O‘zbekiston | 18:55 / 05.03.2019
78853
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston nega Rossiya harbiy samolyotlarining havo hududidan uchishiga ruxsat berdi?

​Senat 18-yalpi majlisda O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida harbiy havo kemalarning mamlakatlar havo hududidan foydalanishini ma'qulladi. Bu xabar ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini o‘ylantirib qo‘ydi, xususan «nahot, rus harbiylari ta'siriga tushib qolsak», deya muhokamalar boshlandi. 

Senator Valeriy Tyanning aytishicha, hujjat bilan harbiy havo kemalarining boshqa davlat havo hududidan uchib o‘tishi jarayoni soddalashtiriladi, ruxsat olish va parvoz qilish vaqti kamayadi. Aslida-chi, gap nimada? 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Ayni kelishuv, birinchi galda, O‘zbekistonning manfaatlariga to‘la mos keladi. Hujjat harbiy mahsulotlarni yetkazib berish shartlarini soddalashtirib, tashkiliy masalalarda qaror qabul qilish tezligini oshiradi», – deydi senator. 

2016 yil 29 noyabr kuni Moskva va Toshkent o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik hujjatlari qabul qilingandi. Keyinroq, 2018 yili 29 mart kuni Yerevan shahrida o‘tkazilgan ArmHiTec-2018 ​xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston va Rossiya hukumati vakillari 10dan ortiq harbiy Mi-35m vertolyotlarini xarid qilishga kelishib olgandi

Senator ta'kidlaganidek, harbiy mahsulotlarni yetkazib berish shartlari soddalashtirilishi, rasmiyatchilik ishlari kam vaqt olishi kerak. Senat ma'qullagan bitim aynan shu shartlarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochib beradi, jumladan vertolyot va boshqa harbiy mahsulotlarning yetkazib berishda harbiy uchoqlarning parvozida kamroq masalalar paydo bo‘ladi.  

Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9 yanvar kuni parlament tomonidan ma'qullangan mamlakatning yangi tahrirdagi Mudofaa doktrinasini imzolagandi.  Unga ko‘ra, yangi tahrirdagi Mudofaa doktrinasi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa salohiyatini oshirish, professional armiyani tayyorlash hamda «mudofaa maqsadidagi harbiy-texnikaviy sanoatni rivojlantirish»ga yo‘l ochishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi

Aynan mana shu omillarni inobatga olgan holda, muhokamalarga jiddiy tus berish kerak emasligini ta'kidlamoqchimiz. O‘ylaymizki, bu faqat O‘zbekistonning harbiy salohiyati va harbiy-texnikaviy salohiyatini oshirish uchun tuzilgan bitim edi, xolos.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid