O‘zbekiston | 18:19 / 06.03.2019
31432
4 daqiqa o‘qiladi

«Haj» va «Umra» yo‘nalishida ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini arzonlashtirish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy e'tiqodga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta'minlash, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarning samaradorligini yanada oshirish, ziyoratlarni yuqori saviyada va tizimli tashkil etish hamda ushbu yo‘nalishda bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida farmoyishi qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

“Haj” va “Umra” tadbirlarining tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, ziyoratlarni yuqori saviyada va tizimli tashkil etish hamda ushbu yo‘nalishda ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini arzonlashtirish bo‘yicha Ishchi guruh tarkibi;

“Haj” va “Umra” ziyoratlarini yuqori saviyada va tizimli tashkil etish xamda ushbu yo‘nalishda bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Ishchi guruhga:

Saudiya Arabistoni qirolligiga joriy yil 7-10 mart kunlari xizmat safarini amalga oshirish;

“Haj” va “Umra” ziyoratlarini tashkil etish mexanizmlari va bozorlarini o‘rganish;

ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yuqori va ko‘p yillik tajribaga ega turizm kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish;

Saudiya Arabistoni qirolligida “Haj” ziyoratlarini tashkil etuvchi mahalliy turizm kompaniyalarining xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng maqbul takliflarini tanlash, bunda xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan mehmonxona, transport, ovqatlanish va boshqa xizmatlarning sifatiga, shu jumladan yaratilgan qo‘shimcha shart-sharoitlarga alohida e'tibor qaratish;

2020 yildan boshlab 2000 nafardan ortiq ziyoratchilarga “Umra” safarini tashkil etgan, onlayn platformada tashkil etilgan resurslardagi ziyoratchilarning ijobiy xulosalariga ega bo‘lgan turizm faoliyati sub'yektlariga “Haj” tadbirlarini amalga oshirish huquqini berish bo‘yicha taklif ishlab chiqish vazifalari yuklatildi.

Belgilanishicha, Ishchi guruhning xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi, so‘ngra tegishli tasdiqlovchi hujjatlar asosida haqiqiy xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira fondidan turizm jamg‘armasiga qoplab beriladi.

Tashki ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni qirolligining “Haj” va “Umra” ziyoratlarini amalga oshirish bo‘yicha mas'ul davlat tashkilotlari hamda ziyoratlarni tashkil etish faoliyati bilan shug‘ullanadigan kompaniyalarning vakillari bilan muzokaralar olib borish ishlari tashkil etilishini ta'minlaydi.

“Haj” va “Umra” tadbirlarining tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, ziyoratlarni yuqori saviyada va tizimli tashkil etish hamda ushbu yo‘nalishda ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini arzonlashtirish bo‘yicha Ishchi guruh tarkibi

1. A. Abduhakimov - O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri o‘rinbosari, Ishchi guruh rahbari;

2. A. Jo‘raboyev - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, madaniyat, ma'naviyat, ommaviy axborot vositalari. ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati;

3. J. Akramov - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi;

4. A. Zakirov - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, madaniyat, ma'naviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi

5. U. Alimov - O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi

6. Muhammad Yusuf Ismoil Muhammad Sodiq - “Hilol-nashr” nashriyot-matbaa korxonasi raisi

Ishchi guruh a'zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid