Jamiyat | 18:24 / 28.02.2019
88013
2 daqiqa o‘qiladi

Termiz tumani hokimligi binosi hovlisidagi voqea bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Foto: Videodan kadr

Qator nashrlarda Surxondaryo viloyati Termiz tumanida fuqaro o‘zini yoqib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarlarda aytilishicha, erkak tadbirkor bo‘lib, kreditga olingan pullar evaziga ochgan kafe joylashgan bino Termiz tumani hokimligi tomonidan buzib tashlangan. Bino buzib tashlanishini bilgan erkak tushuntirish berishlarini so‘rab bir necha oy davomida tuman hokimiyatiga murojaat qilgan, biroq hokim qabuliga kira olmagan. Shu sababli erkak tuman hokimligi binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan.

Kun.uz ushbu ma'lumotga oydinlik kiritishni so‘rab, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova bilan bog‘landi.

Uning bildirishicha, 2019 yil 25 fevral kuni soat taxminan 11:20larda Termiz tumani, “Uchqizil” mahallasi At-Termiziy ko‘chasi markazida Termiz tumani “Yangihayot” mahallasida yashovchi fuqaro B.E. o‘zi bilan olib yurgan 0.5 litr hajmdagi idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini ustiga sepib, zajigalka yondirgich orqali olov berib o‘zini o‘zi yoqib yuborgan.

Alanga oqibatida tan jarohati olgan B.E. Termiz tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Viloyat sud tibbiy ekspertizasining 2019 yil 25 fevraldagi dastlabki 67-sonli xulosasida, fuqaro B.E.da tananing 15-20 % qismini I-II darajali alangadan termik kuyishi, yuqori haroratli alanga (olov) ta'sir mexanizmi natijasida yetkazilganligi, og‘irlik darajasiga ko‘ra “o‘rtacha” og‘irlikdagi tan jarohati deb baholangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan hozirda Termiz tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid