O‘zbekiston | 15:40 / 28.02.2019
12939
2 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi «rus maktablari»da davlat tiliga kam e'tibor berilishini tanqid qildi

Ta'lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 10 va 11-sinf adabiyot darsliklarida o‘zbek adabiyotini o‘zlashtirishga butun boshli o‘quv yili uchun bor-yo‘g‘i 4-8 soat ajratilgan, xolos. Mazkur maktablarda davlat tili haftasiga bor-yo‘g‘i 2 soat o‘qitilayotgani taajjubli holdir, deb hisoblaydi Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

28 fevral kuni o‘z ish faoliyatini boshlagan Senat XVIII yalpi majlis yig‘ilishida Nig‘matilla Yo‘ldoshev davlat tilining maktablarda o‘qitilishi masalasiga e'tibor qaratdi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev yig‘ilish ishtirokchilariga qarata bunday ahvolda yoshlarda o‘z vataniga muhabbat, el-yurtiga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish mumkinmi, deya murojaat qilgan.

«Agar rus tilida tahsil olayotgan 581 ming nafardan ortiq bolaning aksariyati o‘zbek farzandlari ekanligini inobatga olsak, bu savollarning naqadar og‘riqligini, ularga javobni uzoq yillar afsuslanib izlashga to‘g‘ri kelishini his qilish qiyin emas, deb hisoblaymiz.

Yuqorida tilga olingan hamda darsliklar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar, tabiiyki, ta'lim sifatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda», - deya raisning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisining aytishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2017-18 o‘quv yilida umumta'lim maktablarining 8 va 9-sinf o‘quvchilari orasida ona tili va matematika fanlaridan o‘tkazilgan yozma ish natijalari o‘quvchilarning ushbu fanlar bo‘yicha o‘zlashtirishi talab darajasida emasligini yaqqol ko‘rsatgan.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senatning avvalgi yig‘ilishida ham davlat tilining ahamiyati haqida gapirib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni sanab o‘tgandi.

Mavzuga oid