Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olingan tushumni xronometraj ko‘zdan kechirishdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni xronometraj ko‘zdan kechirishdan o‘tkazish hamda kamaytirilgan tushum summasidan soliqlarni hisoblab chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazishga boshqa shaxslarni, shu jumladan ekspertlarni jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Pul tushumini, ishlab chiqarish hajmlarini va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini xronometraj ko‘zdan kechirish tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi soliq to‘lovchilarda, bevosita tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish joyida, mahsulot ishlab chiqarish sexlarida, shuningdek ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish joylarida hamda soliq to‘lovchi daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obektlarini saqlash bilan bog‘liq boshqa joylarda davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan kuzatish va qayd etish orqali o‘tkaziladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirishni amalga oshirish jarayonida soliq to‘lovchidan hisobga olish hujjatlarini talab qilishga, soliq to‘lovchiga nisbatan talablar qo‘yishga yoki soliq to‘lovchining faoliyatiga boshqacha tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan soliq to‘lovchidan hamda rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslardan, soliq to‘lovchining boshqa moddiy javobgar xodimlaridan tushuntirishlar olish, shuningdek nazorat-kassa mashinalarida va to‘lov terminallarida saqlanayotgan xronometrajni o‘tkazish davriga doir ma'lumotlarni olish mustasno.
Xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish muddati ketma-ketlikda yetti kalendar kundan ortiq bo‘lmagan holda, soliq to‘lovchining belgilangan ish rejimi va faoliyat turidan kelib chiqib o‘tkaziladi. Xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish muddati dam olish kunlariga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kunlari hisobiga o‘tkazib yuborilgan muddat keyingi ish kunidan boshlab hisoblanadi.
Bunda, xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchining kunlik ish vaqtini to‘liq qamrab olgan holda, joylashgan joyidan qat'iy nazar barcha obektlarida bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq tekshiruvi hisoblanmaydi va tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobiga yozuv kiritilmaydi.
Xronometraj ko‘zdan kechirishni tayinlashga tushumlarning haqiqiy hajmlarini, pul tushumi summalarini, ishlab chiqarish hajmlarini, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish hajmlarini aniqlash zaruriyati asos bo‘ladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkaziladigan soliq to‘lovchilar ro‘yxati quyidagi mezonlar asosida shakllantiriladi:
soliq to‘lovchilarning soliq obektlari va soliq solish bilan bog‘liq obektlari to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish maqsadida ko‘zdan kechirish va so‘rov o‘tkazish jarayonida tuzilgan ma'lumotnomalardagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushumlarni hamda ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, qurilish, qurilish-montaj, ta'mirlash-qurilish hajmlarini kamaytirib ko‘rsatilishiga oid shubhali ma'lumotlar;
vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan (tashqi manba) ma'lumotlari tahliliga ko‘ra, soliq organlariga taqdim etilgan soliq va moliyaviy hisobotlari, shuningdek, boshqa ma'lumotlarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushumlar hamda ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, qurilish, qurilish-montaj, ta'mirlash-qurilish hajmlarini kamaytirib ko‘rsatilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
bir hududda (ko‘chada, bozor va savdo komplekslarida, mahallada yonma-yon) joylashgan, faoliyat turi, realizatsiya hajmi bir-biriga o‘xshash bo‘lgan bir nechta sub'yektlarning kunlik o‘rtacha tushumlariga nisbatan keskin farq qiladigan tafovutli ma'lumotlar;
markaziy bank tomonidan elektron tarzda taqdim etilayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushumlari o‘tgan davrlarga nisbatan asossiz ravishda kamayib ketganligi va savdo tushumlarini to‘liq bank kassalariga topshirmayotganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi bo‘yicha naqd pul va to‘lov terminali orqali tushgan kunlik tushumlar o‘rtasida mavjud yuqori tafovutlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
soliq to‘lovchi faoliyatining xususiyatlari, ish rejimi va mavsumiy omillarni hisobga olgan holda ish kuni davomida onlayn nazorat kassa mashinalaridan kamida 2-3 soat oralig‘ida chek urilmaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilgandan keyingi davrlarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan tushgan tushumlarning xronometraj ko‘zdan kechirish davomida aniqlangan tushumlarga nisbatan 50 foizdan yuqori kamayib ketganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
elektron hisobvaraq-fakturalari orqali kirim qilingan tovarlar hajmiga nisbatan o‘rtacha oylik tushumlarining farq qilishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishning haqiqiy hajmlarini aniqlash bo‘yicha xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq mezonlar bo‘yicha soliq solish obektlarini va soliq solish bilan bog‘liq obektlarni hisobga olish jarayonida soliq to‘lovchi tomonidan realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) hamda soliq solish obektlarining haqiqiy hajmlari kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar o‘rinbosari tomonidan qabul qilinadi.
Davlat soliq xizmati organining realizatsiya qilingan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) haqiqiy hajmlarini aniqlash bo‘yicha xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘ida xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkaziladigan soliq to‘lovchi, uning identifikatsiya raqami, xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish joyi va muddati, davlat soliq xizmati organining xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazadigan mansabdor shaxslari tarkibi majburiy tartibda ko‘rsatiladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:
a) soliq to‘lovchi va uning vakilining huquqlari:
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazishni amalga oshirayotgan soliq organlari mansabdor shaxslaridan ko‘zdan kechirish masalalari yuzasidan tushuntirishlar talab qilish;
xronometraj ko‘zdan kechirish materiallari bilan tanishish va natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma'lumotnomadan nusxa olish;
xronometraj ko‘zdan kechirishni amalga oshirayotgan soliq organlari mansabdor shaxslarining noqonuniy talablarini bajarmaslik hamda masalaga aloqasi bo‘lmagan hujjatlarni taqdim etmaslik;
xronometraj ko‘zdan kechirishni amalga oshirayotgan soliq organi mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
xronometraj ko‘zdan kechirish jarayonida qatnashish uchun o‘z vakilini taklif qilish;
xronometraj ko‘zdan kechirish natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda yoki kelgusida uning faoliyatida tushumlar bo‘yicha keskin o‘zgarishlar kuzatilganda (tushumlarning kamayishi yoki ko‘payishi) qayta xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga murojaat qilish;
qonun hujjatlarda belgilangan boshqa huquqlar.
b) davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining huquqlari:
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish jarayonida soliq to‘lovchining nazorat-kassa mashinasi, to‘lov terminali, Post terminali va ularning xotirasida mavjud ma'lumotlarni olish, shuningdek boshqa texnik vositalariga tegishli hujjatlar (uskuna pasporti, sertifikatlari) ko‘rib chiqish;
soliq to‘lovchi yoki uning vakilining yordami bilan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida o‘rnatilgan tushum bilan bog‘liq bo‘lgan dasturiy mahsullar va axborot tizimlaridan foydalanish;
soliq to‘lovchining ishlab chiqarish hududlarini, omborxonalarini, savdo obektlarini, boshqa daromad olish hamda soliq solish bilan bog‘liq bino va inshootlarini soliq to‘lovchi yoki uning vakili ishtirokida ularning faoliyatiga zarar yetkazmasdan ko‘zdan kechirish;
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish jarayonida har bir xaridor (mijoz)ga qilgan xaridlari bo‘yicha nazorat-kassa mashinasi xarid chekini berish hamda naqd pul tushumlarini bank kassalariga to‘liq kirim qilinishini talab qilish;
soliq to‘lovchi tomonidan xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishishdan bo‘yin tovlanganda yoki ko‘zdan kechirish o‘tkazishga to‘sqinlik qilinganda, shuningdek xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish jarayonida nazorat-kassa mashinasining yaroqsizligi yoki boshqa sub'yektga tegishli nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminalidan foydalanilayotganligi aniqlangan taqdirda aniqlangan holat bo‘yicha ma'lumotnoma rasmiylashtirib vakolatli organni xabardor qilish tartibida tekshiruv tashkil etish uchun davlat soliq xizmati organining rahbariga taklif kiritish;
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilayotgan soliq to‘lovchidan oylik ish kunlari soni to‘g‘risidagi ma'lumotlarni talab qilish;
xronometraj ko‘zdan kechirish jarayonida qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud bo‘lmagan hamda tegishli ruxsatnomalarsiz alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarish, saqlash yoki realizatsiya qilish holatlari aniqlangan taqdirda vakolatli organni xabardor qilish tartibida tekshiruv tashkil etish uchun davlat soliq xizmati organining rahbariga taklif kiritish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlar.
Xronometraj ko‘zdan kechirish ishtirokchilarining majburiyatlar:
a) soliq to‘lovchi va uning vakilining majburiyatlari:
xronometraj ko‘zdan kechirishni amalga oshirayotgan davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslariga nazorat-kassa mashinalarida va to‘lov terminallarida saqlanayotgan xronometraj o‘tkazish davriga doir ma'lumotlarni taqdim etish;
xronometraj ko‘zdan kechirishni amalga oshirayotgan soliq organlari mansabdor shaxslarini ishlab chiqarish hududlari, omborxonalar, savdo obektlari, boshqa daromad olish hamda soliq solish bilan bog‘liq bino va inshootlarni ko‘zdan kechirishni amalga oshirish uchun kiritish;
soliq organlari mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarish va xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaslik;
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish jarayonida har bir xaridor (mijoz)ga qilgan xaridlari bo‘yicha nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminalining xarid chekini berish hamda naqd pul tushumlarini bank kassalariga to‘liq kirim qilish;
qonun hujjatlarda belgilangan boshqa majburiyatlar.
b) davlat soliq xizmati organi mansabdor shaxslarining majburiyatlari:
xronometraj ko‘zdan kechirish boshlashdan oldin soliq to‘lovchiga o‘zining xizmat guvohnomasi orqali tanishtirish va tashrif maqsadini tushuntirish;
soliq to‘lovchini davlat soliq xizmati organining xronometraj ko‘zdan kechirish tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruq bilan tanishtirish va nusxasi taqdim etish;
xronometraj ko‘zdan kechirish natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma'lumotnomadan soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga nusxa taqdim etish hamda aniqlangan holatlar bo‘yicha qonunda belgilangan tartiblar to‘g‘risida tushuntirishlar berish;
soliq to‘lovchi va uning faoliyatiga aloqador bo‘lgan axborotlarni boshqa shaxslarga oshkor etmaslik;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar.
Soliq to‘lovchi yoki uning vakili davlat soliq xizmati organining xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishtirilgan vaqtdan xronometraj ko‘zdan kechirish boshlangan hisoblanadi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchining faoliyatini to‘xtatmasdan kunlik ish rejimini to‘liq qamrab olgan holda, joylashgan joyidan qat'iy nazar barcha obektlarida bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi.
Davlat soliq xizmati organi soliq to‘lovchining boshqa hududlardagi obektlarida xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish yuzasidan obekt joylashgan hududiy davlat soliq xizmati organiga rejalashtirilgan xronometraj ko‘zdan kechirishning aniq sanasini ko‘rsatgan holda xronometraj ko‘zdan kechirish boshlanishidan 3 (uch) kun oldin yozma xabarnoma yuboradi.
Bunda, soliq to‘lovchining boshqa hududlardagi obektlarida o‘tkazilgan xronometraj ko‘zdan kechirish natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma'lumotlar ko‘zdan kechirish yakunlangandan keyin soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan davlat soliq xizmati organiga 3 (uch) ish kuni ichida yuborilishi shart.
Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchi va uning xodimlariga xalaqit bermagan holda quyidagi joylarda o‘tkaziladi:
chakana va ulgurji savdo sohasida bevosita tovarlar realizatsiyasi uchun mo‘ljallangan hamda mijoz bilan hisob-kitob qilish joylarida (kassa yonida);
umumiy ovqatlanish sohasida bevosita taom tayyorlanadigan, mijozlarga taom tarqatiladigan va mijoz bilan hisob-kitob qilinadigan joylarida;
xizmat ko‘rsatish sohasida bevosita xizmatlar ko‘rsatish va mijoz bilan hisob-kitob qilish joylarida;
ishlab chiqarish sohasida bevosita mahsulot ishlab chiqarish sexlarida va mahsulotlarni tarqatish omborxonalarida hamda mijoz bilan hisob-kitob qilish joylarida;
boshqa sohalarda soliq to‘lovchining daromadlar olish uchun foydalanayotgan yoxud soliq solish obektlarini saqlash bilan bog‘liq joylarda o‘tkaziladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
a) chakana savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohasida:
soliq to‘lovchining kassasidagi mavjud naqd pul qoldig‘ini nazorat-kassa mashinasining “X” hisoboti bilan solishtirish va ijobiy farq summasini nazorat-kassa mashinasining xotirasiga kiritilishini ta'minlash;
realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlarning haqiqiy hajmini aniqlash hamda kunlik pul mablag‘lari tushumini kuzatish va qayd etish;
xronometraj ko‘zdan kechirish yakunida nazorat-kassa mashinasidan «Z» hisobot olishdan oldin har bir mijoz bo‘yicha kun davomida berilgan cheklar tarixi nusxalarini chiqarish va ma'lumotnomaga ilova qilish;
ishchilar soni va ularning ro‘yxatini shakllantirish;
xronometraj ko‘zdan kechirish yakunida kassadagi mavjud kunlik pul tushumi bilan qayd etish varaqasidagi tushumlar miqdori o‘rtasidagi ijobiy farq summasini nazorat-kassa mashinasining xotirasiga kiritish;
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilgan kundagi naqd pul tushumlarining bank ish vaqti tugagunga qadar bo‘lgan qismini shu kunning o‘zida va qolgan qismini keyingi ish kunidan kechiktirmasdan bank kassasiga topshirtirish, bunda kun yakunidagi qoldiq naqd pul tushumlarini keyingi ish kunidan kechiktirmasdan bank kassasiga topshirilishi yuzasidan soliq to‘lovchidan kafolat xati olinadi.
b) ishlab chiqarish sohasida:
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxi va sotish narxiga, hajmiga, omborxonalaridagi tayyor mahsulotlar miqdoriga aniqlik kiritish;
ishlab chiqarish quvvatlari uchun sarflanayotgan tabiiy resurslarini (gaz, elektr energiyasi, suv, yoqilg‘i-moylash materiallari) hajmini o‘lchov asboblari orqali qayd etish;
ishlab chiqarish uchun sarflanayotgan tovar xom-ashyolar hajmini qayd etish;
ishlab chiqarish uskunalarining sonini va ularni quvvatlarini aniqlash;
ishchilar soni va ularning ro‘yxatini shakllantirish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va miqdorini aniqlash;
ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilish usullarini aniqlash va jarayonini qayd etish.
Xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish ma'lum sabablarga ko‘ra soliq to‘lovchida ish vaqti tugamasdan to‘xtatilsa, xronometraj ko‘zdan kechirish yakuniga yetkazilmagan hisoblanadi va xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish muddati doirasida boshqa kunga ko‘chiriladi.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishning haqiqiy hajmlarini aniqlash bo‘yicha xronometraj ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha ikki nusxada ma'lumotnoma tuzadi. Ma'lumotnomaning bir nusxasi soliq to‘lovchiga topshiriladi.
Agar, soliq to‘lovchi ma'lumotnomani olishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi bu haqda ma'lumotnomaga tegishli yozuvni kiritadi va ma'lumotnomaning bir nusxasi pochta orqali buyurtma xat bilan yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda jo‘natiladi hamda u jo‘natilgandan keyin uch kun o‘tgach soliq to‘lovchiga topshirilgan hisoblanadi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma'lumotnomaga ko‘zdan kechirish jarayoni bilan bog‘liq hujjatlar va foto lavhalar ilova qilinadi.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari xronometraj ko‘zdan kechirish natijasiga ko‘ra tuzilgan ma'lumotnoma bo‘yicha xronometraj ko‘zdan kechirish yakunlangandan keyin 1 (bir) ish kuni ichida davlat soliq xizmati organi rahbariyatiga bildirishnoma kiritadi.
Davlat soliq qo‘mitasi o‘tkazilgan xronometraj ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma'lumotnomalarning elektron hisobini yuritadi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish natijalaridan soliq solish obektlari va soliq solish bilan bog‘liq obektlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish, shu jumladan elektron shaklda shakllantirish va yuritish, shuningdek taqdim etiladigan hisobotlarning va hisoblab chiqarilgan soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarning summalari ishonchliligini solishtirib ko‘rish uchun foydalaniladi.
Davlat soliq xizmati organlari soliq to‘lovchi faoliyatining xususiyatlari va mavsumiy omillarni hisobga olgan holda soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilgan davrga oid soliq hisobotida aks ettirilgan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan xronometraj jarayonida olingan tushum to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan solishtirishni amalga oshiradi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish yakuni bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma'lumotnomalar asosida soliq to‘lovchi tomonidan xronometraj ko‘zdan kechirish davri uchun soliq hisoboti taqdim etilgandan so‘ng Soliq kodeksining 70-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda kameral nazorat o‘tkaziladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilgan davrga oid taqdim etilgan soliq hisobotlarida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha quyidagi tartibda soliq va boshqa majburiy to‘lovlar hisoblab chiqiladi:
YST = (XNT × IK) × SS – yagona soliq to‘lovi;
QQS = (XNT × IK) × SS – qo‘shilgan qiymat solig‘i;
FS = ((XNT × IK) × RD) × SS – yuridik shaxslarning foyda solig‘i;
AS = (XNT × IK) × SS – aksiz solig‘i;
NS = (XNT × IK) × SS – yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq.
Bunda:
XNT – xronometraj ko‘zdan kechirish yakuni bilan aniqlangan o‘rtacha kunlik tushum;
IK – xronometraj ko‘zdan kechirish davrida aniqlangan hisobot davri uchun ish kunlari soni;
SS – soliq stavkasi;
RD – rentabellik darajasi (oldingi hisobot davrida).
Xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazilgan davrga oid taqdim etilgan soliq hisobotida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamaytirilganligi alomatlari aniqlansa, davlat soliq xizmati organlari Soliq kodeksining 70-moddasida ko‘rsatilgan tartibda soliq to‘lovchiga talabnoma yuboradi.
Soliq to‘lovchida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning kamaytirilganligi takroran aniqlangan taqdirda, bu harakatlar soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik sifatida tasniflanadi va qonunda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Mavzuga oid
12:06 / 16.01.2023
2023 yilda ijtimoiy soliq tushumlari bo‘yicha 2022 yilgi taqsimlash me’yorlari saqlab qolinadi
09:27 / 28.01.2021
Apple ilk bor 100 milliard dollardan ko‘proq choraklik tushum oldi
10:16 / 06.04.2019
Yangi nizom tasdiqlandi: kimda «xronometraj» o‘tkaziladi va soliqlar qanday hisoblab chiqiladi?
10:08 / 04.09.2018