Sport | 21:40 / 02.03.2019
39806
11 daqiqa o‘qiladi

Ser Aleksning maqtovi, Mundialdagi ilk o‘yin va hakamlikning butun millat kayfiyatiga ta'sir qilishi haqida Ravshan Ermatov bilan suhbat

O‘zbek futbolidagi eng mashhur inson, shubhasiz, Ravshan Ermatov. Uni butun dunyoda tanishadi. Jahon Kuboklarida eng ko‘p o‘yinni boshqargan hamyurtimizning dunyo futbolidagi obro‘si ham baland. Ikkinchi marta Osiyo Kubogining final bahsi Ermatovga ishonib topshirilgani so‘zimiz isboti. Ravshan Ermatovni Kun.uz studiyasiga taklif qildik va u bilan faoliyati, umuman futbol hakamligi haqida suhbat qurdik.

«Saudiya chempionati kuchli»

Mehmonimiz yaqinda Saudiya Arabistonida bo‘lib qaytdi va u yerda mamlakat chempionati o‘yinlarini boshqardi. Ermatovdan Saudiya chempionatining darajasi haqida so‘radik. Uning aytishicha, u yerda chempionat o‘yinlari yaxshi darajada o‘tadi:

«Bugun futbol hakamlari boshqa chempionatlarda ishlashi odat tusiga kirdi. Bu yaxshi an'ana deb o‘ylayman. Saudiya futbolida so‘nggi yillarda o‘sish ko‘zga tashlandi. Ular oxirgi Jahon Chempionatida ham o‘ynashdi. Saudiya chempionati kuchli, o‘yinlari qiziqarli kechadi. U yerda kuchli legionerlar ko‘p. Muxlislar tashrifi ham yomon emas».

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Oldin «Manchester Yunayted»ni faqat televizorda ko‘rgandik»

Savollarimizning birinchi qismida Ravshan Ermatovdan uning faoliyatidagi esda qolarli o‘yinlar haqida so‘radik. 2008 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati finalini aynan Ermatov boshqargani yodingizda. O‘shanda musobaqaning finalida hamyurtimiz Nemanya Vidichga qizil kartochka ko‘rsatgandi. Mehmonimiz o‘sha o‘yin va o‘sha vaziyat haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

«Hozir o‘sha damdagi hissiyotlarim esimga tushib ketdi. Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati 2010 yilgi Jahon Chempionatiga tayyorgarlikning eng muhim bosqichlaridan biri edi. Mening jismoniy, nazariy ko‘rsatkichlarim yaxshi edi, lekin hali amaliy tomondan maydonda o‘zimni ko‘rsatishim kerak edi. Shu sabab siz eslatgan o‘yindan oldin hayajon katta bo‘lgan. Chunki biz «Manchester Yunayted»ni oldin faqat televizorda ko‘rgandik. Bu katta klub. O‘shanda Ronaldu ham «MYu»da o‘ynardi. O‘z navbatida Ekvador klubi ham o‘z qit'asining chempioni edi. Lekin to‘g‘risi, maydonda qanchalik katta jamoa borligining menga farqi yo‘q edi. O‘sha kuni men uchun qizil va qora jamoa bor edi xolos.

Vidich chetlatilgan vaziyatga kelsak, o‘shanda futbolchi to‘pni 15 metrcha uzoqqa tepib yubordi. Lekin men ichki hissiyot bilan to‘pga qaramadim va ko‘zimni Vidichdan olmadim. Xudo buni ko‘nglimga soldi. Vidich tirsagi bilan raqibni urdi va ikkilanmay uni maydondan chetlatdim. Futbolchining o‘zi ham qarorga e'tiroz bildirmadi. O‘yindan keyin ser Aleks Fergyuson ham Vidich haqli tarzda chetlatilganini aytgandi. Futboldagi eng yaxshi murabbiylardan biri bo‘lgan insonning bunday gaplari odamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. O‘sha o‘yin yaxshigina sinov bo‘lgandi. FIFA bizni, biz ham o‘zimizni sinovdan o‘tkazgandik. Shukurki, bu sinovdan yaxshi o‘tdik va bizni 2010 yilgi Jahon Chempionatiga taklif qilishdi».

«Keyingi 8 daqiqa qanday o‘tganini bilmayman»

Ravshan Ermatov JChlarida 11 ta o‘yinda ishlagan va bu borada rekordchi hisoblanadi.  Hakamimizning Mundiallardagi ilk o‘yini 2010 yilgi Jahon Chempionati ochilishiga to‘g‘ri kelgandi. Ermatovning aytishicha, o‘yindan oldin bosim katta bo‘lgan:

«Bu o‘yindan avval bosim katta edi, chunki odatda Jahon Chempionati ochilish o‘yinlarini katta hakamlarga berishadi. Bizning brigadaga ochilish o‘yini berilganida futbol jamoatchiligida norozilik ko‘payib ketdi. «Yevropada shuncha hakam turganda nimaga o‘zbekistonlik hakamga berdinglar», qabilida e'tirozlar bo‘ldi.

Men yoshligimdan JChni orzu qilganman va bu orzu yaxshi xotiralar bilan yodda qolishi eng muhimi edi. Meksikaning goli bekor qilingan vaziyatni eslatdingiz. Bilasizmi, 22-23 yildan buyon hakamlik qilib kelayotgan bo‘lsam, bunday vaziyatga faqat bir marta duch kelganman. O‘sha o‘yindan oldin ham bunday vaziyat bo‘lmagan, keyin ham bo‘lmadi. Juda noodatiy holat. Bu vaziyatda darvozabon oldinga chiqib ketgandi va oxirgi futbolchi bo‘lib himoyachi qolgandi. Rafael Ilyosov mendan «Darvozabon qayerda?», deb so‘radi. Darvozabon oldinga chiqqanini aytdim. Keyin u bayroqni ko‘tardi. Shunda «Ishonching komilmi?», desam, «Menga shunday ko‘rindi», dedi (kuladi). Men o‘z yordamchimga ishondim va xato qilmadik.

Hozirgidek esimda, bu vaziyat o‘yinning 37-daqiqasida sodir bo‘lgandi. Birinchi bo‘lim tugashiga 8 daqiqa bor edi va to‘g‘risi, o‘sha 8 daqiqa qanday o‘tganini bilmay qoldim (kuladi). Chunki JCh ochilishi katta o‘yin. Tanaffusga chiqqanimizda ispaniyalik rahbarimiz hakamlar xonasiga kirib bizni quchoqlab ketdi. Qiyin vaziyatdan yaxshi chiqib ketganimizni aytib «Perfect» degani yodimda. Shukurki, ikkinchi bo‘lim ham yaxshi o‘tdi va bu o‘yin yaxshi xotiraga aylandi».

Foto: Ravshan Ermatov

«Hakam futbol uchun qaror chiqarishi kerak»

Ravshan Ermatov 2013 yil Konfederatsiyalar Kubogida debyut qiladi. Musobaqaning guruh bosqichidan o‘rin olgan Braziliya hamda Italiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni FIFA hakamimizga ishonib topshiradi. O‘sha o‘yin juda murakkab o‘tgandi. Ayniqsa Italiyaning ikkinchi golida muammoli vaziyat yuzaga keladi. Ermatov Braziliya darvozasi yaqinida qoida buzilishini qayd etib penalti belgilamoqchi bo‘lganida to‘p darvozaga borib tushadi. Hakamimiz esa golni inobatga oladi. Ermatovning ta'kidlashicha, o‘sha golni inobatga olgani to‘g‘ri qaror bo‘lgan:

«Bu o‘yin ajoyib futbol muhitida o‘tgani yodimda. O‘sha vaziyatda jarima maydonchasi ichida 15-16 futbolchi bor edi. Qoida buzildi va men biroz kutib, penalti belgilamoqchi bo‘ldim. Hushtak chalishim bilan to‘p ham darvozaga kirib ketdi. Men juda tez qaror chiqarishim kerak edi. Hakam futbol qoidalarining har bir nuqtasigacha e'tibor berib yoki o‘yin holatidan kelib chiqib qaror chiqarishi mumkin. Qoida bo‘yicha qaror chiqarsangiz, hech kim sizni ayblamaydi, lekin men o‘zim ham futbolchi bo‘lganman va futbolchi bo‘lib qaror chiqarishga harakat qilaman. Men o‘sha vaziyatda qog‘oz uchun emas, futbol uchun qaror chiqarishni to‘g‘ri deb hisobladim.

Ba'zi o‘yinlar bo‘ladiki hakam o‘yin darajasidan kelib chiqib qaror chiqarishi kerak. Chaqir «MYu» futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatgani yodingizdami (2012/13 mavsumidagi UYeFA Chempionlar Ligasi 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan «MYu» - «Real» o‘yini nazarda tutilmoqda. «Old Trafford»da o‘tgan javob o‘yinining 56-daqiqasida Junayt Chaqir inglizlar futbolchisi Naniga qizil kartochka ko‘rsatgan va bu o‘yin natijasiga ta'sir qilgandi)? O‘shanda hakam to‘g‘ri qaror qabul qilgan, lekin o‘yin atmosferasidan kelib chiqib muxlislar bu qarorni qabul qilmadi.

Shu sabab men ham Italiya – Braziliya o‘yinida golni inobatga olish kerak deb hisobladim. Keyinchalik musobaqada qatnashgan 8 ta jamoa murabbiylarining barchasidan o‘sha vaziyat haqida fikr so‘ralganda, ular gol inobatga olinishini to‘g‘ri qaror deb topishgan».

«Hakam butun millatning kayfiyatiga ta'sir qilishi mumkin»

Hakamimiz 2014 yilgi Jahon Kubogida ham muvaffaqiyatli ishlagan. FIFA unga Braziliya Mundialida 4 ta o‘yinni ishonib topshirgan. Shulardan biri guruh bosqichidan o‘rin olgan Ekvador hamda Shveytsariya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lgandi. Bu o‘yin Ermatovning to‘g‘ri qarori bilan ham yodda qolgan. Qarshi hujumga o‘tib ketayotgan shveysariyalik Valon Behrami yiqitiladi, lekin u o‘rnidan turib hujumni davom ettirmoqchi bo‘layotganini ko‘rgan hakam hushtak chalmaydi. Hujum davom ettirilib 90+3-daqiqada Shveytsariya o‘zini guruhdan olib chiqqan golni uradi. Mehmonimiz nima uchun o‘sha vaziyatda hushtak chalmaganini izohladi:

«Futbol hakamligi shunchalik murakkab ishki, siz butun boshli millatning kayfiyatiga ta'sir qilishingiz mumkin. Xato hakamlik qilsangiz, biror jamoa muxlislari sizni «yaxshi so‘zlar bilan» eslashi mumkin (kuladi). Siz eslagan vaziyat o‘yinning 90+3-daqiqasida sodir bo‘lgandi. Har ikki jamoa ham charchagan. To‘g‘risi, men ham charchagandim, axir 93 daqiqa yugurganman. Shu sabab shveysariyalik futbolchi yiqitilganidan so‘ng qoida buzilishini qayd etish men uchun ham qulay edi (kuladi).

Lekin qarasam, yiqitilgan futbolchi o‘rnidan turib hujumni davom ettirmoqchi. Nega men o‘yinni to‘xtatishim kerak? Sariq kartochkani keyin ham ko‘rsataveraman-ku, to‘g‘rimi? Shveytsariya o‘yinni davom ettirib gol urdi. O‘sha vaziyat hech qachon esimdan chiqmaydi».

Mavzuga oid