O‘zbekiston | 23:35 / 27.02.2019
26469
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airwaysʼning Singapurdan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan samolyoti qariyb 4 soatdan beri aeroportda turibdi

Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasining Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurdan Singapur orqali Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan samolyoti Singapurning “Changi” aeroportida ushlanib turibdi.

Singapurdan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilardan birining Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 22:20 (Toshkent vaqti bilan 19:20) da Toshkent tomon uchishi lozim bo‘lgan HY-552 sonli reys hanuzgacha amalga oshirilmayapti.

Kuala-Lumpurdan Singapurgacha kelgan yo‘lovchilar ham samolyotdan tushirilgan va tranzit zonada joylashtirilgan. Ularning holidan na Uzbekistan Airways vakillari, na boshqalar, hech kim xabar olmayapti, ular aerovokzal polida uxlashmoqda. Hattoki hojatxonaga chiqish ham ma'lum bir qiyinchiliklar va tekshiruvlar evaziga amalga oshirilmoqda.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan quyidagicha izoh berdi:

«Bugun avj olgan mojarolardan so‘ng Pokiston ustidan parvoz amalga oshirilmasligi aniq. Shu sababli hozir samolyotning Toshkent tomon parvozi uchun yangi yo‘nalishlar izlanmoqda. Samolyot hamon «Changi” aeroportida turibdi».

Ma'lumki, bugun Kashmirda yuz bergan voqealardan so‘ng Pokiston uzra havo yo‘llari yo‘lovchi aviakompaniyalar uchun noma'lum muddatga yopildi. Jumladan, Uzbekistan Airwaysʼning Hindistonning Amritsar shahriga uchgan samolyoti ham ortga — Toshkentga qaytarildi.

Jahonning ko‘plab aviakompaniyalari Hindiston-Pokiston mojarosi sababli o‘z yo‘nalishlarini zudlik bilan o‘zgartirishayotgani haqida ham xabar bergan edik.

Mavzuga oid