «Qizilqum»ning 7ta o‘yini shubhali deb topilgan, kelishilgan deb emas. Kelishilgan o‘yinlarni aniqlash oson ish emas. Bunga organ aralashmasa, deyarli imkonsiz. Bu borada ham ishlar olib boryapmiz. Qo‘limizda ikkita o‘yinning kelishilganini isbotlashi mumkin bo‘lgan faktlar bor. Agar o‘shalarni isbotlasak, qolgani zanjir kabi ulanib ketishiga umid qilamiz. Endi biz boshqacha yo‘l tutamiz. OFK bizga birorta jamoaning kamida uchta o‘yinini shubhali deb topib xat yuborsa, ularga chora ko‘ramiz.

«Biz Osiyoning Belgiyasi, Xorvatiyasi bo‘lishimiz kerak»

Bugun muxlislar PFLni sport prinsiplariga rioya qilmaganlikda ayblamoqda. Mehmonlarimiz qachon sport prinsiplari birinchi planga chiqishi haqida ham gapirishdi:

—Bizning asosiy maqsadimiz klublarni xususiylashtirish. Lekin buning uchun nimadir qila olmaymiz, chunki biz nodavlat-notijorat tashkilotmiz. Yirik davlat korxonasiga bu jamoaga pul ajratmang, u xususiy bo‘lishi kerak deb ayta olmaymiz-ku, to‘g‘rimi? Bizning qo‘limizdan keladigan yagona narsa litsenziyalash. Biz klublarga litsenziyalash talablarini taklif etamiz, ular esa bu talablarni bajarishadi.

Klublar shu vaqtgacha shunday ishlashgan: homiy sizga bir yilda, aytaylik, 30 milliard so‘m pul ajratadi. Siz uni bemalol taqsimlab tashlaysiz. Va keyingi yil uchun yana pul berishlarini kutasiz. Kechirasiz, lekin bunday ishlashni men ham, siz ham bilamiz. Biz endi ularga boshqacha talab qo‘yamiz. Bolalar futboliga mana buncha ajratasan, ayollar futboliga mana buncha ajratasan, akademiya uchun buncha, stadion uchun buncha ajratasan, qolganini asosiy tarkib uchun ishlatasan, deymiz.

Nima keragi bor legionerlar uchun pul sarflab? Bizga keragi yo‘q yulduz futbolchilarni chempionatimizda o‘ynatish. Biz fabrika bo‘lishimiz kerak. Osiyoning Belgiyasi, Xorvatiyasi bo‘lishimiz kerak. Qit'aning Ispaniyasi, Italiyasi bo‘la olmaymiz. Bizning korxonalar futbolga ajratayotgan pullar Qatar, Xitoy ajratayotgan pullar oldida pista po‘choqdek gap. Biz futbol fabrikasiga aylanishimiz kerak. Shu uchun bolalar futboliga qo‘rqmay pul ajratsa bo‘ladi. Chunki bu kelajak uchun ajratilgan kapital. Agar barchasi bizning rejamiz asosida davom etsa, 10 yildan so‘ng davlat korxonalari futbolga pul ajratmasa ham bo‘laveradi.

Bizning rejamiz shunday: litsenziyalash talablari orqali klublarni rivojlantirish. Lisenziyalash uchun qo‘yilayotgan talablar foydali ekani haqida xohlagan odam bilan tortishishim mumkin.

Klublar o‘zini boqishi kerak. Buning uchun akademiyadan unumli foydalanish talab etiladi. Masalan, yaqinda «Nasaf» Odil Hamrobekovni 2,5 milliard so‘mga transfer qildi. O‘z vaqtida Sardor Rashidov 2,1 million dollarga sotilgandi. Agar klubga o‘z akademiyasidan pul tushib tursa, bu hech bo‘lmasa ichki ehtiyojlar uchun yetarli bo‘ladi.

Hozir Qashqadaryo klublari nisbatan to‘g‘riroq yo‘lda ketyapti deb ayta olaman. Ular o‘z xarajatlarini qisman qoplash uchun bo‘lsa ham harakat qilishmoqda. Ular oddiy paypoq ishlab chiqaradigan, to‘ylarga har xil narsalar tayyorlab beradigan korxonalar tashkil qilishgan. Xullas, nimadir qilishmoqda. Qolgan jamoalarda esa nima bor? Qaysi jamoaning stadioni bor? Bormi o‘z stadioniga ega jamoa? Taqqoslaydigan bo‘lsa, bizga davlatdan pul olib ishlaydigan saytlar emas, o‘zini boqadigan Kun.uz yoki Daryo.uz kabi saytlar kerak.

«Endi ikkita jamoa Superligadan tushib ketadi»

O‘tgan mavsumda Superligaga Pro-Ligadan bitta jamoa chiqdi. Yana ikkita yo‘llanma uchun Pro-Liganing ikkinchi va uchinchi jamoalari Superligada 10 va 11-o‘rinlarni olgan klublar bilan o‘ynashdi. Superliga jamoalari quyi liga klublarini hech qanday qiyinchiliksiz mag‘lub etib, ligadagi o‘rinlarini saqlab qolishdi. Ma'lum bo‘lishicha, PFL keyingi mavsumdan Superligani ikkita jamoa tark etadi:

—Biz bu mavsumdan Superligani ikkita jamoa tark etishini belgilab qo‘ydik. O‘z navbatida, Pro-Ligadan ikkita jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga chiqadi. Pro-Liganing tepadan uchinchisi hamda Superliganing oxiridan uchinchi jamoalari Superligada o‘ynash uchun saralashda qatnashadi. Bu bahs taqdiri bitta o‘yinda hal bo‘ladi va uchrashuv Pro-Liga jamoasi stadionida o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Superliga hamda Pro-Liga jamoalariga qo‘yiladigan talablarni deyarli bir xil qilib qo‘ydik. Superligada legionerlar limiti 4+1 edimi? Marhamat, endi Pro-Ligada ham shunday. Bitta ligada 45 daqiqa 1997 yil va undan kichik yoshdagilar o‘ynashi majburiy edimi? Endi ikkita ligada ham shunday. Maqsadimiz ligalar o‘rtasidagi farqni kamaytirish.

Mavzuga oid