Jahon | 19:35 / 28.02.2019
26004
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Pokiston harbiy aviatsiyasi o‘rtasidagi havo jangi tafsilotlari ma'lum qilindi 

Foto: Adnan Abidi / Reuters

27 fevralda Hindiston va Pokiston harbiy aviatsiyasi o‘rtasida yuz bergan havo jangida umumiy hisobda 32 ta harbiy samolyot ishtirok etgan. Bu haqda NDTV telekanali ma'lum qildi.

Telekanal manbalari ma'lumotlariga ko‘ra, Hindiston harbiy-havo kuchlari jangda jami 8 ta qiruvchi samolyot – 4 ta Su-30MKI, 2 ta modernizatsiya qilingan Dassault Mirage 2000 va 2 ta MiG-21’ni qo‘llagan. Jang vaqtida MiG’lardan biri urib tushirilgan. Bu Hindiston tomonidan rasman tan olingan.

Pokiston esa havoga 24 ta samolyot, jumladan 8 ta F-16, 4 ta Dassault Mirage III va 4 ta JF-17 Thunder samolyotini ko‘targan. Qolgan 8 ta samolyot guruhga hamrohlik qilib, faol harakatlar amalga oshirmagan.

Ma'lum qilinishicha, Pokiston samolyotlari Kashmirdagi tutashuv chizig‘i bo‘ylab joylashgan harbiy obektlar yaqinidagi hududni bombardimon qilgandan keyin hind uchuvchilari tomonidan ta'qib qilingan. Hindiston aviatsiya bo‘limi komandiri Abxinandan Vartxaman R-73 raketasi bilan F-16’ga hujum qilgan, biroq uning MiG-21 samolyoti AIM-120 AMRAAM raketasi tomonidan zarbaga uchragan. Vartxaman katapulta qilgan, biroq pokistonliklar tomonidan qo‘lga olingan. Pokiston uni qaytarishga va'da berdi.

Nyu-Dehlida, tafsilotlarga berilmay, hind aviatsiyasi raqib tomon samolyotlaridan birini urib tushirganini ma'lum qilgan. Hind matbuotida ham urib tushirilgan samolyot F-16 bo‘lgani ma'lum qilingan, biroq Pokistonda 27 fevralda bu samolyotlar havo ko‘tarilmagani aytilib, bu ma'lumot rad etildi.

Ushbu havo jangi Hindiston kuchlari 14 fevralda Jammu va Kashmir shtatida amalga oshirilgan terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan “Jayishi-Muhammad” guruhi lageriga zarba bergandan keyin yuz bergan. Terakt oqibatida 45 kishi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid