O‘zbekiston | 16:10 / 28.02.2019
25362
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev strategik ahamiyatga ega To‘raqo‘rg‘on IES qurilish jarayoni bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

«Farg‘ona vodiysida yillar davomida elektr energetikasi bo‘yicha muammolar bor edi. Shu bois To‘raqo‘rg‘on tumanida zamonaviy texnologiyalar asosida issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlangan edi. Quvvati 900 MVt bo‘lgan ushbu stansiyaning ishga tushirilishi aholi va sanoat korxonalarini elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘liq qoplashga xizmat qiladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Loyihaning umumiy  qiymati 1 milliard 195 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lib, u Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va «O‘zbekenergo» AJ mablag‘lari asosida moliyalashtirilgan. Stansiya Yaponiyaning «Mitsubihi Corporation» va «Mitsubishi Hitachi Power Systems» konsorsumi tomonidan barpo etilmoqda.

Bugungi kungacha elektr energiyasini ishlab chiqaradigan asosiy agregatlardan birinchi va ikkinchi blok transformatorlari, bug‘-gaz trubinasi va boshqa texnologiyalar montaj qilingan. Tashqi kommunikatsiya ishlari yakunlangan, ichimlik suv tarmog‘i tortilgan. Obekt «So‘x-Namangan» magistral gaz tarmog‘i orqali yonilg‘i, Katta Namangan kanali orqali texnik suv bilan ta'minlanadi.

Stansiyaning birinchi bug‘-gaz qurilmasi joriy yilning sentabr oyida, ikkinchisi dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida Farg‘ona vodiysi iste'molchilari uchun 900 MVt qo‘shimcha quvvat yoki yiliga 6,7 milliard kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi. 300 kishi ish bilan ta'minlanadi.

Eng muhimi, bu yerda ishlab chiqarilgan elektr energiya tannarxi boshqa issiqlik elektr stansiyalarnikidan arzonligi bilan ajralib turadi. 

Davlatimiz rahbariga issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilgan ishlar, obektning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot berildi. 

Prezident bu loyiha muhim strategik ahamiyatga ega ekanini, stansiya vodiy viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish va aholini ishonchli elektr energiya bilan ta'minlash imkonini berishini ta'kidladi. 

Issiqlik elektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirish va foydalanish, buning uchun sohaga ixtisoslashgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

Mavzuga oid