Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Pulkovo” aeroportidagi Uzbekistan airways samolyoti bilan bog‘liq hodisa: voqea guvohlari nima deyishadi?
O‘zMTRK mediamarkazida Uzbekistan airways vakillari ishtirokida bugun tunda milliy aviakompaniyaning Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahri “Pulkovo” xalqaro aeroportiga HY631 reys bilan Toshkent – Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha uchib, qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan UK 67008 raqamli Boeing 767-33P/ER samolyoti yuzasidan matbuot brifingi o‘tkazildi.
Brifingda Uzbekistan airways uchuvchilar majmuasi rahbari Denis Solodovnikov va aviakompaniya vakili Zumrad Shojalilova ishtirok etishdi.

Bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan chiqish qilar ekan, D.Solodovnikov shunday dedi:
“2 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 21:59 da (Toshkent vaqti bilan 23:59 da) Uzbekistan airways milliy aviakompaniyasining muntazam asosda amalga oshiriluvchi HY631 reysi bilan Toshkent – Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan samolyoti Sankt-Peterburg shahrining “Pulkovo” xalqaro aeroportiga qo‘nganidan so‘ng, uchish-qo‘nish yo‘lagidan burilishda toyib, qisman gruntga chiqib ketgan”.

D.Solodovnikovga ko‘ra, bunga ehtimolli sabab sifatida noqulay ob-havo sharoitlari, uchish-qo‘nish yo‘lagi va burilish yo‘lagining holati bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Samolyot bortida jami 241 nafar yo‘lovchi (jumladan, 5 nafar yosh bola) va 15 nafar ekipaj a'zolari bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi va Rosaviatsiya “Pulkovo” aeroportida ro‘y bergan hodisa yuzasidan surishtiruv boshlagan.
Ro‘y bergan voqeadan so‘ng HY632 Sankt-Peterburg – Toshkent reysining uchishi kechiktirilgan. Yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgan.
Brifing davomida havo kemasi komandiri Alisher Karimov Sankt-Peterburgdan aloqaga chiqdi. U bo‘lgan voqeani gapirib berdi va voqea yuzasidan jurnalistlarning ayrim savollariga javob berdi.

“631-reys bo‘yicha parvoz hech qanday e'tiborga molik hodisalarsiz amalga oshirildi, meteosharoitlar ham belgilangan talablarga to‘liq muvofiq edi. Samolyot qo‘ndirilgach, uchish-qo‘nish yo‘lagi (UQY) ni bo‘shatish chog‘ida garchi tormoz tizimi ishga tushirilganiga qaramasdan, UQY va burilish yo‘lagi qoplamasi bilan shassi g‘ildiraklarining ushlashish samaradorligi pasayganligi tufayli harakatni davom ettirdi. Natijada samolyot UQY qoplamasini tark etib, qisman gruntga chiqib ketdi. Men brigadirni perronga boshqarib borish imkoniyati yo‘qligi haqida ogohlantirdim, u esa tegishli tartibda yo‘lovchilarni ogohlantirdi. Passajirlarni samolyotdan chiqarish shtatli rejimda, trap orqali amalga oshirildi. Yo‘lovchilar orasida hech qanday vahima uyg‘ongani yo‘q. Qayd etib o‘tish lozimki, qo‘nish chog‘ida aeroportda qor yog‘ayotgan edi va kuchli shamol esib turgandi”, — dedi A.Karimov.
Qayd etib o‘tish zarur, A.Karimov uchuvchi sifatida qariyb 15,9 ming soat stajga ega. Shulardan 6400 soati Boeing ekipaji komandiri sifatida parvoz qilgan.
631-reysning bort kuzatuvchilari brigadiri Yuliya Juravlyova vaziyat yuzasidan quyidagicha tushuntirish berdi:

“Samolyot to‘xtagach, ekipaj komandiri menga uni perronga boshqarib borish imkoniyati yo‘qligi haqida ogohlantirdi. Keyin o‘rnatilgan tartibga ko‘ra men brigadir sifatida yo‘lovchilarga paydo bo‘lgan vaziyat haqida e'lon qildim. Yo‘lovchilarni samolyotdan tushirish tirkama trap orqali shtatli rejimda amalga oshirildi. Bortda vahima yuzaga kelgani yo‘q. Avariyaviy evakuatsiya amalga oshirilmadi. Yo‘lovchilar o‘zlarini juda yaxshi tutishdi, hech kim qo‘rqqani, shoshgani yo turtingani yo‘q. Avval yo‘lovchilar o‘z joylarida qolishdi, biz eshikni ochgach, mahalliy xizmatlar ko‘magi bilan sekin asta samolyotni ikki kishidan bo‘lib tark etishdi”.
Uzbekistan airwaysʼning Sankt-Peterburg shahridagi vakili Zafar Sayidazimov yo‘lovchilarning barchasi aeroportga yetkazilib, o‘z bagajlarini betalofat olishgani haqida gapirib berdi.

Samolyot yo‘lovchilaridan biri Aleksandr Gordev o‘z boshidan o‘tkazganlari haqida qisqacha shunday demoqda:

“Samolyot o‘z vaqtida uchdi, o‘z vaqtida qo‘ndi. Parvoz yaxshi o‘tdi. Samolyot qo‘nishidan oldin salondagi monitordan u bir necha marta qo‘nishga ruxsat kutib aylanayotganini sezdik. Keyin, nihoyat u pasaya boshladi. Samolyot qo‘nganidan so‘ng esa u uchish-qo‘nish yo‘lagini biroz tark etganini bildik. Chunki atrof oppoq dala, aeroport ko‘rinmayotgan edi. Qo‘ngan chog‘da hech qanday muammo sezganimiz yo‘q, barcha uchuvchilarning mohirligiga chapak ham chaldi”.
Hozircha samolyotning yo‘lakdan chiqib ketishiga aynan nima sabab bo‘lgani aniq emas. Uzbekistan airwaysʼ vakillarining Kun.uzʼga ma'lum qilishlaricha, ushbu samolyot bilan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilarning bir qismi keyingi reys bilan qaytarilgan. Boshqa yo‘lovchilar undan keyingi reysni kutishmoqda.
Ishlab chiqaruvchisining seriyali raqami 33078 bo‘lgan Boeing 767-300 rusumli mazkur samolyotning yoshi 15 yildan o‘tgan. U 2004 yilning dekabrida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKga keltirilgan va uzoq yillar VP-BUF raqami bilan parvoz qilgan. 2016 yilning dekabridan unga UK 67008 raqami berilgan.
Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.
Mavzuga oid
12:33 / 28.02.2023
Peterburgdagi Pulkovo aeroporti «noma’lum obekt» tufayli yopildi
08:50 / 03.03.2019
«Pulkovo»da «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyoti bilan yuz bergan hodisaning ehtimoliy sabablari aytildi
09:41 / 29.03.2017