Jamiyat | 20:59 / 04.03.2019
25492
9 daqiqa o‘qiladi

Hakim Zaripov: “90 yildirki o‘zbek sirk san'atidaman”

“O‘zbek davlat sirki” o‘zining ko‘p yillik tarixiga, mustahkam an'analariga ega. Shuningdek bu dargohda shunday bir sulola vakillari ijod qilganlarki, ularsiz milliy sirk san'atimizni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Karim Zaripovning yagona o‘g‘li, san'atining, sulolasining munosib davomchisi, Xalq Artisti Hakim Zaripov 95 yoshni qarshi olmoqda. Shundan 89 yillik umri bevosita sirk san'ati bilan bog‘liq.

Suhbatimiz Hakim Zaripov ravon gapiradigan rus tilida kechdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Otam haqida

“1924 yilda Toshkentda tug‘ilganman. Aytishlaricha, otam meni chaqaloqligimdayoq otga mindirgan ekan. Esimni taniganimdan, olti yoshimdan buyon sirkda otlar bilan turli dasturlarda ishtirok etaman. Otam rus tilida ravon gapirardi. Moskvadan tashrif buyurgan mehmonlar undan “nega sizlarda sirk yo‘q?” deb so‘raganlarida nima deb javob berishni bilmagan. To‘g‘ri, bizning hududlarga temiryo‘l tortilganidan keyin turli xil ko‘chma sirklar kelib ketishgan, tomoshalar ko‘rsatilgan, ammo muntazam faoliyat yurituvchi sirk jamoasi bo‘lmagan. Otam yuqori tashkilotlarga bu taklif bilan chiqadi va nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan sirk tashkil qilinadi. Eng qizig‘i, dastlab O‘zbekiston sirki Moskva sirkiga bo‘ysunmagan.

Otam turli shaharlarda o‘zicha faoliyat yuritayotgan artistlarni, dorbozlarni, jumladan Toshkenboyevlarni ham taklif qiladi va o‘zbek sirki yaxlit jamoa shaklida o‘z faoliyatini boshlaydi.

Dastlab shu darajada qiyin bo‘lganki, dorbozlar arqonni qayerga bog‘lashni bilishmagan. Devorga, derazalarga bog‘lab, tomoshalar ko‘rsatilgan. Keyinchalik o‘sha ayrisimon ustunlar o‘rnatilgan, dorlar balandligi oshirilgan, dorbozlik san'ati boshqa tomoshalar bilan uyg‘unlashtirilgan. San'atsevar xalq bu dasturlarni juda yaxshi kutib olgan”.

Otlarga muhabbat

“Yuqorida tug‘ilganidanoq otga mindirilganim, esimni taniganimdan dasturlarda ishtirok etganim haqida aytgandim. 1938 yilda otam boshchiligida “O‘zbekiston yigitlari” chavandozlar guruhida ishtirok eta boshladim. 1952 yildan 2006 yilga qadar – 54 yil davomida shu guruhga rahbarlik qildim. Tarbiyalagan shogirdlarim, tomoshalarga tayyorlagan otlarimning sanog‘iga yeta olmayman. Otam Karim qiziq sirk san'atining turli janrlarida ijod qilsa-da, otlarga mehri bo‘lakcha edi. Keyinchalik bu muhabbat menga, mendan o‘g‘il qizlarimga va hatto jiyanlarimga o‘tdi. Hozirga qadar erta tongdan kelib jonivorlar holidan xabar olmasam ko‘nglim joyiga tushmaydi”

Ikki tomon talashuvi

Glier nomidagi musiqa maktabini tugallaganimdan so‘ng, Toshkent davlat konservatoriyasining dirijyorlik fakultetida o‘qidim. Ustozim Muxtor Ashrafiy meni juda yaxshi ko‘rar, san'at sirlarini qunt bilan o‘rgatardi. Juda yoshligimdanoq, hali haqiqiy dirijyorlikda o‘zimni sinab ko‘rmagan paytimda meni operaga chiqarganlar. Qo‘limdan kelmasligini aytib e'tiroz bildirganimga qaramay ruhlantirganlar. O‘shanda durustgina dirijyorlik qilgandim.

Tushgacha musiqa bilan bandman, tushdan keyin sirkka kelib otlar bilan shug‘ullanaman. Ikki tomon ham meni qo‘yib yuborgisi kelmaydi, o‘zim ham qaysi tomonni tanlash bo‘yicha bir qarorga kela olmayman. Shunday kunlarda musiqa bo‘yicha ustozlarimga hurmatli kishilar “axir Karim Zaripovning o‘g‘li bitta, sirkchilar sulolasining ishini kim davom ettiradi?” deb e'tiroz bildirganlaridan keyin meni qo‘yib yubordilar va o‘z faoliyatimni to‘la-to‘kis sirkka bag‘ishladim”.

Urush xotiralari

“Urush bu dahshat... Tarix bu xatolarni qaytarmasligi kerak! Men ham ishga jo‘nayotgan joyimda voyenkomatga olib ketishgan. “Ishga borishim kerak” desam “Vatan uchun urushga kirish shart!” deyishgan. O‘sha paytlarda buyruqlar umuman muhokama qilinmasdi. Hech bo‘lmasa otamni xabardor qilib qo‘yay deb, darvoza yonida yurgan bolakayga “borsang seni sirkka kirgizishadi” deb xat yozib berib yubordim. Otam darhol yetib keldi.

Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida o‘quv mashg‘ulotlarida bo‘ldik. Meni otliq kavaleriyaga olishdi. Azaldan naganda juda yaxshi otardim. Bu ham qo‘l keldi. Poyezdga chiqqanimizda harbiy kiyimlarimni ham, pullarim-u hujjatlarimni ham yo‘qotib qo‘ydim. Bizni Moskva yaqinida poytaxt mudofaasi uchun tashladilar. Ust-boshim abgorligi uchun askarlar turli xil kiyimlar berishdi. Shunda shinelli bir yigit menga o‘zining ust-boshi va otini taklif qildi. Keyin bilsam u yigit jangga kirishi kerak ekan. O‘rniga men jangga kirib ketdim. Bir qishloqqa borganimizda oldimda ketayotgan komandir birinchi uy yonidan burilishimiz kerakligini aytdi. Ot choptirib ketayotganimizda nemislar avtomat bilan o‘t ochishdi va qator askarlarimiz qatorida komandir ham halok bo‘ldi. Men otga engashganimcha to‘pponcha bilan ikkita fritsni otib tashladim. O‘sha ikki dushman hayoti mening gardanimda.

Axir boshqa ilojim ham yo‘q edida, yo u meni, yo men uni...

Keyin Stalin barcha artistlarni orqaga qaytarish bo‘yicha buyruq chiqardi va men front ortiga qaytib keldim”.

Oilam va bugungi kun

“Mendan “nechta farzandingiz bor?” deb so‘rashsa “o‘zim ham bilmayman, lekin o‘z oilamda uch nafar” deb hazillashib javob beraman. Chunki sirkdagi barcha xodimlarni men shogirdlarim, farzandlarim deb ayta olaman. Har kuni ular bilan ko‘rishaman, ularni qiziqtirgan masalalarda maslahatlarimni beraman.

O‘zimning ikki qiz va bir o‘g‘lim bor va ular ham sulolamizning davomchilaridir. O‘g‘lim Anvar hozir 63 yoshga kirdi, Moskva sirkida ishlaydi, tez-tez kelib turadi. Nabiralarim, jiyanlarim ham bu san'at vakillaridir.

Tsirkimiz binosi to‘liq rekonstruksiya qilinishi mo‘ljallanayotganini eshitib juda xursand bo‘ldim. O‘zim bir nechta sirklar loyihalariga hammualliflik qilganman. Bu binomiz manejida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, umid qilamanki ular bartaraf etiladi. O‘zbek davlat sirki ulkan tarixga ega va men ham uning bir bo‘lagiman!”.  

Biz ijodiy jamoamiz bilan Xalq Artisti Hakim Zaripov hamrohligida “O‘zbek davlat sirki”ni aylanib chiqdik. Hakim bobo ulug‘ yoshiga qaramay ulkan sirk majmuasining har bir burchagini yaxshi eslab qolgan, hamma yoshlarni taniydi, endigina shogirdlikka tushgan artistlargacha alohida to‘xtalib, o‘z maslahatlarini berib o‘tishni kanda qilmaydi. Nafaqat maslahat, balki yengil hazillar qilib qo‘yishni ham unutmaydi.

Tsirkning barcha xodimlari haqli ravishda u kishini ustoz deb bilishadi, barcha muhim masalalarni bamaslahat hal qilishadi.

Ustoz san'atkor bilan birgalikda sirkning hovlisi, artist hayvonlar saqlanuvchi bo‘limlarini ham aylandik. Ayniqsa otlarning yoniga kelganda Hakim otaning ko‘zlari quvnab ketdi. Bu ulkan jonivorlar ustida o‘tkazgan yillarini, qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi. Qo‘yib bersa hozir ham egarga o‘tirishga tayyor edi, ammo buni so‘rashga hadikdik.

Tsirk yonidagi maydonda sayr qildik. Hakim Zaripovning nigohlari yana bir bor qadrdon maskanni aylanib chiqdi.

Tarix silsilasida ne-ne odamlar o‘tgan. Lekin shunday insonlar borki o‘z mehnati, san'ati va mazmunli uzoq umri bilan moziyning bir bo‘lagiga, hayotliklaridayoq jonli tarixga aylanadilar. Bugungi qahramonimizni ham bemalol jonli tarix deb atashimiz mumkin!

Suhbatdosh Abror Zohidov,
tasvirchi Fazliddin Abduqodirov.

Mavzuga oid