Jamiyat | 18:32 / 04.03.2019
36731
9 daqiqa o‘qiladi

«Snos» bilan bog‘liq mashmashalar: «Svetlana» do‘koni yonida nimalar bo‘lyapti?

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Svetlana» do‘koni orqasida joylashgan uylarning buzilishi haqida ma'lumot paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, foydalanuvchilarning xabar berishicha, «Bo‘z bozor» bozorini ham buzish rejalashtirilgan.

Sayram ko‘chasi Mirzo Ulug‘bek tumanida, «Buyuk ipak yo‘li» (sobiq Maksim Gorkiy) metro bekati yaqinidagi «Svetlana» do‘koni ortida joylashgan.

Ko‘cha bo‘ylab bir nechta bir qavatli, ikki qavatli va ko‘p qavatli uylar, korxona, bozor, do‘konlar, umumiy ovqatlanish joylari, bekatlar va hokazolar joylashgan.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, «Svetlana» do‘koni ortidagi barcha ko‘p qavatli uylar hamda boshqa obektlar buzilmaydi. Bunda ikki qavatli uylar istisno sanaladi.

Shuningdek, shahar hokimligi vakillarining ma'lum qilishicha, mahalliy bozor ham buzilmaydi. «Bo‘z» bozorida rekonstruksiya ishlari olib boriladi.

Bozor ma'muriyatining vakili ham Kun.uz muxbiriga hech qanday «snos» bo‘lmasligini tasdiqladi.

«Bozor o‘z joyida qoladi. Rekonstruksiyani rejalashtirmoqdamiz. Bozor oldining o‘rniga mashinalar uchun turargoh paydo bo‘ladi. Bozor oldida joylashgan barcha do‘konlar ko‘chiriladi. Umuman olganda, bozorni yangilanish kutmoqda. Biz mahalliy aholi uchun qulayliklar yaratish niyatidamiz», - dedi u.

Bo‘z bozor yaqinidagi ikki qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning ma'lum qilishicha, buzilish haqida eshitganlar, biroq hozircha hech kim ularga rasman murojaat qilmagan.

«Ha, biz buzilish haqida eshitdik, ammo hozirgacha hech kim menga murojaat qilmadi. Biz xabarnoma olmadik, hozirgi kunga qadar hech qanday yig‘ilish bo‘lmadi», - deydi fuqarolardan biri.

Davom etamiz. Ba'zi joylarda kvartiralar sotilayotgani haqida e'lonlar ham osib qo‘yilgan.

Darvoqe, ko‘cha bo‘ylab yangi ko‘p qavatli uy barpo etilmoqda.

Ikki qavatli uyning qarama-qarshi tomonida korxona joylashgan. Biz u yerda vaziyat qanday ekanini bilishga qiziqdik.

«Aytishlaricha, ikkita qavatli turar joylar buziladi, lekin bizga tegishmaydi. Har holda hali hech kim bizga biror narsa demadi. Bu yerda ishlab chiqarish joylashgan. Odamlar odatdagidek ishlayapti», - dedi korxona vakili.

U e'lon haqida gapirib, «bino emas, balki «Bezak» MChJdagi davlat ulushi sotilayotgani»ni aytdi.

Bu ko‘chada qachonlardir Xitoy elchixonasi ham joylashgan. Bino allaqachon buzilgan. Mahalliy aholining ta'kidlashicha, diplomatik vakolatxona joylashgan yerda yangi majmua ochishni istashgan, lekin pudratchilar va buyurtmachilar ikki qavatli binolar buzilishi haqida bilib qolib, ishni to‘xtatib qo‘yishgan va ketishgan.

«Qandaydir ko‘rgazma majmuasi qurishmoqchi edi. Elchixona buzildi, poydevor qazib tashlandi va qurilish maydonchasi to‘sib qo‘yildi. Go‘yoki hokimlik ko‘cha bo‘ylab joylashgan barcha ikki qavatli binolar baribir buzilishi haqida xabar bergan. Aftidan, boshqa hududdan yangi yer berilgan va ular bu yerdan ketishdi», - deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

10-uyda yashovchilarning ma'lum qilishicha, investorlar bir necha kun oldin kelgan.

«Bilasizmi, buzilish haqidagi ma'lumot bugun yoki kecha paydo bo‘lmadi. Avvallari ham investorlar kelgan, hozir ham kelmoqda», - deydi fuqarolardan biri.

«Yaqinda investorlar Turkiyadan keldi. Ular bu yerda ko‘p qavatli turar joy qurishni xohlamoqda. Uchta variant taklif qilishdi: kompensatsiya, boshqa kvartira yoki ijara. Ijara yangi uy qurilguncha qadar to‘lanadi. Keyin yana bu yerga, faqat yangi kvartiraga qaytishimiz mumkin», - deya davom etdi u.

Uning ta'kidlashicha, investorlar qo‘ng‘iroq qilish va yakuniy javobni aytishga va'da berishgan, ammo hozirga qadar hech qanday qo‘ng‘iroqlar bo‘lmagan.

«Men bu yerda hammani bilaman. Barcha xuddi ignaning ustida o‘tirgandek o‘tiribdi. Bahor ham keldi. Ko‘plar ta'mirlash ishlarini boshlamoqchi, lekin «snos» bo‘lgani sababli, hamma kutmoqda. Hech kim u qachon boshlanishini aniq bilmaydi. Rasmiy xabarnoma yo‘q, bu masala bo‘yicha yig‘ilish ham bo‘lmadi. Aniq ma'lumot yo‘q», - deya ma'lum qildi fuqaro.

Fuqarolardan birining aytishicha, hokimlikka ham borgan.

«Men bu mish-mishlardan charchadim. Nima bo‘layotganini aniqlash uchun hokimlikka bordim. Hokimlikda birinchi navbatda aholining barcha muammolari hal qilinishi, keyin buzish boshlanishi haqida aytishdi. Variantlar: kompensatsiya, yangi kvartira yoki ijara. Investorlar ham o‘ylamoqda. Arxitekturaga murojaat qildim, lekin ular ham aniq ma'lumotga ega emas», - dedi u.

So‘nggi marta investorlardan biri Sergeli tumanidan ularga kvartira taklif qilgan. Barcha fuqarolar buni rad etishgan.

«Bunday bo‘lishi kerak emas. Biz deyarli poytaxt markazida yashaymiz, endi esa shahar chekkasidan kvartiralar taklif etishyapti. Rahmat, bu kerak emas», - deydi fuqarolardan yana biri.

Aholi vakillaridan biri o‘zi quruvchi sifatida ishlashini ma'lum qildi.

«Biz o‘z huquqlarimizni yaxshi bilamiz. O‘zidan-o‘zi, shunchaki hech narsa bo‘lmaydi. Bizni xabardor qilishlari, fikrimizni hisobga olishlari va faqat shundan keyingina ish boshlashlari kerak», - deya qayd etib o‘tdi mahalliy aholi vakili.

Shuningdek, u boshqa muammolar haqida ham gapirdi.

«Masalan, faqatgina bitta uyning o‘zida turlicha fikr va takliflar mavjud. Biri kompensatsiyani xohlamoqda, boshqasi yangi kvartirani, uchinchisi esa vaqtinchalik turar joy hamda yangi uy tayyor bo‘lgach, bu yerga qaytib kelishni. Nozik jihatlar juda ko‘p. Umuman olganda, jarayonning o‘zi murakkab», - dedi u.

Pensioner ayollardan birining ma'lum qilishicha, uylar chindan ham eskidir.

«Men shu yerda katta bo‘lganman. Uylar g‘ishtli va mustahkam. «Snos»lar haqida men ham eshitdim, ammo hozircha aniq ma'lumot yo‘q. Hech kim meni buzilish haqida ogohlantirmadi. Aytishlaricha, bu yerda yangi ko‘p qavatli uylar barpo etiladi. Eng muhimi, bizning fikrimizga quloq tutishlari kerak. Biz ham insonmiz, bizni hurmat qilishlari lozim. Eshitishimcha, yaqinda Mirzo Ulug‘bek hokimligida hokim bo‘yicha shikoyat qilishgan. U yerda nimadir yo‘l bo‘ylab qurilmoqda. Bizga muammolar kerak emas. Mening yoshim bir joyga borib qoldi. Olayotgan pensiyam dori-darmon va oziq-ovqatga bazo‘r yetadi. Yaxshi kompensatsiya yoki xuddi shu tumandan yaxshi kvartira berishsin», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Odatda ijtimoiy muammolar jamoat tashkilotlari tomonidan hal qilinadi. Aynan shu bois O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yig‘inlari tashkil etilgan.

Kun.uz muxbirlari «Sayram» mahalla fuqarolar yig‘iniga ham borishdi.

«Buzilishlar bo‘ladi, hokimlikda menga hujjatlarni ko‘rsatishdi, ammo hozircha aniq ma'lumot yo‘q. Buzilish va odamlarni ko‘chirish qachon boshlanishi ma'lum emas. Ko‘cha bo‘ylab yangi uylar paydo bo‘ladi. Bu boshlanishi bilan biz aholini yig‘amiz hamda barchani xabardor etamiz», - dedi mahalla raisi A.Nizomiddinov.

Umuman olganda, vaziyat hozircha shunday. Odamlar buzilish haqida xabarlarni hali ham kutmoqda, sababi aniq ma'lumot yo‘q. Bundan tashqari, kimdir kompensatsiyani xohlayapti, boshqasi - yangi kvartira, uchinchisi esa - vaqtinchalik turar joy.

Umid qilamizki, hammasi qonun doirasida amalga oshiriladi va mahalliy aholi fikri hisobga olinadi.

Mavzuga oid